2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, shuningdek, inklyuziv va barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish orqali kambagʻallikni ikki barobarga qisqartirish, iqtisodiyotda raqobatni taʼminlash, tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlar yaratish, bozor munosabatlariga toʻlaqonli oʻtishni jadallashtirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, xususiy investitsiyalar hajmini keskin oshirish hamda biznes doiralarning ishonchini yanada mustahkamlash maqsadida:
1. Quyidagilar iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda xususiy sektorning rolini oshirish, barcha tarmoq va sohalarda xususiy sektorning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
xususiy mulk daxlsizligi va tadbirkorlik faoliyati erkinligini kafolatlash borasidagi institutsional va maʼmuriy islohotlarni davom ettirish hamda bu borada qonun ustuvorligini taʼminlash;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan er uchastkalarini shaffof tarzda xususiylashtirish mexanizmlaridan, eng avvalo, xususiy investorlarni jalb qilishning muhim omili sifatida foydalanish hamda yerlarni auksionga chiqarishda ularning jozibadorligini oshirish uchun infratuzilma va boshqa zaruriy sharoitlarni yaratib berish;
davlat ishtiroki saqlanib qolayotgan tovar va xizmatlar bozorini erkinlashtirish hamda ushbu sohalarga xususiy sektorning kirib kelishi uchun sharoit yaratish, monopoliyaga qarshi organning institutsional salohiyati va vakolatini kuchaytirish orqali sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish;
“tartibga soluvchi gilotina” usulini manzilli qoʻllash orqali imtiyozlar, eksklyuziv huquq va ustunliklarni bekor qilish;
davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarini transformatsiya qilish hamda xususiylashtirishni jadallashtirish, iqtisodiyotda samarasiz ishlayotgan korxonalar ulushini kamaytirish hisobiga sifat jihatidan yangi, xususan, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillariga asoslangan investitsiyalar va ishlab chiqarish unumdorligi yuqori boʻlgan texnologiyalarning koʻpayishini ragʻbatlantirish;
pul va kapital bozorlarini yanada erkinlashtirish hisobiga moliya bozoridagi turli segmentlarning rivojlanishiga turtki berish, shu orqali xususiylashtirilgan va transformatsiya jarayonidagi korxonalarga oʻz faoliyatini moliyalashtirishning muqobil manbalarini shakllantirishga sharoit yaratish;
iqtisodiyotning drayver tarmoqlari, xususan, togʻ-kon, neft-gaz, kimyo, qurilish materiallari sanoati va boshqa sohalarni kafolatlangan xomashyo bazasi bilan taʼminlash uchun geologiya-qidiruv ishlariga, qazib chiqarish va qayta ishlash jarayoniga xorijiy investorlarni jalb qilishni jadallashtirish, mineral xomashyo bazasi zaxiralarini koʻpaytirishni qoʻllab-quvvatlash;
energiya resurslari, transport va kommunikatsiya bozorlarini rivojlantirish va sohaga xususiy investitsiyalar kirib kelishi uchun sharoitlar yaratish;
ichimlik va oqova suv taʼminoti, issiqlik taʼminoti, obodonlashtirish, yoʻl qurilishi, aviatsiya infratuzilmasi sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini keskin koʻpaytirish;
barcha soha va tarmoqlarda korrupsiya holatlarining har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasiz munosabatda boʻlish va unga qarshi ayovsiz kurashish;
davlat ishtirokidagi korxonalar va tijorat banklarida korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini, shu jumladan, “komplayens” nazorat tizimini keng joriy etish, xaridlar tizimi shaffofligini taʼminlash orqali korrupsiyaning oldini olish.
2. Xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, investitsiyaviy muhit jozibadorligini oshirish hamda davlat aktivlarini (davlat aksiya paketlari, ulushlari, koʻchmas mulk obyektlari) sotib olgan investorlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish maqsadida:
qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan er uchastkalarini mulk huquqi asosida auksion orqali sotishda davlat aktivlarini sotishda qoʻllaniladigan uch yilgacha boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi tatbiq etilsin;
boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari boʻyicha kamida 35 foiz miqdoridagi dastlabki toʻlovni bir yoʻla amalga oshirgan xaridorlarga mazkur davlat aktivlari va yer uchastkalarini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish huquqi berilsin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur bandning uchinchi xatboshisi bilan joriy etilayotgan davlat aktivlari va yer uchastkalarini kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyish huquqini berish boʻyicha tartibni ishlab chiqib tasdiqlasin.
3. 2022 yil 1 maydan boshlab roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan quyidagi koʻchmas mulk obyektlarini (bundan yer uchastkasi mustasno) sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi berilsin:
Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 000 AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obyektlarida qiymati 180 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari;
boshqa hududlarda – qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 70 000 AQSH dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obyektlarida qiymati 85 000 AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan koʻchmas mulk obyektlari.
Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida doimiy roʻyxatdan oʻtish va yashash guvohnomasini olish uchun asos boʻlmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi PF–5611-son Farmoniga 6-ilovaga muvofiq xorijiy mamlakatlar fuqarolariga koʻchmas mulk sotib olish sharti bilan Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish uchun talab etiladigan koʻchmas mulk qiymati miqdori Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 400 000 AQSH dollaridan 300 000 AQSH dollari ekvivalentigacha kamaytirilsin.
5. Iqtisodiyotda raqobat muhitini yanada yaxshilash va xususiy sektor oldidagi byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligining quyidagi takliflari maʼqullansin:
a) oxirgi kalendar yilida tovarlar (xizmatlar)ni sotishdan tushgan tushumi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn ming baravaridan oshmaydigan yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar yoxud shaxslar guruhini (tabiiy monopoliya subyektlari, davlat xaridlari va birja savdolari ishtirokchilari, mahsulotlarining narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlardan tashqari) tovar yoki moliya bozorlarida ustun mavqe egallagan deb eʼtirof etmaslik hamda ularga nisbatan monopoliyaga qarshi choralarni qoʻllamaslik;
b) 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab, raqobatga qarshi harakatlarni sodir etgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan quyidagilar uchun moliyaviy jarimalarni qoʻllash:
tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar (kelishib olingan harakatlar) va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;
tovar va moliya bozoridagi ustun (monopol) mavqeni hamda yuqori muzokara ustunligini suiisteʼmol qilganlik, ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻshib yuborishda, qoʻshib olishda va ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) aksiyalarni (ulushlarni) sotib olish boʻyicha bitimlar tuzishda raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik;
ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzganlik.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda moliyaviy jarimalarning aniq miqdorlari va ularni qoʻllash tartibini nazarda tutuvchi yangi tahrirdagi “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin. Bunda, undirilgan moliyaviy jarimalar summasini toʻliq Davlat byudjetiga yoʻnaltirish hamda raqobatga qarshi harakatlarning boshqa turlari uchun ham javobgarlik nazarda tutilsin;
v) 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab, quyidagilar uchun maʼmuriy javobgarlikni kuchaytirish:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini (koʻrsatilishini) noqonuniy cheklash;
litsenziyalash, roʻyxatga olish, akkreditatsiyadan oʻtkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, yuridik shaxslar birlashmalari tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish;
monopoliyaga qarshi organ talabiga koʻra, zarur hujjat va axborotlarni taqdim etmaganlik, notoʻgʻri yoki yolgʻon maʼlumotlar taqdim etganlik.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tegishli qonun loyihasini kiritsin;
g) 1-ilovada nazarda tutilgan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq xususiy sektorni keng jalb qilish hamda eksklyuziv huquqlarni bekor qilish orqali mavjud monopoliyalarni bartaraf etish;
d) 2023 yil 1 yanvardan boshlab Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan har yili Oliy Majlis Senatiga axborot beriladigan Raqobat rivojlanishi indeksini joriy qilish.
6. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi, Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat xizmatlari va funksiyalarini bajarishga xususiy sektorni keng jalb etishni jadallashtirish boʻyicha qaror loyihasini kiritsin.
7. Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari yoki norezidentlari boʻlgan mijozlar uchun ularning shaxsiy ishtirokisiz qimmatli qogʻozlar uchun depo hisobvaraqlarini masofadan turib ochish imkoniyatini yaratsin.
8. Moliya vazirligining 2022 yil 1 maydan boshlab norezident jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan oladigan daromadlari (dividendlar, foizlar va fraxtdan olinadigan daromadlardan tashqari) boʻyicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkasini 12 foiz miqdorida belgilash haqidagi taklifi maʼqullansin.
Moliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Soliq kodeksiga mazkur banddan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar boʻyicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Tadbirkorlik subyektlari uchun teng raqobat sharoitlarini yaratish, shuningdek, soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarni taqdim etishni tartibga solish maqsadida:
a) 2022 yil 1 maydan boshlab:
tadbirkorlik subyektlariga teng sharoitlarni yaratish uchun cheklangan subyektlarga tatbiq etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari 2-ilovaga muvofiq tarmoqlardagi barcha subyektlar uchun tatbiq etilsin;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha 2020 yil 1 iyulga qadar maʼqullangan va Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari orqali qayta moliyalashtiriladigan yoki qayta kreditlanadigan xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari (qarzlari, kreditlari) hisobidan olinadigan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha soliq va bojxona imtiyozlari bekor qilinsin. Mazkur norma tijorat banklari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yangi tuziladigan bitimlar (rasmiylashtirish shakli va usulidan qatʼiy nazar) asosida olinadigan tovarlarga (xizmatlarga) tatbiq etiladi;
b) ayrim soliqlar va bojxona imtiyozlari 3-ilovaga muvofiq bosqichma-bosqich bekor qilinsin;
v) Vazirlar Mahkamasi xatlov natijasiga koʻra aniqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati tomonidan taqdim etilgan ayrim soliqlar va bojxona imtiyozlarining amal qilishini davom ettirish zaruriyatini tanqidiy qayta koʻrib chiqib, 2022 yil 1 avgustga qadar ularni bekor qilish yuzasidan taklif kiritsin;
g) 2022 yil 1 iyuldan boshlab:
bojxona bojlari boʻyicha imtiyozlar faqatgina Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan berilsin. Bunda, Tarif va notarif tartibga solish kengashi xulosasi olinishi majburiy hisoblansin;
tarmoq vazirlik va idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari sohani va (yoki) hududni rivojlantirish uchun berilgan alohida soliq va bojxona imtiyozlari samaradorligi toʻgʻrisidagi hisobotlarni yil yakunlari boʻyicha har yili 1 martga qadar Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasiga taqdim etib borsin.
10. Moliya vazirligi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Energetika vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Transport vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda:
a) 2022 yil 1 mayga qadar tajribali investitsiya bankini jalb etib, 2022 yil yakuniga qadar “Oʻzbekneftgaz” AJning, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) orqali kamida 49 foiz ulushini, shuningdek, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJdagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushini xususiylashtirish ishlarini boshlasin;
b) 2022 yil 1 sentyabrga qadar xalqaro konsalting kompaniyasi xulosalari asosida «Oʻzbekgidroenergo» AJni isloh qilish strategiyasini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Bunda, yangi kichik va oʻrta gidroelektrostansiyalarni qurishda xususiy sektor ishtirokidagi, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosidagi loyihalarni amalga oshirishga ustuvorlik berilsin;
v) 2022 yil 1 sentyabrga qadar “Uzbekistan airways” AJ ustav kapitalidagi 51 foiz va undan yuqori miqdordagi davlat ulushining savdoga chiqarilishini, shu jumladan, aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) ishlarini boshlasin;
g) 2022 yil 1 avgustga qadar xalqaro investitsiya banki va konsultantlarni jalb etgan holda, “UzAuto Motors” AJ aksiyalar paketining 10 foizgacha qismini mahalliy fond bozorida ommaviy joylashtirsin (IPO) va bu korxonaning qolgan ulushini hamda “UzAuto Motors Powertrain” AJ, “Samarqand Avtomobil zavodi” MCHJni strategik investorlarga sotish strategiyasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻztransgaz” AJning magistral tarmoqlarini toʻliq davlat ixtiyorida saqlab qolishni nazarda tutgan holda, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2023 yil yakuniga qadar, “Oʻztransgaz” AJ tomonidan 2024 yil yakuniga qadar xalqaro kredit reytingi qoʻlga kiritilishi, moliyaviy intizomga qatʼiy rioya etgan holda mustaqil ravishda xalqaro banklar va kapital bozoridan mablagʻ jalb etishga erishilishini;
xalqaro moliya institutlari va konsultantlar xulosalari asosida 2022 yil 1 sentyabrga qadar “Hududgaztaʼminot” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ faoliyatini takomillashtirish, jumladan, ularning operatsion samaradorligini oshirish, sohaga xususiy sektorni jalb qilish, bunda tajriba tariqasida, dastlab oʻn toʻrtta shahar va tumanda, aholi uchun belgilanadigan tariflarni oshirmagan holda tabiiy gaz va elektr energiyasini ulgurji xarid qilish va sotish funksiyasini xususiy operatorga berish boʻyicha qaror qabul qilinishini taʼminlasin.
12. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Transport vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi:
a) ikki oy muddatda “Uzbekistan Airports” AJning Toshkent shahridagi va hududiy xalqaro aeroportlarini modernizatsiya qilish va operatsion samaradorligini oshirish uchun xususiy sektorga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, Fargʻona vodiysidagi aeroportlarni maqbullashtirish orqali ulardan samarali foydalanish choralari nazarda tutilsin;
b) bir oy muddatda Jahon bankini jalb etib, 2022 yil 1 iyunga qadar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJni transformatsiya qilish, rivojlantirish va xususiylashtirish strategiyasi ishlab chiqilishini taʼminlasin.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJni transformatsiya qilish boʻyicha maxsus ishchi guruh 4—ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.
Ishchi guruh (J.Qoʻchqorov) 2022 yil 1 avgustga qadar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJni transformatsiya qilish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasini kiritsin:
oʻzining yoʻlovchi va yuk vagonlariga ega xususiy operatorlar faoliyatini rivojlantirish hamda temir yoʻl transporti xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirishga qaratilgan shaffof va moslashuvchan tarif tizimini yaratish yoʻli bilan tarif siyosatini takomillashtirish;
temir yoʻl transporti korxonalarida operatsion va biznes jarayonlar samaradorligini oshirish, shu jumladan, xizmat koʻrsatuvchi va isteʼmolchi oʻrtasidagi munosabatlarni raqamli transformatsiya qilish yoʻli bilan integratsiyalash;
temir yoʻl orqali ichki va xalqaro yuk hamda yoʻlovchi tashuvlarini davlat-xususiy sheriklik yoki franshiza asosida xususiy sektorga berish;
v) 2022 yil 1 avgustga qadar xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda Toshkent shahar jamoat transporti tizimini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida jamoat transporti faoliyatiga xususiy sektorni, jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida loyihalarni amalga oshirishga jalb etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.
Vazirlar Mahkamasi 2022 yil 1 dekabrga qadar Toshkent shahri misolida Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqib, joriy etishni boshlasin.
13. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasini isloh qilish boʻyicha maxsus ishchi guruh 5-ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.
Ishchi guruh (T.Ishmetov) ikki oy muddatda sohada nazorat va xoʻjalik funksiyalarini aniq chegaralash, monopoliyadan chiqarish, xususiy sektor korxonalarini jalb qilish, byudjet mablagʻlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tizimidan pudrat va ishlab chiqarish korxonalarini chiqarish orqali uni isloh qilish boʻyicha qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va jalb qilingan professional konsultantlar bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar “Oʻzbektelekom” AK va “Oʻzbekiston pochtasi” AJni isloh qilish strategiyasi ishlab chiqilishi va tasdiqlash uchun kuzatuv kengashiga kiritilishini taʼminlasin.
15. Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari (keyingi oʻrinlarda – davlat ishtirokidagi korxonalar) boshqaruv organlarining faoliyati samaradorligini, masʼuliyati va javobgarligini oshirish maqsadida belgilab qoʻyilsinki:
2022 yil 1 apreldan keyin ijro organi rahbari sifatida tayinlangan (qayta tayinlangan) shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ijro organi rahbari boʻlishi mumkin emas;
2022 yil 1 maydan boshlab kuzatuv kengashi aʼzolaridan iborat Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasi, Audit qoʻmitasi, Tayinlovlar va haq toʻlash qoʻmitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish va etika qoʻmitasi tashkil etiladi;
kuzatuv kengashi tarkibiga davlat ulushi boʻyicha saylangan aʼzolar faoliyati korxonada transformatsiya jarayonlarini samarali tashkil etish, korxonaning tashqi qarzlarini optimallashtirish, zamonaviy xarid tizimini joriy etish, ushbu Farmonda nazarda tutilgan talablarni bajarish, investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga muqobil mablagʻlarni jalb etish kabi mezonlar asosida baholanadi.
16. Moliya vazirligi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2022 yil 1 iyuldan boshlab, davlat ishtirokidagi korxonalar kuzatuv kengashi aʼzolarini ragʻbatlantirish va ijro organi aʼzolari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha yagona ragʻbatlantirish siyosatini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda, ijro organi aʼzolariga oylik ish haqi va yil yakunlari boʻyicha bir yoʻla toʻlanadigan mukofot toʻlovlardan tashqari har qanday qoʻshimcha toʻlov turlari bekor qilinsin.
17. Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining 6-ilovada koʻrsatilgan aksiyadorlik jamiyatlarida transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlarini samarali tashkil etishga qaratilgan maxsus boshqaruv tizimini joriy etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:
jamiyat kuzatuv kengashining Strategiya va investitsiyalar qoʻmitasi raisi uning mustaqil aʼzolari orasidan tayinlanadi va mazkur qoʻmitaga korxonaning transformatsiya va xususiylashtirish jarayonlarini doimiy boshqarish vazifalari yuklatiladi;
jamiyat ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi va unga boʻysunadigan loyiha ofisi tashkil etiladi;
jamiyat ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosariga ijro organining barcha rahbar oʻrinbosarlari va tarkibiy boʻlinmalar transformatsiyaga tegishli masalalar boʻyicha hisobdor boʻladi;
jamiyat ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari va loyiha ofisining xarajatlar smetasi kuzatuv kengashi tomonidan alohida tasdiqlanadi;
jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan ijro organi rahbariga xususiylashtirish jarayonlarini, shu jumladan, aksiyalarni ommaviy joylashtirishni (IPO) sifatli va belgilangan muddatlarda amalga oshirganligi uchun alohida mukofot (mazkur Farmonning 16-bandida koʻzda tutilgan ragʻbatlantirishdan tashqari) yoki amalga oshirmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilanadi.
18. Davlat ishtirokidagi korxonalarning iqtisodiyotdagi ishtirokini cheklash va qisqartirish maqsadida, ularga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlarida nazarda tutilmagan hollarda:
asosiy faoliyatiga xos boʻlmagan yangi koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish yoki qurish;
raqobat rivojlangan sohada asosiy faoliyatidan tashqari qoʻshimcha faoliyat bilan shugʻullanish;
asosiy faoliyatiga xos boʻlmagan xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalida ishtirok etish yoki undagi ulushni sotib olish taqiqlansin.
Belgilansinki, davlat ishtirokidagi korxonalar tomonidan asosiy faoliyatiga xos boʻlgan yangi koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish yoki qurish hamda xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi ulushni sotib olish, shuningdek, asosiy faoliyatidan tashqari qoʻshimcha faoliyat bilan shugʻullanish kuzatuv kengashi qaroriga asosan amalga oshiriladi.
19. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
davlat ishtirokidagi korxonalar va davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan tijorat banklari tomonidan mulkni begonalashtirish, uni sotish shakli va mexanizmi, davlat ishtirokidagi korxonalar va ularning tarkibidagi korxonalar ustav kapitaliga uchinchi shaxslar tomonidan investitsiya kiritish boʻyicha kelishuvlari (bitim, shartnoma, memorandum va boshqalar) majburiy tarzda ushbu korxonalar kuzatuv kengashi bilan kelishilgandan keyin tuziladi;
davlat ishtirokidagi korxonalarning homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari oʻtgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerak hamda bu xarajatlar ular biznes-rejasining oʻtgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi koʻrsatkichlari bajarilganda amalga oshiriladi (bundan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlarida nazarda tutilgan hollar mustasno).
20. Davlat soliq xizmati organlariga xoʻjalik jamiyatlarida davlat ulushi boʻyicha dividendlar miqdorini belgilashda moliyaviy natijaning toʻgʻri shakllantirilishi ustidan nazorat qilish vazifasi yuklatilsin.
21. Davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 2022-2024 yillar davomida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning sohalar kesimidagi “Yoʻl xaritasi” 7—ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
22. Moliya vazirligi Davlat bojxona qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy bank va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan birgalikda 2022 yil 1 iyunga qadar yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va uni qisqartirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
23. Mazkur Farmonda belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida:
Bosh vazir A.N.Aripov boshchiligida Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tuzilsin va uning tarkibi 8—ilovaga muvofiq;
Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda xususiy sektorning rolini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasi 9—ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
24. Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh (A.N.Aripov):
bir oy muddatda ijro muddatlari va masʼullarning vazifasini aniq belgilagan holda, har bir korxona boʻyicha amalga oshiriladigan ishlarning tarmoq jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
6-ilovada nazarda tutilgan korxonalarning kuzatuv kengashlari raislari va ijro organi rahbarining transformatsiya masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarlarining ishini muhokama qilib, ular faoliyatini muvofiqlashtirsin va nazorat qilsin;
har bir korxona rahbarining mazkur Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini soʻzsiz va belgilangan muddatlarda taʼminlash borasidagi hisobotini eshitib borsin, zarur hollarda ularning oʻz lavozimiga loyiqligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning ijro holati boʻyicha vazirlik va idoralar rahbarlarining shaxsiy hisobotini har chorakda tanqidiy muhokama qilib borsin;
zarur hollarda, davlat tashqi qarzi hisobiga amalga oshirilgan alohida investitsiya loyihalarining samaradorligi va natijadorligini mustaqil auditorlik kompaniyasini jalb qilgan holda baholash tashabbusi bilan chiqsin;
har oy yakuni bilan amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida muhokama qilib borsin.
25. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 10—ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
26. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 11—ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
27. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV