Suv xoʻjaligi va farmatsevtika sanoatidagi loyihalar koʻrib chiqildi

0
67
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni suv xoʻjaligida va farmatsevtika sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Yigʻilish avvalida suv xoʻjaligidagi 4 ta katta masala tahlil qilindi. Bular – suv yoʻqotilishi, nasos stansiyalarining energiya isteʼmoli koʻpligi, suv zaxiralari kamligi hamda suv tejovchi texnologiyalar bilan bogʻliq.

Xususan, kanallarning foydali ish koeffitsiyenti pastligi va ichki tarmoqlarda suv koʻp yoʻqotilishi oqibatida qishloq xoʻjaligida yiliga 4 milliard 800 million dollar kam daromad olinayapti.

Shu bois Jizzax viloyati Paxtakor tumanida, tajriba tariqasida, yopiq quvurli sugʻorish tizimini joriy qilish moʻljallanmoqda.

Davlatimiz rahbari ushbu loyiha tashabbuskorining takliflarini eshitib, uni qoʻllab-quvvatladi. Bunday ishlarni suv yetkazib berish xarajatlari eng yuqori boʻlgan Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ham amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.

Bunga ilm bilan yondashib, loyiha xarajatlarini qisqartirish, yopiq quvurli sugʻorish tizimini joriy qilish boʻyicha ikki yillik dastur ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Maʼlumki, uzoq dalalarga suv nasos stansiyalari yordamida yetkaziladi. Ularning aksariyati eskiligi tufayli elektr energiyasi isteʼmoli juda yuqori. Hali birorta ham yirik nasos stansiyasi muqobil energiya manbaiga oʻtkazilmagan. Shartlar aniq belgilanmagani sababli koʻp tadbirkorlarning loyihalari toʻxtab turibdi, byudjetdan elektr uchun katta mablagʻlar sarflanayapti.

 Shu bois nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish, ularda muqobil energiya manbalarini joriy qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Bunga Toshkent Irrigatsiya instituti olimlari jalb qilinadi, samarali loyihalarga qulay shartlarda kreditlar beriladi.

Minataqamizda suv tanqis boʻlgan bir sharoitda, yurtimizda yiliga 1 milliard kub metr sel suvlari behuda oqib ketayapti.

Prezidentimiz sel suvlarini kichik manbalarda jamgʻarish mumkinligini, bu borada tashabbuskorlarni qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi.

Bunday loyihalar uchun 100 million dollar jalb qilinadigan boʻldi. Ularning hisobiga suv chiqqan maydonlar tadbirkorlarning oʻzlariga uzoq muddatga erkin foydalanish uchun beriladi.

Hozirgi kunda 450 ming gektar yoki sugʻoriladigan maydonlarning 15 foizi lazerli texnologiyada tekislangan. Agar bunday yerlar 2 baravar koʻpaytirilsa, yana 900 million kub metr suv tejaladi, qoʻshimcha 200 ming gektarda suv taʼminoti yaxshilanadi.

Shuning uchun joriy yilda mingta lazerli tekislagich olib kelinishi, klasterlar tomonidan fermerlarga lazerli tekislash xizmatlari yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Soʻnggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalari joriy qilingan. Bu yil yana 80 ming gektar maydonda ishlar boshlangan.

Bunday texnologiyalarni yanada ragʻbatlantirish maqsadida, shu yil 1 aprelda imzolangan qarorga muvofiq, donli ekinlar va sabzavot yetishtirishda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun subsidiya miqdori hozirgi 1 million soʻmdan 8 million soʻmga oshirildi. Bank kredit stavkasi fermerlar uchun 17 foiz etib belgilandi.

Bu imkoniyatlarni mirishkorlarga yetkazib, moliyaviy ragʻbatlantirish muhimligi qayd etildi. “Agrobank” huzurida suv tejamkorligi boʻyicha yangi loyihalarni shakllantirish uchun alohida markaz tashkil qilib, xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda farmatsevtika tarmogʻidagi loyihalar ham koʻrib chiqildi.

Soʻnggi olti yilda bu sohada jami 527 million dollarlik 177 ta loyiha ishga tushirilgan. Xorijiy investitsiyalar 9 barobarga ortib, 35 ta korxona xalqaro GMP standartini joriy etgan. Natijada ishlab chiqarish 3 barobarga, eksport 5 barobarga oshgan.

Lekin mahsulotlar bozorini topish, sifat va raqobat borasida masalalar koʻpligi sababli oʻtgan yili ishlab chiqarish hajmi biroz kamaygan. Import esa oshgan.

Shu bois yigʻilishda farmatsevtika sohasida qoʻshimcha loyihalar ishlab chiqish hamda korxonalarni qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, tarmoqda umumiy qiymati 725 million dollarlik 207 ta loyihani amalga oshirish, shundan 68 tasini bu yil ishga tushirish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlarga kredit yukini yengillashtirish zarurligini taʼkidladi. Shuning uchun Asaka bank loyihalarning 25 foizgacha qismiga oʻz ulushi bilan kirib, investor sifatida ishtirok etishi belgilandi. Mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish va aylanma mablagʻ bilan taʼminlashga 300 million dollar uzoq muddatli kredit resurslari jalb qilinadi. Bank huzurida farmatsevtika loyihalari markazi ochilib, tadbirkorlarga yordam koʻrsatadi.

Kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni qoʻllab-quvvatlash hisobiga, 400 turdagi yangi mahsulotlarni oʻzlashtirish va 670 million dollarlik import oʻrnini qoplash mumkinligi aytildi. Buning uchun korxonalarga 18 oygacha muddatda 1 million dollargacha “revolver” kredit, eksportchilarga tushum sugʻurtasini garovga olgan holda 2 million dollargacha kredit beriladi.

Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur boʻlgan dori vositalari va moddalarni xorij texnologiyasi asosida yurtimizda ishlab chiqarish imkoniyati koʻrsatib oʻtildi. Sohadagi koʻplab korxonalarni GMP sertifikati talablariga moslashtirish vazifasi qoʻyildi.

Toshkent farmatsevtika klasteridagi loyihalarni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.