Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 oktyabr kuni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ishlar va rejalar bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Mamlakatimizda ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish boʻyicha katta marralar belgilangan. Bunda texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va metrologiya masalalari muhim ahamiyatga ega. Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 fevraldagi farmoniga asosan, sohadagi davlat boshqaruvi takomillashtirildi hamda yangi vazifalar qoʻyildi.
Soʻnggi yillarda 12 mingta standart tasdiqlangan edi. Yil boshidan buyon yana 1 ming 40 ta xalqaro standart qabul qilindi. Mahsulot xavfsizligi va sifatini taʼminlash maqsadida 29 ta texnik reglament ishlab chiqildi. Bular sanoat korxonalari va tadbirkorlarga yetkazilib, sertifikatlar olishiga koʻmaklashilayapti.
Mutasaddilar sohada qilingan ishlar, yil yakunigacha va keyingi yilga moʻljallangan rejalar boʻyicha axborot berdi.
Davlatimiz rahbari tashqi bozorlarga chiqish uchun samarali texnik tartibga solish tizimi shartligini taʼkidlab, qoʻshimcha vazifalarni belgilab berdi.
Bugungi kunda yurtimizdagi 269 ta laboratoriyadan atigi 64 tasida oʻtkazilgan sinovlar xalqaro darajada tan olinadi. Oqibatda tadbirkorlar mahsulotlarini eksportga olib chiqishda qoʻshimcha sinovlar oʻtkazishga majbur boʻlmoqda.
Shu bois xalqaro tan olinadigan laboratoriyalarni koʻpaytirish, elektr texnikasi, qurilish materiallari, mashinasozlik kabi sohalarda 10 ta yangi laboratoriya tashkil qilish zarurligi aytildi.
Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish yoʻlidan bormoqda. Texnik tartibga solish sohasidagi qonunchilikni ushbu tashkilot talablariga moslashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Bu yil 340 ta milliy standart, 2025 yil yakunigacha yana 38 ta reglament ishlab chiqiladi. 28 ta texnik qoʻmita, laboratoriyalar faoliyatini raqamlashtirish ham muhim. Buning uchun “Texnik tartibga solish” elektron platformasi ishga tushiriladi.
Sohada sifat va samarani taʼminlash uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, xalqaro standartlar asosida ishlaydigan mutaxassislar kerak. Shu bois sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha topshiriq berildi.