Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 may kuni sportni ommalashtirish va iqtidorli sportchilarni tayyorlash chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Mamlakatimizda sport infratuzilmasi izchil rivojlantirilib, yoshlarning qiziqishlari qoʻllab-quvvatlanmoqda. Soʻnggi besh yilda 118 ta yangi sport majmuasi foydalanishga topshirildi va 110 tasi rekonstruksiya qilindi. Barcha mahallalardagi yoshlarni sportga jalb etish boʻyicha ilk bor “besh bosqichli” musobaqalar boshlandi. Aprel-may oylarida oʻtgan birinchi va ikkinchi bosqichlarda 3 milliondan ziyod yoshlar ishtirok etdi.
Lekin qobiliyatli yigit-qizlarni saralab, professional sportchilarga aylantirishga eʼtibor yoʻq. Bunda boshlangʻich tizim boʻlgan sport maktablari bilan Olimpiya zaxiralari kollejlari va Oliy sport mahorati maktablari oʻrtasida uzviylik yoʻlga qoʻyilmagan. Misol uchun, 190 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktabida bor-yoʻgʻi 10 ta olimpiya sport turi oʻrgatiladi. Sport federatsiyalari Olimpiya zaxiralari kollejlari bilan ishlashni oʻz holiga tashlab qoʻygan.
Shu bois yigʻilishda sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish boʻyicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Unga koʻra, endi har bir mahallada aprel-iyun va sentyabr-dekabr oylarida musobaqalar tashkil etilib, yaxshi natija koʻrsatgan yoshlar elektron roʻyxatga kiritiladi hamda hududdagi sport maktabida malakali murabbiylar bilan bepul shugʻullanish imkoniga ega boʻladi. Ular jismoniy tayyorgarlik darajasi va razryadiga qarab, keyingi bosqichga oʻtkaziladi. Sport maktablari muayyan olimpiya sport turlari boʻyicha bazaga aylantiriladi. Murabbiylarning ish haqi 35 foizga oshiriladi.
Mutasaddilarga ushbu tizimni joriy etib, yaxshi natija koʻrsatgan mahallalarni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Yil yakunigacha 508 ta mahallada koʻp funksiyali sport maydonchalari qurilishi qayd etildi.
Bugungi kunda Olimpiya zaxiralari kollejlariga 14 yoshdan katta oʻsmirlar qabul qilinmoqda. Oqibatda yoshlarni Olimpiya oʻyinlariga tayyorlash kech boshlanayapti.
Shu bois, bu borada rivojlangan davlatlardagi ilgʻor tajribalar oʻrganildi. Endi u asosida sportchilarni professional tayyorlash tizimi isloh qilinadi. Yaʼni, bu sohadagi kollejlar Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi sifatida tashkil etiladi. Bu markazlar 5-9-sinflar uchun Olimpiya maktabi, 10-11-sinflar hamda 1-2-kurslar uchun Olimpiya va paralimpiya kolleji boʻlib xizmat qiladi.
Sportni rivojlantirish vazirligi huzurida ilgʻor trener va xorijiy ekspertlardan iborat Murabbiylar kengashi tuzilib, musobaqalarda eng yuqori natijaga erishgan yoshlarni kollejlarga saralab oladi. Kollej bitiruvchilari esa kelgusida Oliy sport mahorati institutiga qabul qilinadi. Shu tariqa, professional sportchilar tayyorlashning uzluksiz tizimi yaratiladi.
Sportni rivojlantirish vazirligiga 20 ta istiqbolli olimpiya turini belgilab, ular boʻyicha hududiy “tayanch baza”larni tashkil etish vazifasi qoʻyildi.
Sohadagi ilmiy salohiyat ham talab darajasida emasligi aytildi. Mahalliy olimlar tomonidan birorta sport turi boʻyicha na metodika, na dastur ishlab chiqilgan. Bugungi kunda sportchilarni tayyorlash 30 yil oldingi dasturlar asosida amalga oshirilmoqda. Sport diyetologiyasi, farmakologiyasi, psixologiyasi, sport muhandisligi, kardio-mashgʻulotlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanmayapti.
Shu bois, olimpiya sport turlari boʻyicha sportchilarni jismoniy va ruhiy tayyorlash, sogʻlom ovqatlantirish dasturlarini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi. Kelgusi oʻquv yilidan boshlab Jismoniy tarbiya va sport universitetida sport diyetologiyasi, muhandisligi va kardio-mashgʻulotlar, Tibbiyot akademiyasida sport meditsinasi va farmakologiyasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish topshirigʻi berildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar va hokimlar axborot berdi.