Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev muzokaralarni ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Davlatimiz rahbari koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligining barcha yoʻnalishlarida salmoqli natijalarga erishilayotganini taʼkidladi.
— Xalqlarimiz tarixi va taqdiri chambarchas bogʻliq, biz etu tirnoq boʻlib ketganmiz, dolzarb masalalarni birgalikda hal qilayapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz shu kunlarda butun Oʻzbekiston boʻylab qozoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Abay Qoʻnonboyevning hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bunday tadbirlar xalqlarimiz bir-birining shonli tarixi va bugungi hayotiga katta qiziqish bilan qarayotganini tasdiqlab, doʻstlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
— Bugun ikkita tarixiy hujjatni imzolaymiz. Qardosh xalqlarimizning tub manfaatlariga javob beradigan hamda Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlari tarixida yangi bosqich boshlaydigan Ittifoqchilik toʻgʻrisidagi shartnomani alohida qayd etmoqchiman.
Ittifoqchilik – davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasi, oʻzaro ishonch belgisi. Shu bilan umumiy kelajagimizni birgalikda qurishga intilishimizni tasdiqlayapmiz.
Davlat chegaralarini demarkatsiya qilish toʻgʻrisidagi shartnoma aloqalarimiz mustahkamligidan dalolat beradi, mintaqada tinchlik va xavfsizlik maqsadlariga xizmat qiladi. Chegaralarimiz doimo doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik hududi boʻlgan va shunday boʻlib qoladi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qozogʻiston Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarning bugungi yuksak darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi.
— Mushtarak tarixga, xalqlarimizning qardoshlik rishtalariga tayanib, Qozogʻiston va Oʻzbekiston mustahkam, uygʻun munosabatlarni yoʻlga qoʻydilar, — dedi Qasim-Jomart Toqayev.
Qozogʻiston yetakchisi bugun imzolanadigan shartnomalar yangi ufqlar ochishi hamda ikki mamlakatning yanada yaqinlashishga mushtarak intilishlarini toʻliq ifoda etishini taʼkidladi.
Shavkat Mirziyoyevga bunyodkorona siyosati va Qozogʻiston-Oʻzbekiston munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshayotgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidlab, ushbu islohot Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor boʻlishiga ishonch bildirdi.
Ikki tomonlama hamkorlikning oʻzagi iqtisodiyot ekani, ikki mamlakatning ulkan salohiyatidan foydalanishga eʼtiborni kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Xususan, oxirgi besh yilda oʻzaro savdo hajmi ikki barobardan ziyodga ortdi, joriy yil yakunida esa besh milliard dollarga yaqinlashadi. Talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish orqali yaqin yillarda tovar ayirboshlashni karrasiga oshirish maqsadida Bosh vazirlar oʻrinbosarlari boshchiligida ishchi guruh tuzish va qoʻshma tashqi savdo kompaniyasini tashkil etishga kelishib olindi.
Kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi. Bugun energetika, avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, qurilish, logistika va boshqa sohalarda yirik loyihalarga start berilishi mamnuniyat bilan qayd etildi.
— Hozirda loyihasi ishlab chiqilayotgan Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi yangi loyihalarni shakllantirish uchun muhim maydon boʻlishiga ishonaman, — dedi davlatimiz rahbari.
Hududlar oʻrtasidagi hamkorlikning ulkan salohiyatidan maksimal darajada foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Jumladan, kuni kecha oʻtgan biznes forum yangi investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarning salmoqli toʻplami imzolandi.
Yana bir muhim yoʻnalish – energetika. Davlat rahbarlari energetika quvvatlarini modernizatsiya qilish va qurish, geologiya qidiruvi va tabiiy gazni chuqur qayta ishlash boʻyicha loyihalarni ilgari surishga kelishib oldilar.
Tranzit salohiyatidan foydalanish va uni oshirish hamkorlikning muhim sohalaridan biri sifatida qayd etildi.
— Bugun biz yuk tashishlarning barqaror oʻsishiga erishdik, ikki tomonlama va tranzit tashishlar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishdik.
Yuk tashish hajmini bir necha barobar oshirish maqsadida transport infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni tezlashtirishga ahdlashib oldik, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentlar parlamentlararo muloqotlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada mustahkamlash va kengaytirish muhimligini taʼkidladilar.
— Oliy darajadagi barcha kelishuvlar ijrosini monitoring qilish uchun Parlamentlararo kengash imkoniyatlaridan foydalanish zarur, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Prezidentimiz Ostona shahri markazida buyuk oʻzbek shoiri, davlat arbobi Alisher Navoiy haykalini oʻrnatish haqida qaror qabul qilingani uchun minnatdorlik bildirdi.
— Bu umumiy tariximiz va madaniyatimizga katta ehtiromning yorqin tasdigʻi, qardosh xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik rishtalari abadiyligi ramzidir, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari umumiy madaniy-tarixiy merosimizni oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish, shu maqsadda TV, radio va veb-saytdan iborat qoʻshma axborot resursini tashkil etish, buyuk yozuvchi va shoirlarimiz asarlarini nashr qilishni taklif etdi.
Muzokaralar yakunida ikki davlat hukumatlariga erishilgan barcha kelishuvlar ijrosini qatʼiy nazoratga olish va tegishli “yoʻl xaritasi”ni kelishish topshirildi.Oʻzbekiston-Qozogʻiston sammiti yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tarixiy hujjatlar – Ittifoqchilik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida shartnoma va Oʻzbekiston-Qozogʻiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish toʻgʻrisida shartnomani imzoladilar.
Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari, yirik kompaniyalari darajasida koʻp qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 15 ta hujjat qabul qilindi.
“Markaziy Osiyo” Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini tashkil etish toʻgʻrisida, Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida, Oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimlar, 2000 yil 7 iyuldagi Fuqarolarning oʻzaro kelib-ketish shartlari toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida bayonnoma shular jumlasidan.
Shuningdek, strategik islohotlar, elektron savdoni rivojlantirish, oʻrmon xoʻjaligi, davlat xizmati sohalarida memorandumlar, Toshkent va Turkiston, Navoiy va Qiziloʻrda, Jizzax va Turkiston viloyatlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “yoʻl xarita”lari, energetika, kimyo sanoati, transport va logistikada loyihalar amalga oshirish boʻyicha bitimlar qabul qilindi.
Tashrif doirasida jami 8 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari imzolandi.