Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan uchrashuviga tayyorgarlikning borishi boʻyicha 9 avgust kuni yigʻilish oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugungi kunga qadar tadbirkorlardan 13 ming 500 dan ortiq taklif va mulohazalar kelib tushgan. Bu borada tuzilgan respublika shtabi aʼzolari ularni birma-bir oʻrganib, har kuni muhokama qilib bormoqda. Tadbirkorlar koʻtargan 12 mingdan ziyod shaxsiy masalalarning yarmidan koʻpi hozirgi kungacha hal etilgan.
Joriy yilning yetti oyida ajratilgan kreditlar hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 35 foizga oʻsib, 92 trillion soʻmni tashkil qilgani taʼkidlandi. Shunga qaramay, tijorat kreditlari boʻyicha foiz stavkalari va muddati qisqaligi tadbirkorlar uchun eng dolzarb masala ekani ayon boʻlmoqda. Murojaatlarning 42 foizi shu sohaga oid.
Prezidentimiz iqtisodiyotga uzoq muddatli resurslarni olib kelish, dollarlashuv darajasini kamaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Ikkinchi dolzarb masala er va bino ajratish bilan bogʻliq. Bunday murojaatlar 21 foizni tashkil etgan. Tadbirkorlarga bu borada imkoniyatlarni kengaytirish uchun hududlarga ishchi guruhlar yuborib, joriy yil 1 sentyabrdan auksion savdolariga chiqariladigan yer maydonlari va binolar roʻyxatini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.
Xususiy mulkni huquqiy himoya qilish, litsenziya va ruxsatnomalar olish boʻyicha mingga yaqin murojaatlar kelib tushgani bu yoʻnalishda tizimli muammolar saqlanib qolganini koʻrsatmoqda. Shuningdek, murojaatlardan infratuzilmaga ulanish borasida ham koʻplab muammolar borligi maʼlum boʻlmoqda.
Soliq va bojxona sohalari, imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishga oid masalalar ham tahlil qilindi.
Davlatimiz rahbari har bir murojaatni alohida nazoratga olib, ularga toʻliq yechim topish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.