Tabiatni asrash va turizmni rivojlantirishga doir takliflar koʻrib chiqildi

0
27
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni atrof-muhitni muhofaza qilish va turizm sohalaridagi takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Hozirgi kunda havoni musaffo saqlash, ekologik hodisalarning taʼsirini kamaytirish tobora dolzarb boʻlib bormoqda. Shu bois bu borada ikkita dastur ishlab chiqildi.

Birinchisi – Chang boʻronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish boʻyicha 2024 — 2030 yillarga moʻljallangan milliy dasturdir. Bu hujjatda “Yevro-4” standartidan past toifadagi yoqilgʻini sotish va undan foydalanishni bosqichma-bosqich toʻliq taqiqlash nazarda tutiladi. Buning uchun Buxoro va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodlari yuqori sifatli yoqilgʻi ishlab chiqarish boʻyicha modernizatsiya qilinadi.

Ikkinchisi – Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi boʻlib, unga koʻra, kelgusi 5 yilda poytaxtimiz va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarida 441 gektar “yashil belbogʻ” va bogʻlar tashkil qilinadi.

Sanitar tozalash ishlarini tartibga solish maqsadida mavjud markaz negizida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligini tuzish taklif etilmoqda. Sanitar tozalash korxonalarining samaradorlik koʻrsatkichlariga qarab, uchta toifaga ajratgan holda reyting tizimi joriy qilinadi.

Yangi quriladigan, balandligi 12 metrdan yoki umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan binolarni loyihalashtirishda unga tutash hududlarning kamida 25 foizini koʻkalamzorlashtirish talabi qoʻyiladi. Shuningdek, atrof-muhitga zarari koʻp sanoat korxonalari ham “yashil belbogʻ”lar barpo etish majburiyatini oladi.

Ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Faol va jonkuyar insonlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan ekolog” faxriy unvonini taʼsis etish taklifi bildirildi.

Atrof-muhit bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati toʻgʻrisidagi Orxus konvensiyasiga qoʻshilish masalasi koʻrib chiqildi.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik boʻyicha modda kiritish maqsadga muvofiqligi aytildi. Shuningdek, daraxtlarni kesish va qasddan quritish, daryo oʻzanlaridan noqonuniy qum-shagʻal qazib olish, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash kabilar uchun jarimalarni oshirish va qatʼiylashtirish choralari koʻriladi.  

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 maydagi qarori bilan respublikada ekologik markirovkalash tizimi joriy etilgan. Endi ISO 14024 xalqaro standartiga muvofiq, “Yashil belgi” nomi ostida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash yoʻlga qoʻyiladi. 2 ming 336 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlarda avtomatik monitoring stansiyalari, chang-gaz tozalash uskunalari va suv tozalash inshootlarini oʻrnatish boʻyicha tarmoq jadvallari tasdiqlanadi.

Ekologiya vazirligi huzurida jamoatchilik nazorati ostida boshqariladigan va yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Yashil xayriya jamgʻarmasi” tashkil etiladi. Elektron xarid ilovalarida “Yashil toʻlov” ixtiyoriy ustama turi ochiladi.

Sohadagi yana bir muammo yovvoyi hayvonlarni asrash bilan bogʻliq. Ularni xonadonlarda boqish huquqiy jihatdan tartibga solinmagan. Shu bois endi yovvoyi hayvonlarni uy sharoitida, sirk va shapitolarda saqlash hamda tomoshalarda foydalanish taqiqlanadi. Jismoniy shaxslar ixtiyoridagi hamda sirklarda saqlanuvchi bunday jonzotlar hayvonot bogʻlaridagi reabilitatsiya markazlariga, okeanariumlar, pitomnik va ilmiy-tadqiqot muassasalariga topshirilishi belgilanmoqda.

Taqdimotda tibbiy turizmni rivojlantirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.

Shu maqsadda Oʻzbekiston bu yoʻnalishda Markaziy Osiyoning “chorlovchi nuqtasi” sifatida targʻib qilinadi. “Tibbiy xizmatlar mehmondoʻstligi” dasturi amalga oshiriladi. Tibbiy va sogʻlomlashtirish muassasalari faoliyati ragʻbatlantirilib, ularning yagona reestri ishga tushiriladi. Mehmonxonalar kabi yulduzli sanatoriylar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbari bular boʻyicha hujjat loyihalarini puxta ishlab chiqish va ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.