Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli rejalar toʻgʻrisida axborot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Avvalo, ommaviy sportni va olimpiya harakatini yanada kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Yaqinda Parijda boʻlib oʻtgan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston sportchilari jami 39 ta medalni qoʻlga kiritib, yuzlab davlatlar orasida 13-oʻrinlarni egallagan edi. Bu mamlakatimiz sporti tarixida eng yuqori natijalar boʻldi.
Mazkur nufuzli musobaqalar gʻolib va sovrindorlari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari 2028 yilda Los-Anjelesda boʻladigan oʻyinlarga hozirdan tayyorgarlik koʻrish, yoʻllanmalar soni va turini koʻpaytirish zarurligini taʼkidlagan edi.
Shundan kelib chiqib, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari tomonidan sport turlari boʻyicha foydalanilmagan imkoniyatlar yana bir bor tanqidiy tahlil qilindi.
Misol uchun, Olimpiya oʻyinlarida yengil atletika boʻyicha 48 ta, suv sporti turlarida 49 ta dastur mavjud. Lekin vakillarimiz ularda 5 va 4 ta yoʻllanma bilan qatnashdi, xolos.
Tennis, oʻq otish, gimnastika, velosport boʻyicha federatsiyalar ham, sharoit ham bor. Yunon-rum kurashi, ot sporti, qilichbozlik, eshkak eshish boʻyicha hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻp. Chim ustida xokkey, basketbol, gandbol, regbi, suv polosi kabi jamoaviy sport turlarini ham rivojlantirish zarur.
Mazkur sport federatsiyalari ishini jonlantirish, oʻquv-mashgʻulotlar tizimini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Olimpiya va paralimpiya harakati ommaviy sportdan kuch olishi taʼkidlanib, mahallalarda seleksiya ishlarini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni professional etib tarbiyalash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Maʼlumki, kelgusi yil yurtimizda yoshlar oʻrtasida Osiyo va Paraosiyo oʻyinlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Buning uchun Toshkentda Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda.
U yerga tashrifi chogʻida Prezidentimiz bu majmua mamlakatimiz sportining ilmiy, amaliy, oʻquv-mashgʻulot markazi boʻlishi zarurligini aytgan edi.
Shunga muvofiq, Osiyo oʻyinlaridan soʻng, Olimpiya shaharchasi infratuzilmasidan samarali foydalanish koʻzda tutilmoqda. Buning uchun “Aqlli shahar” konsepsiyasiga asoslangan maʼmuriy boshqaruv tashkil etiladi. U sport majmualarini saqlash, jihozlar va texnik tizimlar holatini kuzatib borish, zarur hollarda taʼmirlash bilan shugʻullanadi. Ustuvor sport turlari boʻyicha yillik reja tasdiqlanib, hududlardagi sportchilarning Olimpiya shaharchasida oʻquv-mashgʻulot oʻtkazishi yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, bu tuzilmaga ommaviy tadbirlarni tashkil etish, ijara va boshqa xizmatlarni koʻrsatish huquqi beriladi.
Olimpiya harakati haqida gap ketganda, qishki oʻyinlarni ham nazardan qochirmaslik zarur. Shunday sport turlaridan biri bu xokkey.
Bugungi kunda bu boʻyicha 4 ta sport klubi va 3 ta sport inshooti mavjud. Xokkey boʻyicha U-16 terma jamoamiz 2023 yilda Osiyo va Okeaniya kubogida 1-oʻrin boʻlgan edi. Bu yil mazkur musobaqa ilk bor Oʻzbekistonda oʻtkazilib, U-18 terma jamoamiz gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Shularga asoslanib, bu sport turini rivojlantirish, keyinchalik Olimpiya shaharchasi hududida xokkey majmuasini qurish boʻyicha takliflar bildirildi.
Davlatimiz rahbari aholini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga keng jalb etish, xalqaro musobaqalarga tizimli tayyorgarlik koʻrish boʻyicha topshiriqlar berdi.