Prezident Shavkat Mirziyoyev 13 iyun kuni standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasidagi samaradorlikni oshirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Isteʼmol madaniyati rivojlangan bugungi kunda sifat birinchi oʻringa chiqmoqda. Bu borada butun dunyoga tushunarli “til” bu – standart.
Mamlakatimizda ham barcha sohalarda xalqaro andozalar joriy etilmoqda. Masalan, qishloq xoʻjaligi korxonalarida “Global G.A.P.” va “Organic”, toʻqimachilikda “Oeko-Tex” standarti asosida mahsulotlar tayyorlanmoqda. “GSP+” tizimi doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotlarni Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilish imkoniyati yaratildi.
Bu sohada jahon bozoriga muvofiqlikni taʼminlash maqsadida, davlatimiz rahbarining 2021 yil 2 iyundagi farmoniga asosan, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tizimiga oʻtkazilib, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi sifatida qayta tashkil etilgan edi.
Lekin bu sohaning oʻzida sifatni oshirish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, ishlab chiqaruvchilarga yoʻl koʻrsatib, eksportni koʻpaytirish boʻyicha hali oʻzgarish sezilmayapti. Standart, karantin, veterinariya idoralari hamda gigiyenik laboratoriyalar yagona siyosat yuritmasdan, tadbirkorga koʻmakchi boʻlmayapti. Hududlarda 150 ta laboratoriyaga ehtiyoj mavjud. Misol uchun, quritilgan mevani eksport qilish uchun 27 xil tahlil qiladigan laboratoriya kerak. Lekin, birontayam bunday muassasa yoʻq. Koʻp tadbirkorlar bu muammolarni mahsulotini Yevropaga olib borganidan keyin bilayapti.
Shu bois yigʻilishda standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalarida samaradorlikni oshirish, muvofiqlikni baholash jarayonlariga zamonaviy uslublarni joriy qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi va tarmoq rahbarlariga har bir mahsulot boʻyicha masalani chuqur oʻrganib, kerakli standartlarni joriy qilish va laboratoriyalarni yangilash vazifasi qoʻyildi. Bu orqali xalqaro standartlarga mos korxonalar sonini 3 baravar oshirib, 1 ming 200 taga yetkazish mumkin.
Xususan, Chirchiqdagi “Oʻzteks” korxonasida mahsulotlarni Yevropa talablari asosida sinovdan oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgach, eksporti oshgan. Prezident bunday laboratoriyalarni toʻqimachilik, charm-poyabzal, elektr texnikasi, mashinasozlik va kimyo sanoati korxonalarida ham tashkil qilish zarurligini taʼkidladi.
Yil yakunigacha sanoat sohalari boʻyicha 27 ta xalqaro koʻrgazmada ishtirok etib, tadbirkorlarni Yevropa bozoriga olib chiqish yuzasidan koʻrsatma berildi.
Agrar tarmoqda ham ijobiy tajribalar bor. Masalan, Samarqand tumanidagi “Sam frut” korxonasida meva-sabzavot va koʻkatlarni daladan eksportga tayyorlashgacha boʻlgan jarayon xalqaro talablar asosida tashkil etilgan. Bu yil korxona Yevropaga 10 million dollar eksport qilishni rejalagan.
Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligiga viloyat hokimlari bilan birga, meva-sabzavot yetishtirilayotgan 200 ming gektar maydonni xalqaro talablarga moslashtirish vazifasi qoʻyildi.
Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini taʼminlash maqsadida Qoraqalpogʻiston va viloyat markazlaridagi 14 ta laboratoriyani xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish, 13 ta hududiy agrokimyo laboratoriyasini zamonaviy jihozlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Davlat bojxona qoʻmitasiga eksport, import va tranzit boʻyicha barcha sertifikat va ruxsatnomalarni “Yagona darcha” axborot tizimi orqali yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Korxona va tashkilotlarning 3 ming nafar mutaxassislarini standartlashtirish sohasi boʻyicha qoʻshimcha oʻqitish muhimligi qayd etildi.