Termiz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 17 noyabr kuni Surxondaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Hudud izchil rivojlanmoqda. Oldinda rejalar, imkoniyatlar ham koʻp. Xususan, 3 milliard 300 million dollarlik 4 ta yangi yirik sanoat loyihasi shakllantirilgan. Bular hisobiga viloyat iqtisodiyotiga yiliga 6,5 trillion soʻm, byudjetiga 1,6 trillion soʻm, eksportiga 100 million dollar qoʻshiladi, 2 mingta yuqori daromadli ish oʻrinlari ochiladi.
Jumladan, Boysundagi qariyb 3 milliard dollarlik gaz-kimyo majmuasida yiliga 5 milliard kub metr gaz tozalanib, 6 trillion soʻmlik tabiiy gaz va oltingugurt ishlab chiqariladi. Viloyatga yiliga oʻrtacha 120 million dollarlik eksport tushumi qoʻshiladi. Geologiya qidiruv ishlari kengaytirilib, yana 100 milliard kub metr gaz zaxiralari ochiladi.
– Surxondaryoda juda katta iqtisodiy salohiyat, yerosti va yerusti boyliklari, mard, mehnatkash xalqi bor. Hozircha bu salohiyatning yarmidan ham foydalanilmayapti. Sharoit yaratib, ish oʻrni, investitsiya, eksport va tushumni karra-karra oshirish lozim, – dedi davlat rahbari.
Shu bois kelgusi yili viloyatda 1,5 milliard dollar investitsiya olib kelib, sanoatda 12 trillion soʻm mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 500 million dollarga yetkazib, 100 million dollar importni qisqartirish vazifalari koʻrsatib oʻtildi. 400 ming aholini band qilish viloyat va tuman hokimlarining asosiy vazifasi boʻlishi kerakligi aytildi.
Viloyatga investitsiya jalb qilish va sanoatni rivojlantirishdagi eng katta zaxira – bu mavjud konlarni ishga solish ekani taʼkidlandi.
Sariosiyoda qoʻrgʻoshin, rux, oltin va oq marmar, Boysun va Sariosiyoda koʻmir, Sherobodda kaliy oʻgʻiti zaxiralarini oʻzlashtirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. Togʻli hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish vazifasi qoʻyildi.
Surxondaryo oʻzining tabiiy tuproq-iqlim sharoiti bilan ertaki mahsulotlarni yetishtirishda birinchi oʻrinda boʻlishi mumkin. Lekin, hosildorligi yuqori urugʻ va koʻchat bilan taʼminlashda muammolar bor. Shu bois Qishloq xoʻjaligi vazirligiga 10 ta tumanda in vitro laboratoriyalarini tashkil qilish topshirildi.
Kelgusi yilda dala chetlarida quritish va saralash uskunalari hamda 70 ta kichik sovutkichlar oʻrnatiladi. 100 ming gektarda ixcham issiqxonalar tashkil qilib, barra piyoz, brokkoli, rozmarin, rukkola, qizil rayhon, yalpiz kabi eksportbop ekinlar yetishtiriladi.
Angor, Jarqoʻrgʻon, Qumqoʻrgʻon, Oltinsoyda 6 ta saqlash, quritish va saralash markazi, Termiz tumanida Janubiy Koreya bilan birga 50 million dollarlik logistika xabi tashkil etilishi belgilandi.
Ingichka tolali gʻoʻza 15 foizgacha kam suv talab qiladi va erta pishadi. Shu bois bunday gʻoʻza navlari maydonini 50 ming gektargacha kengaytirish, uni qayta ishlashni 30 foizga yetkazish, molekulyar genetika va seleksiya boʻyicha qoʻshma loyiha va zamonaviy laboratoriya tashkil etishga topshiriq berildi.
Yigʻilishda suv tanqisligi muammosiga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Surxondaryoda 80 foiz yerlar nasos orqali sugʻoriladi. Suv tannarxi 2 barobar qimmatga tushayapti, yiliga 20 million kilovatt soat elektr behuda sarflanayapti.
– “Suv tekin emas”, degan gʻoyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish lozim, — dedi Prezident.
Mutasaddilarga 47 ta kanalni betonlash boʻyicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, suv yoʻqotilishi koʻp boʻlgan 6 tasini taʼmirlash boʻyicha topshiriq berildi.
Viloyatning turizm salohiyati ham yuqori. Bu yerda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm manzillari bor. Hozirda “Dalvarzintepa” yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil qilish boʻyicha ish boshlangan.
Buni davom ettirib, Boysundagi “Boybuloq”, “Teshiktosh” va “Machay” gʻorlari, Uzundara qalʼasini ham shunday muzeylarga aylantirish kerakligi taʼkidlandi. Sheroboddagi “Xatak” gʻori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasi jalb etiladi. Sangardak kabi yana 10 ta mahalla turizm qishlogʻiga aylantiriladi.
“Omonxona” sanatoriyasi taʼmirlanib, quvvati kengaytiriladi. Yana bitta yangi sanatoriy ham quriladi. Boysun, Oltinsoy, Sariosiyo va Sherobodda dor yoʻli, mehmonxona va savdo xizmatlarini tashkil qilish boʻyicha 200 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.
Yigʻilishda ijtimoiy masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Kasalliklarning oldini olish uchun har bir mahalla va dorixonalarda fitobarlar tashkil qilish, uy sharoitida qilinadigan mashqlar dasturi va sogʻlom ovqatlanish menyusini ishlab chiqish muhimligi taʼkidlandi.
“Boysun”, “Shalola”, “Boychechak”, “Bulbuli goʻyo” kabi badiiy jamoalarning xalqaro festivallarda ishtirok etishiga koʻmaklashish, doston va termalarning “Oltin fondi” yaratish zarurligi aytildi.
Surxon yoshlarini sportga jalb etishni kengaytirish boʻyicha alohida qaror qabul qilinishi belgilandi.
Yigʻilish davomida vazirlar va hokimlar, ziyolilar, tadbirkorlarning fikr va takliflari eshitildi.