Sud faoliyatini yanada yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi

0
41
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni sud faoliyatini yanada yaxshilash, ochiqlik va raqamlashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Inson manfaatlari, qonun ustuvorligini taʼminlaydigan bu sohani takomillashtirish davlatimizning doimiy eʼtiborida. Soʻnggi sakkiz yilda sudlarga doir 70 ga yaqin qonun, farmon va qaror qabul qilindi. Ularning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi.

Bular aholi va tadbirkorlarning masalalarini hal etib, adolatni qaror toptirishga xizmat qilayapti. Oʻtgan yili sudlarda 3 milliondan ortiq masala koʻrib chiqildi. Bu – aholining huquqiy ongi oshib borayotganidan dalolat.

Hozirgi kunda sudga ariza berish, sud ishining holatini kuzatish, sud hujjatlaridan elektron nusxa olish kabi 14 ta xizmat raqamlashgan. Oliy sudning my.sud.uz portalida xizmatlar va undan foydalanuvchilar soni koʻpayib bormoqda. Shu paytgacha 17 millionga yaqin sud ishi axborot tizimlari orqali yuritilgan, 15,5 millionta ish sudyalarga inson omilisiz taqsimlangan.

2024 yil 1 noyabrdan boshlab, sudlarning ichki hujjatlar aylanmasi toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi. Natijada qisqa davrda davlat byudjetidan 638 million soʻmlik xarajatlar iqtisod qilindi.

Endi buni izchil davom ettirish, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish kerak. Xususan, sud muhokamasining taxminiy natijasi va ketadigan xarajatlarni oldindan aniqlab berish, huquqiy yordam boʻyicha virtual maslahatchini yaratish, tayinlangan jarimalarni onlayn kuzatish va elektron shaklda toʻlash kabi imkoniyatlar odamlarga katta qulaylik yaratadi. Bugun rivojlanayotgan sunʼiy intellektdan foydalanib, bu kabi koʻplab yangiliklarni joriy etish mumkin.

Shu bois yigʻilishda sud faoliyatini raqamlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Taqdimotga koʻra, sud ishlarini yuritishda qogʻoz shaklidan butunlay voz kechish maqsadida “Raqamli sud” konsepsiyasi amalga oshiriladi. Buning uchun Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi. U sudlarga zarur boʻlgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar yaratish, sunʼiy intellektni joriy etish hamda axborot xavfsizligini taʼminlash bilan shugʻullanadi. Tadbirkorlik subyektlari bilan sudlar oʻrtasida elektron maʼlumot almashish yoʻlga qoʻyiladi. Ishlarni koʻrib chiqish tezkorligi oshadi.

Davlatimiz rahbari buning uchun sudlar va barcha aloqador tashkilotlarning axborot tizimlari integratsiyasi muhimligini, qulayliklarni odamlar sezishi kerakligini taʼkidladi.

Bu ishlarni kengaytirish, huquq-tartibot idoralari maʼlumotlarini sudlar bilan samarali bogʻlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Har yili sudlarda 1 millionga yaqin nizosiz ishlar ham koʻrilayapti. Masalan, oʻtgan yili fuqarolik sudlarida kommunal qarzdorlik boʻyicha 200 mingga yaqin shunday ish koʻrilgan. Aslida buni notariusda ham hal qilsa boʻladi. Shu nuqtai nazardan, nizosiz ishlarni koʻrib chiqishni tegishli idoralarga oʻtkazish taklifi bildirildi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasiga koʻra, Oliy sudga qonunchilik tashabbusi vakolati berilgan. Shunga asosan, tadbirkorlik, investitsiya, infratuzilma, yer, soliq, kredit, mehnat munosabatlari kabi eng koʻp uchrayotgan masalalarni tahlil qilib, har oyda hukumatga, har chorakda parlamentga taklif kiritib borish muhimligi taʼkidlandi.

Sohaga oid qonunlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, sudni yanada xalqchil qilish, tizimni moliyalashtirish boʻyicha qonunlar zarurati qayd etildi.

Iqtisodiy sud tizimini isloh qilish, bu borada yagona sud amaliyotini yoʻlga qoʻyish masalasiga toʻxtalib oʻtildi.

Sud binolarida odamlar uchun zarur sharoit yaratish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Sudyalar malakasini, jumladan, axborot texnologiyalari boʻyicha bilimini oshirish, yosh kadrlarni shu jihatlardan yetuk etib tayyorlash zarurligi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.