Sportchilarni tayyorlash tizimini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi

0
60
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni sport taʼlimini rivojlantirish va Olimpiya zaxiralarini tayyorlash masalalariga doir taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bugungi kunda mamlakatimizda 15 ta olimpiya zaxiralari kolleji, 344 ta sport maktabi va 7 ta oliy sport mahorati maktabi faoliyat yuritmoqda. Ularda 380 ming nafar yoshlar 100 dan ortiq sport turi bilan muntazam shugʻullanmoqda.

Soʻnggi uch yilda Olimpiya zaxiralari kollejlari oʻquvchilari xalqaro musobaqalarda 723 ta, respublika turnirlarida 10 mingdan ziyod medallarni qoʻlga kiritgan. Qariyb 4 ming 500 nafar oʻquvchi Oʻzbekiston milliy terma jamoalariga qabul qilingan.

Bu sohani yanada rivojlantirish uchun sport taʼlimi muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, murabbiylar malakasini oshirish zarur.

Xususan, ushbu muassasalarda ishlayotgan 14 mingga yaqin murabbiylarning qariyb 6 ming nafari oliy maʼlumotga ega emas. Shuningdek, joylarda ot sporti, zamonaviy besh kurash, regbi, oʻq otish, kamondan otish, velosport, suvga sakrash va sinxron suzish boʻyicha murabbiylar yetishmaydi.

Taqdimotda sport taʼlimi tizimini tubdan yaxshilash, zamonaviy dastur va metodikalarni joriy etish, muassasalarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Olimpiya zaxiralari kollejlari hamda jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalari infratuzilmasini yaxshilab, sport taʼlimini takomillashtirish, oʻquvchi va talabalar sonini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Sohadagi taʼlim muassasalarining Paralimpiya boʻlimlariga 10 foizgacha qoʻshimcha kvota ajratilishi hamda ota-onalar tomonidan toʻlov tartibi bekor qilinishi belgilandi. Shuningdek, qizlar uchun kvotani koʻpaytirish orqali Xalqaro olimpiya qoʻmitasining gender tenglikka doir tamoyillari taʼminlanadi.   

Seleksiya ishlarini kuchaytirish, bu jarayonda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlab, korrupsiya holatlariga barham berish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Olimpiya zaxiralari kollejlariga oʻquvchilarni qabul qilish, iqtidorli sportchilarni saralash va musobaqalar tashkil etish boʻyicha elektron platformani ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Prezidentimiz Olimpiya zaxiralari kollejlarini sport federatsiyalari bilan uzviy bogʻlash, iqtidorli yoshlarni oʻstirishda promouter, skaut, agent kabi mutaxassislar faoliyatini keng qoʻllash va bu yoʻnalishlarni rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.

Sportchilarning jismoniy, tibbiy va psixologik holatini hamda farmakologik taʼminotini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi. Sportchilarni tayyorlash va oʻquv muassasalarini boshqarish tizimini ilmiy asoslangan ravishda rivojlantirish zarurligi aytildi.

2021-2022 oʻquv yilidan boshlab, sport maktablarida davlat buyurtmasi asosida razryadli va unvonli sportchilarni tayyorlash yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. 

Murabbiylar yetishmayotgan sport turlari boʻyicha malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, ularga mahalliy murabbiy va talabalarni biriktirib, tajribasini oʻrganish kerakligi qayd etildi.  

 Sport taʼlimi muassasalarini qurish va taʼmirlash, zamonaviy jihozlar va sport adabiyotlari bilan taʼminlash boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.

Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Sportchilarimiz Yaponiya poytaxti Tokio shahrida boʻlib oʻtadigan ushbu nufuzli musobaqaga jami 126 ta yoʻllanmani qoʻlga kiritgan.

Davlatimiz rahbari sportchi va murabbiylarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yaxshi natijalarga erishishi uchun barcha sharoitlarni yaratish zarurligini taʼkidladi. Shu bilan birga, 2024 yili Fransiyada boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikni hozirdan boshlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.