Poytaxtimizda suzish boʻyicha kattalar, yoshlar va oʻsmirlar oʻrtasida Oʻzbekiston ochiq chempionati boshlandi.
23-27 fevral kunlari «Sahovat sport servis» suzish havzasida oʻtkaziladigan musobaqada yurtimizning barcha viloyatlaridan, shuningdek, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi mamlakatlardan 400 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda.
Eʼtiborli tomoni shundaki, oʻsmirlar oʻrtasidagi bahslarda shu yilning oktyabr oyida Buenos-Ayres shahrida oʻtkaziladigan III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma beruvchi musobaqa boʻladi.
Maʼlumot uchun, Argentinada boʻlib oʻtadigan III oʻsmirlar Olimpiya oʻyinlariga qadar suzish boʻyicha yana ikkita litsenzion musobaqa oʻtkaziladi. Ulardan biri aprel oyida Moskva shahrida tashkil etilsa, yana biriga may oyida Bangkok shahri mezbonlik qiladi.
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Matbuot xizmati