Sportchi va murabbiylarga davlat mukofotlari topshirildi

0
117
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 avgust kuni XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashdi.

Tadbirda Milliy Olimpiya qoʻmitasi va sport federatsiyalari rahbarlari, sportchilarning ota-onalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.

Davlatimiz rahbari barchani Oʻzbekiston milliy terma jamoasining ulkan gʻalabasi bilan tabrikladi.

Maʼlumki, ushbu Olimpiya oʻyinlari 23 iyuldan 8 avgustgacha Yaponiya poytaxti Tokio shahrida boʻlib oʻtdi. Unda 17 ta sport turi boʻyicha 71 nafar vakilimiz qatnashdi. Bu yurtimiz sporti tarixidagi eng yuqori koʻrsatkichdir.

Avvaldan ham, musobaqa paytida ham sportchi va murabbiylarga kerakli sharoitlar yaratib berildi. Ular 3 ta oltin va 2 ta bronza medalni qoʻlga kiritib, 200 dan ziyod davlat orasida umumjamoa hisobida 32-oʻrinni egalladilar. Shu tariqa, mamlakatimiz Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa birinchi oʻrin boʻldi. Shuningdek, atletlarimiz 3 ta Olimpiya rekordini yangilab, jahon sporti tarixida yorqin sahifa ochdi.

Jamoamizga ilk oltin medalni 19 yoshli taekvondochi Ulugʻbek Rashidov keltirdi. U bunday muvaffaqiyatga erishgan yurtimizdagi eng yosh sportchi boʻldi.

Ogʻir atletikachi Akbar Joʻrayev umumiy hisobda 430 kilogramm tosh koʻtarib, Olimpiya rekordini oʻrnatdi va Vatanimizga ikkinchi oltin medalni keltirdi.

Mohir bokschi Bahodir Jalolov, Prezidentimizga bergan vaʼdasining ustidan chiqib, eng ogʻir vazn toifasida Olimpiya oʻyinlari gʻolibi boʻldi.

Yurtimiz yakkakurashlar maktabining umidli vakillari – dzyudochi Davlat Bobonov va erkin kurashchi Behzod Abdurahmonov bronza medallarini qoʻlga kiritdilar.

Prezidentimiz ushbu sportchilarning ota-onalari va murabbiylariga alohida rahmatlar aytdi.

– Tomirlarida Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Pahlavon Mahmud, Zahiriddin Bobur kabi buyuk ajdodlarimizning kuch-gʻayrati joʻsh urib turgan, ularga har tomonlama munosib boʻlgan avlodgina bunday ulkan ishlarga qodir boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yurtimizda ayollar sporti rivojlanib borayotgani eʼtirof etildi. Buni Tokio Olimpiadasida 28 nafar sportchi qizlarimiz qatnashganida ham koʻrish mumkin. Bu mustaqil Oʻzbekiston tarixida rekord natijadir.

Davlatimiz rahbari dunyo miqyosida shuhrat qozongan qahramon sportchimiz Oksana Chusovitina haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. U sport gimnastikasi boʻyicha ketma-ket 8 marta Olimpiya oʻyinlarida qatnashgan. Bu jahon sporti tarixida noyob hodisa boʻlib, Ginnesning Rekordlar kitobiga kiritilgan. Shu bois uning ishtiroki Tokio Olimpiadasining muhim voqealaridan biri sifatida eʼtirof etildi.

– Bunday afsonaviy sportchimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning jasorati, irodasi, gʻalabaga qatʼiy intilishi yosh sportchilar uchun ulkan muvaffaqiyat va shon-sharaf maktabi boʻlib qoladi, – deya taʼkidladi Prezident.

Vatanga muhabbati, sportga fidoyiligi va ulkan xizmatlari uchun Oksana Chusovitinaga “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sport ustozi” unvoni berildi.

Vazirlar Mahkamasiga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolovning sport maktablarini tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.  

Prezidentimiz qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha mamlakatimiz tarixida birinchi marta Olimpiadada qatnashgan 18 yoshli Zaynab Dayibekova, ogʻir atletika bahslarining eng yosh ishtirokchisi boʻlgan 19 yoshli Kumushxon Fayzullayevani ham tilga oldi.

– Mana, koʻrib turibsizlar, Oʻzbekistonning jasur sportchi qizlari xalqaro maydonlarga dadil kirib kelmoqda. Barchamiz ularga chin qalbdan tasanno aytamiz. Ayni vaqtda men sportchi yigitlarimizga qarab aytmoqchiman: agar qattiq gʻayrat qilmasalaringiz, qizlarimiz hademay sizlardan oʻtib ketadi, – deya lutf qildi Shavkat Mirziyoyev.

Maʼlumki, yurtimizda Olimpiya oʻyinlarining gʻoliblari 200 ming AQSH dollaridan, kumush medal sohiblari 100 ming va bronza medal egalari  50 ming AQSH dollaridan mukofot puli bilan taqdirlanishi belgilab qoʻyilgan.

Davlatimiz rahbari sportchilarni murosasiz kurashlarga tayyorlashda murabbiylarning xizmatlari katta ekanini alohida taʼkidladi. Shu bois Olimpiada chempionlarining murabbiylari 40 ming AQSH dollaridan, bronza medal sohiblarining ustozlari 20 ming AQSH dollaridan mukofotlanishi aytildi.

Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish va unda ishtirok etishning oʻzi ham bir muvaffaqiyat. Buning uchun sportchi koʻp yillar davomida mashgʻulot olib boradi, oʻzini shunga bagʻishlaydi. Shuni hisobga olib, bunday sportchilarning har biri 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilishi maʼlum qilindi.

Tadbirda 2024 yilda Parijda boʻladigan Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik borasidagi vazifalar ham koʻrsatib oʻtildi.

Avvalo, sport menejmenti boʻyicha xalqaro kompaniyani jalb etgan holda, sohaning har bir boʻgʻinini auditdan oʻtkazish, uning natijalari asosida jismoniy tarbiya va sportni hamda sport federatsiyalari boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish vazifasi qoʻyildi.

Faqat yakkakurashlar bilan cheklanmasdan, jamoaviy sport turlari boʻyicha ham yoʻllanmalarni qoʻlga kiritish muhimligi taʼkidlandi.

Sport boʻyicha taʼlim sifatini yaxshilash, zamonaviy metodika va  amaliyotlarni joriy etish, iqtidorli sportchilarni saralash va tarbiyalash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

– Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislarni va sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak, – dedi Prezident.

Olimpiya zaxiralari kollejlarida qabul kvotalarini butunlay qayta koʻrib chiqish va ularda taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha topshiriq berildi.

Mamlakatimizda 329 ta sport maktabi bor. Ularda 13 ming nafardan ziyod murabbiylar ishlamoqda, 328 mingdan ortiq yoshlar sportning 30 dan ortiq turi bilan shugʻullanmoqda. Biroq bu maktablarning hammasi ham samarali faoliyat koʻrsatayapti, deb boʻlmaydi. Ayrimlaridan bironta respublika chempioni yetishib chiqmagan.

Shuning uchun 2021 yildan boshlab har bir sport maktabiga davlat buyurtmasi berish tizimini joriy etish, ularda sport razryadi va unvonlarga ega oʻgʻil-qizlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratish zarurligi taʼkidlandi.

Respublika miqyosidagi chempionatlarning saviyasi tushib ketgani, raqobat kamligi koʻrsatib oʻtildi. Jamoaviy sport turlari boʻyicha hududlardan jamoalar yetarlicha ishtirok etmayapti. Federatsiyalar esa chempionatlarni bor-yoʻgʻi 4-5 ta jamoa ishtirokida, nomiga oʻtkazish bilan cheklanmoqda.

Shu bois Turizm va sport vazirligining tuzilmasini hamda jamoaviy sport musobaqalari oʻtkazishni takomillashtirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holati hamda farmakologik taʼminotini yaxshilash, bunda ilgʻor xorijiy tajriba bilan birga, ilmiy yondashuv va xalq tabobatini qoʻllash muhimligi taʼkidlandi. Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, u yerda sport psixologiyasi va diyetologiyasi boʻlimlarini tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatlarining gʻolib va sovrindorlarini hamda ularning murabbiylarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari belgilandi.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash va chempionatlar oʻtkazish tizimini toʻliq raqamlashtirish, Olimpiya zaxiralari platformasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 12 avgustdagi farmoniga muvofiq, Tokio shahrida boʻlib oʻtgan XXXII yozgi Olimpiya oʻyinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhi faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Sportchi va murabbiylar, ota-onalar soʻzga chiqib, yuksak hurmat va eʼtibor uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.