Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Joriy yilning 22 avgust kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish, nazorat qiluvchi organlarning masʼuliyatini oshirish va faoliyati ochiqligini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 sentyabrdagi PF–6314-son Farmoniga muvofiq Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (keyingi oʻrinlarda – Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil) tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish jarayonlarini muvofiqlashtirish va ularning ochiqligini taʼminlash, shuningdek, davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar va tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reestrlarini yuritish imkonini beruvchi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi ishga tushirilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki, nazorat qiluvchi organlar tomonidan 2022 yil 1 noyabrdan boshlab:
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olinadi. Bunda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida mazkur tizimda roʻyxatga olinmagan tekshiruvlarni oʻtkazish noqonuniy hisoblanadi;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari toʻgʻrisida maʼlumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) nazorat qiluvchi organlar:
“xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan oʻtkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlik subyektini xabardor qiladi;
tadbirkorlik subyektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va obyekti boʻyicha qayta tekshiruv oʻtkazishga va tadbirkorlik subyekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas;
tadbirkorlik subyektlari uchun profilaktika tadbirlarini Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishilgan reja-grafiklar asosida tadbirkorlik subyektlari moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmagan holda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, “ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qoʻllanmalar bilan taʼminlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida amalga oshiradi;
b) tadbirkorlik subyektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini quyidagi hollarda tekshiruv oʻtkazish uchun oʻz hududiga qoʻymaslik huquqiga ega:
tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi buyruq oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda;
tekshiruv belgilangan tartibda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud boʻlmaganida;
ular Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobiga maʼlumotlarni kiritishdan bosh tortganida;
v) 2023 yil 1 yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reestriga kiritilmagan funksiyalar boʻyicha tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish taqiqlanadi.
4. Adliya vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Savdo-sanoat palatasi va nazorat qiluvchi organlar bilan birgalikda 2022 yil 1 noyabrga qadar davlat nazorati funksiyalari va tekshiruvlarni qisqartirish boʻyicha takliflarni Strategik islohotlar agentligining kengashiga kiritsin.
5. Nazorat qiluvchi organlar Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga:
bir oy muddatda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga havola qilgan holda majburiy talablar roʻyxatini;
majburiy talablar oʻzgargan taqdirda, oʻzgartirish kiritilgan sanadan boshlab bir hafta muddatda yangilangan majburiy talablar roʻyxatini taqdim etsin.
6. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 15 sentyabrdagi PF–6314-son Farmoni talablariga muvofiq, “Yagona davlat nazorati” tizimida davlat nazorati funksiyalari, majburiy talablar, tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqiga ega mansabdor shaxslarning elektron reestrlari lozim darajada (dolzarb) va barcha uchun ochiq holatda yuritilishini taʼminlasin.
7. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Tekshiruvlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish tartibini, shuningdek, nazorat qiluvchi organlarning “xavfni tahlil etish” tizimlariga qoʻyiladigan minimal talablarni tasdiqlasin.
9. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil D.S. Qosimov hamda nazorat qiluvchi organlar rahbarlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV