Tadbirkorlar uchun qulayliklarni oshirish choralari muhokama qilindi

0
116
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevga tadbirkorlik faoliyatini soddalashtirish boʻyicha qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tadbirkorlikni rivojlantirish davlatimiz iqtisodiy siyosatining ustuvor yoʻnalishi. Bu borada yaratilayotgan sharoitlar tufayli ishbilarmonlar koʻpayib bormoqda. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining yarmidan koʻpi kichik biznes subyektlari tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Eksportda ham ularning oʻrni yuqori.

Bugungi kunda biznesni tartibga soluvchi 6 mingdan ortiq meʼyoriy-huquqiy va 40 mingta texnik hujjatlar mavjud. Ayrim eski talablar yangi mahsulotlar, texnologiyalar va xizmatlarni joriy etishni qiyinlashtirmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturidan kelib chiqqan holda, tadbirkorlarning zamonaviy faoliyat yuritishiga toʻsqinlik qilayotgan talablar qayta koʻrib chiqilib, bir qator yengilliklar joriy qilindi.

Xususan, tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solish vositalari aniq belgilandi. Bular davlat roʻyxatidan oʻtkazish, litsenziyalash va ruxsat berish, texnik tartibga solish, tarif va notarif tartibga solish, majburiy sugʻurta, davlat nazorati, raqobatni himoya qilish, javobgarlik oʻrnatish kabilardir.

Tahlillardan kelib chiqib, koʻplab tartib-taomillar ham qisqartirildi. Masalan, tadbirkorlik subyektining ustav fondi kamaytirilayotganida kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish, elektr energiyasi ortiqcha isteʼmol qilinganida uni uzib qoʻyish, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni soliq organlarida alohida hisobga qoʻyish kabi jarayonlar koʻp ovoragarchilikka sabab boʻlayapti. 2023 yil 1 yanvardan bunday majburiy talablar bekor qilinadi.

Shuningdek, tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reestrini joriy qilish moʻljallangan. U ikki bosqichda shakllantirilib, 2025 yil 1 iyuldan toʻliq ishga tushiriladi. Bu reestrga kiritilmagan talablar boʻyicha tadbirkorga nisbatan javobgarlik belgilash taqiqlanadi.

Prezidentimiz shu yil 22 avgust kuni boʻlgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda sohani raqamlashtirish, hujjatlarni qogʻoz shaklida saqlashni kamaytirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

Ilgari amal qilgan tartibga koʻra, yuridik shaxsning ish haqlari va boshqa daromadlari, ular boʻyicha hisoblangan soliq summalari toʻgʻrisidagi hujjatlar 75 yil davomida qogʻoz holida saqlanishi kerak edi. Ular soliq idoralari bazasida borligi uchun, yangi farmon bilan ularni qogʻozda saqlash bekor qilindi. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari oʻzlarining ichki buxgalteriya birlamchi hujjatlarini axborot tizimlari orqali tuzganda, ularni qogʻoz shaklida yuritishdan ozod etildi. Bu oʻzgarishlar natijasida 587 mingta korxona qogʻozbozlikdan qutulib, ishi yengillashadi.

Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab soliq organlariga moliyaviy hisobotlarni har chorakda taqdim qilish, 9 xil statistika hisobotlarini topshirish amaliyoti bekor qilinadi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarning axborotini tinglab, ushbu farmon ijrosini samarali tashkil etish, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yuritishni soddalashtirish, qulay biznes muhitini yaratish ishlarini izchil davom ettirishga koʻrsatma berdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.