Suzuk ota majmuasi chinakam bilim va tarbiya maskaniga aylandi

0
189
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni poytaxtimizdagi Suzuk ota majmuasiga tashrif buyurdi.

Yaqin-yaqingacha Suzuk ota ziyoratgohini koʻpchilik bilmas, maqbara va eski masjid zax tortib qolgan edi. Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 26 may kuni Suzuk ota majmuasida boʻlib, maqbara hamda masjidni yangidan qurish, atrofini obodonlashtirish boʻyicha topshiriqlar bergan edi. 2018 yil 9 fevralda qurilishning borishi bilan tanishib, majmua yonida hunarmandlar uchun uy-joylar barpo etish zarurligini taʼkidlagandi. 

Bugun mazkur tashabbuslar toʻla roʻyobga chiqdi. Maqbara va masjid qurilib, qariyb 8 gektarlik maydon obodonlashtirildi. Majmuaga kirish binosida muzey, kutubxona, mahalla idorasi va boshqa obyektlar joylashtirildi. Maqbaraning ikki tomonida hunarmandlar uchun har biri 4,5 sotixli oʻttizta kottej barpo etildi.

Bugungi tashrif chogʻida Prezidentimiz ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Maqbara ziyorat etilib, Qurʼon tilovat qilindi.

Shu yerda diniy ulamolar, nuroniylar bilan suhbat boʻlib oʻtdi. Davlatimiz rahbari ularni Ramazon oyi bilan yana bir bor tabriklab, yangilangan majmuaning shunday ulugʻ ayyom kunlarda ochilishi xayrli ekanini taʼkidladi.

— Boshqa davlatlar yoʻq tarixini bor qilishga harakat qiladi. Biz buyuk tariximizni, allomalarimiz merosini xalqimizga, yoshlarimizga toʻliq yetkazib berolmadik.

Oʻzligimizni anglash nuqtai nazaridan shunday joylarga eʼtibor bersak, bunga hamma eʼtibor qaratadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Maʼlumki, Suzuk ota oʻymakor usta boʻlgan. Bugun uning qadamjosi atrofida hunarmandchilik uylari tashkil etilgani chuqur mazmun-mohiyat kasb etdi. Ikki qavatli bu xonadonlarning birinchi qavati ustaxona va doʻkon uchun ajratilgan. Bu oʻziga xos hunarmandchilik markazi boʻlib, majmua bilan birga noyob turizm maskaniga aylanadi.

Prezidentimiz ushbu uylarni, yogʻoch qirmachilik va xattotlik ustaxonalarini kirib koʻrdi.

— Hunarmandchilik – halol kasb. Bugungi kunda eng katta vazifamiz – ish joylari yaratish. Hunarmandlarga sharoit yaratsak, ham oʻzini boqadi, ham boshqalarni ish bilan taʼminlaydi. Shogirdlar tarbiyalasa, qancha yoshlar hunarli boʻladi, oʻz tadbirkorligini ochib, daromad topadi, — dedi davlatimiz rahbari.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.