Suv xoʻjaligida tejamkorlik va omilkorlik – zamon talabi

0
25
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 noyabr kuni qishloq xoʻjaligida suv va energiya manbalaridan oqilona foydalanish hamda yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bugun dunyoda ekologik muammolar, tabiiy ofatlar koʻpayib bormoqda. Bizning mintaqamizga suv tanqisligi xavf solmoqda. Shu bois mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, bu neʼmatni asrash boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda.

Jumladan, 550 kilometr kanal va ariqlar betonlangani evaziga 200 ming gektarda suv yaxshilandi, yiliga 450 million kub metr suv iqtisod boʻlayapti. Fermer va klasterlar tomonidan ham 13 ming kilometr ichki tarmoq betonlandi.

Suv boshqaruvi isloh qilinib, tumanlarda suvni hisobga olish tizimi shakllandi, fermerlar suvni hisob-kitob qilishni oʻrgandi. Shaffof tizim yoʻlga qoʻyilgani natijasida bu yil yerga 2 karra koʻp suv bordi, yana 6 milliard kub metr suv hisobi joyiga qoʻyildi.

Lekin hali dolzarb masalalar koʻp. Masalan, klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har bir kub metr suvga respublika boʻyicha oʻrtacha 212 soʻm xarajat qilinayapti. Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida bu 2-3 barobar qimmat.

Oxirgi yillarda 1 milliard dollar hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalari modernizatsiya qilindi. Lekin oʻrta va mayda nasoslar eskiligi sababli suv tannarxi oshib ketayapti. Betonlash hisobiga yoʻqotish 10-15 foizga kamaygan boʻlsa-da, 20 ta tumanda bu koʻrsatkich yuqori.

Shu kabi muammolardan kelib chiqib, yigʻilishda galdagi vazifalar belgilandi.

Joylarda hali betonlash zarur boʻlgan 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallar bor. Shu bois kelgusi yilda bu ishlarga 800 milliard soʻm ajratilishi qayd etildi.

Oʻtgan yili texnika, ishchi kuchi va qum-shagʻaldan yordam boʻlgani uchun betonlash xarajati 2 karra arzonlashgan. Pudratchilarga toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida sement yetkazib berish orqali tannarxni yana 20 foizga pasaytirish mumkinligi aytildi.

Yana bir jihati – betonlangan kanallarda suv oqimi tezlashadi. Bu – kichik GESlar qurib, elektr olishga katta imkoniyat. Navoiy viloyatida 11 megavattli 148 ta shunday stansiya qurish boshlangan. Umuman, hududlarda 2 mingta mikro GES qurib, yiliga qoʻshimcha 600 million kilovatt elektr olish mumkin.

Mutasaddilarga bu borada xususiy sheriklik shartlarini ishlab chiqib, tadbirkorlarga eʼlon qilish topshirildi.

Davlatimiz rahbari sohadagi yaxshi tajribalarni koʻrsatib oʻtdi. Jizzax viloyati Doʻstlik tumanida suv boshqaruvini aqlli tizimga oʻtkazish boʻyicha 21 million dollarlik loyiha yakunlangan. Suv taqsimlanadigan 2 mingta nuqtaga hisoblagich va videokamera oʻrnatilgan. Bunda avtomatlashgan boshqaruv natijasida 20 foiz, sugʻorish tarmoqlarini taʼmirlash hisobiga yana 10 foiz suv tejaladi. Suv boshqaruvi xususiy sektorga berilib, fermerlar bilan kooperatsiya tuziladi. Ilk bor suvga oldindan toʻlov boʻladi.

Viloyat hokimlariga ushbu tizimni oʻrganib, suv taʼminoti ogʻir tumanlarda joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Bugungi kunda yerlarni sugʻorishga 1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya ishlatilmoqda. Ular oʻziga yarasha elektr energiyasi talab qiladi. Shu bois 2025 yil – suv xoʻjaligida “nasoslar samaradorligini oshirish yili” boʻlishi belgilandi.

Xususiy sherik bilan tejamkor nasos va quyosh paneli oʻrnatib, 20 foiz elektr tejash mumkin. Masalan, xorazmlik dehqonlar shunday qilayapti. Shuningdek, quyosh paneli oʻrnatib, ehtiyojidan ortgan elektrni davlatga sotib, oyiga qoʻshimcha 7-8 million soʻm daromad olayapti.

Mutasaddilarga ushbu tajribani kengaytirishni ragʻbatlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Respublika boʻyicha 2 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani natijasida oʻtgan yilning oʻzida 2 milliard kub metr suv tejalgan. Lekin ayrim dalalarda oʻrnatilgan uskunalar ishlamayapti.

Endi bu qatʼiy nazoratga olinadi. Kelgusi yilda yana 500 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar oʻrnatiladi. Qoraqalpogʻistonda qoʻllangan lazerli tekislangan yerning har gektariga 1 million soʻmdan subsidiya berish tizimi endi Xorazmda ham boʻladi. Boshqa hududlarda ham lazerli tekislash kengaytiriladi.

Bahor va kuzdagi sel suvlarini yigʻish – sohadagi yana bir manba. Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Fargʻona va Toshkent viloyatlarida shunday inshootlar barpo qilib, 50 ming gektarda suv taʼminotini yaxshilash imkoni bor. “Oʻzbekgidroenergo” kompaniyasi bu borada ikki yillik reja oldi.

Prezidentimiz suv xoʻjaligi sohasida keskin oʻzgarish qilishning birdan-bir yoʻli raqamlashtirish ekanini taʼkidladi.

Nasos stansiyalariga onlayn nazorat va “aqlli suv” qurilmalari olib kelingan. Lekin ulardan olinadigan maʼlumotlarni jamlab, tahlil qiladigan axborot tizimi yoʻq. Suv isteʼmoli va hisob-kitobi oʻta murakkab.

Shu bois vazirlik huzurida Suv xoʻjaligini raqamlashtirish markazi tuzilishi belgilandi. Unda suv isteʼmoli va hisobini yuritishning yagona axborot tizimi ishga tushiriladi.

Mutasaddilarga suv xoʻjaligida 2030 yilgacha boʻlgan eng muhim loyihalar dasturini tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar, hokimlar va soha mutaxassislarining fikr va takliflari eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.