2021 yilda Termizda boʻlib oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi bilan bogʻliq muammoga alohida toʻxtalgan edi. Oʻsha paytda hududda markazlashgan tarmoqlar orqali ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 60 foiz atrofida edi.
Prezidentimiz bu borada “Toʻpalang” suv ombori ulkan va toza manba ekanini taʼkidlab, uni aholiga yetkazish boʻyicha loyiha tayyorlash vazifasini qoʻygan edi.
Haqiqatan ham, bu havzaga suv togʻlardagi qor va muz erishidan yigʻiladi. Tekshiruvlarga koʻra, bu suvning qattiqlik darajasi 4 foiz, foydali minerallarga boy va musaffo. Bundan foydalanib, Surxondaryo aholisi uchun muhim ijtimoiy loyiha amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida suv omboridan to Termiz shahrigacha 380 kilometr metall quvurlar tortiladi. Uning 159 kilometri magistral, 221 kilometri shahar va tumanlarni bogʻlovchi ichki tarmoqlardir. Shuningdek, suv tozalash, bosimni kamaytirish va suv yigʻish inshootlari quriladi. Bugungi kunda 147 kilometr quvur tortib boʻlindi. Suv tozalash, bosimni kamaytirish va 5 ta suv yigʻish inshooti barpo etildi.
16 noyabr kuni Sariosiyo tumani “Bogʻiston” mahallasida ushbu loyihaning birinchi bosqichini ishga tushirish marosimi boʻldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, “obi hayot” yoʻlini ochdi.
Mazkur bosqichda suv Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi va Qumqoʻrgʻon tumanlariga yetib bordi. Viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 70 foizga yetdi.
Yana bir muhim jihati, suv oʻz oqimi bilan tushishi tufayli 8,6 million kilovatt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 90 foizga yetkaziladi. Bundan Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 2 millionga yaqin aholi bahramand boʻladi. Loyihani 2024 yilda nihoyasiga yetkazish moʻljallangan.