Sud sohasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi

0
73
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 noyabr kuni odil sudlovni taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Sudlar faoliyati, avvalo, inson taqdiriga, barcha sohalar tartibi va taraqqiyotiga daxldor masaladir. Shuning uchun ham mamlakatimizda sudlar mustaqilligini mustahkamlash, ishlarni koʻrishda xolislik, adolat va qonuniylikni taʼminlash choralari koʻrilmoqda. Soʻnggi olti yilda bu tizimga oid 50 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi.

Shu davrda nohaq ayblangan 4 ming kishiga oqlov hukmi chiqarilgan, 26 mingdan ziyod shaxs sud zalidan ozod qilingan, 47 ming fuqaroga nisbatan tergovda qoʻyilgan moddalar ayblovdan chiqarilgan.

Sud tizimiga ishonch ortgani iqtisodiyot va tadbirkorlik rivojiga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Xususan, olti yilda korxonalar soni 2 baravarga oshib, 530 mingtaga yetgan. Yurtimiz iqtisodiyotiga 39 milliard dollar xorijiy investitsiya kirib kelgan. Bugungi kunda 15 mingdan ortiq xorijiy va qoʻshma korxonalar faoliyat yuritmoqda.

Mamlakatimizning Taraqqiyot strategiyasida sud jarayonida tomonlarning haqiqiy tenglik va tortishuv tamoyillarini roʻyobga chiqarish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish maqsadi ham belgilangan. Shundan kelib chiqib, mutasaddi va mutaxassislar xalq bilan muloqot qilib, sohadagi muammolarni oʻrgangan.

Yigʻilishda ana shu muammolar tahlil qilinib, sohani isloh qilish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, har yili oʻrtacha 1 million 500 ming aholi sudlarga murojaat qiladi. Viloyat sudlari odil qaror chiqarish boʻyicha yetarlicha masʼuliyat olmayotgani sababli ovoragarchiliklar koʻp. Misol uchun, yil boshidan buyon 18 ming fuqaro viloyat sudlari qabul qilgan qarorlardan norozi boʻlib, Oliy sudga kelgan.

Sudlarda ishlarni koʻrib chiqish eskicha davom etayapti. Advokatlarning oʻrni yuqori emas. Tergovchilar oʻz ustida ishlamay qoʻygan.

Sudga aralashuvlarning oldini olish uchun sudyalarning vakolat muddati uzaytirildi, maoshi keskin oshirildi. Ularni lavozimga tayinlash Sudyalar oliy kengashiga oʻtkazildi. Lekin bu borada haliyam ayrim boʻshliqlar bor.

Shu bois Prezident sudlarda tortishuv muhitini shakllantirish, huquq-tartibot idoralari ishini takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Viloyat sudlari masʼuliyatini oshirish, jinoyat ishini ayblov xulosasi va himoyachi fikri bilan birga qabul qilishni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Sudyalar oliy maktabini tubdan isloh qilish, tuman va viloyat sudlari uchun mol-mulk, oila, soliq, mehnat munosabatlariga ixtisoslashgan sudyalar tayyorlash muhimligi taʼkidlandi. Sudyalar hamjamiyatining vakolatlarini kuchaytirish, sudyalar sonini bosqichma-bosqich koʻpaytirish taklifi maʼqullandi.

Davlatimiz rahbari sohada raqamlashtirishni kengaytirib, axborot tizimlarini uygʻun qilish, zamonaviy texnologiyalar orqali odamlarga qulayliklarni oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.