TADBIRKORLIKKA KENG  YOʻL: Xorazmda poligrafiya sanoati yuksalishda 

0
529
marta koʻrilgan.

 

Mamlakatimizda xususiy biznes va tadbirkorlik faoliyatiga keng imkoniyatlar va shart-sharoitlar yaratib berilayotgani bois bugun vohamizga ishbilarmonlar tomonidan keltirilgan va yuksak samara bilan ishlab chiqarishga joriy etilayotgan bosma uskunalarning afzalliklari chop qilinayotgan gazetalarimiz qiyofasidayoq koʻrinib turibdi.

Bugungi kunda vohada chop etilayotgan bosma mahsulotlarning barchasi sifatli va rangli tasvirda oʻquvchilar qoʻliga yetib borishida tadbirkorlarning ulkan hissalari bor.

Bugungi pandemiya sharoitida ishlab chiqarish quvvatini pasaytirmasdan,  xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, ishchi oʻrinlarini saqlagan holda ishni tashkil qilish  korxonalarning muhim vazifalariga aylandi. Albatta bunday vaziyatda karantin qoidalariga qatʼiy amal qilish, mehnatkashlar salomatligini doimiy nazoratga olish  har bir rahbardan masʼuliyat talab etmoqda.

Keyingi yillarda viloyatimizga ishning koʻzini bilgan tadbirkorlar tomonidan respublikadagi boshqa turdosh korxonalar bilan tenglasha oladigan eng zamonaviy matbaa uskunalari keltirildi va qisqa muddat ichida mutaxassislarimiz uning imkoniyatlaridan samarali foydalana boshladilar. Iqtisodiyotda, ijtimoiy hayotda muhim ahamiyatga ega boʻlgan qogʻozni qayta ishlash, gofra karton, qadoqlash uchun qutichalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

 Zamonaviy matbaachilik haqida gap borganida uning tarixi va oʻtmishi toʻgʻrisida gapirib oʻtish  oʻrinlidir. Toshbosma vositasining Xorazm vohasiga qanday vaziyatda keltirilganiga bir nazar solamiz.

Matbaachilik tarixidan. 1874 yilda Markaziy Osiyoda, aynan Xivada toshbosma uskunasining ishga tushirilishi olamshumul ahamiyat kasb etgan edi.  

Ilm-fan, madaniyat, adabiyot va sanʼat homiysi boʻlgan Xiva xoni Muhammad Rahimxon II – Feruz hattotlar ishini yengillashtirish niyatida oʻzining eng ishonchli kishilari yordamida Eron, Rossiya, Hindiston va Xitoydagi toshbosmalarning faoliyatini puxta oʻrganadi. 1866 yilda Tehronda oʻnta bosmaxona ish olib borayotganidan voqif boʻlgan xon Xivada ham ana shunday toshbosma ochishga astoydil kirishadi. 1874 yilda xon buyrugʻi bilan kitob chop etish uchun Shveysariyaning Jeneva shahrida ishlab chiqarilgan dastgohlar Xivaga keltiriladi.

Xon toshbosmada yaxshi ishlay oladigan mutaxassislarni jalb etish maqsadida Erondan koʻmak soʻraydi va shartnoma asosida eronlik usta Ibrohim Sulton ishga taklif etiladi. Shu zaylda birinchi toshbosma (litografiya) Xiva xonligida ishga tushiriladi.

Ibrohim Sulton oʻziga munosib, ishonchli bir shogird va hamroh izlaydi. Kasbning mashaqqatli tomonlari koʻp boʻlgani uchun unga nafaqat jismonan baquvvat, chaqqon, balki zehni oʻtkir, bir nechta tillarni ham mukammal biladigan shogird zarur edi. Ana shunday munosib shogird Otajon Abdolov boʻldi. U fors tilini, arab alifbosini yaxshi bilgani, tabiatan zehni oʻtkir, shuningdek,uquvli va chaqqon boʻlgani uchun ham ustaga yoqib qoldi. 

Ustoz yosh shogirdiga kasb sirlarini puxta oʻrgatadi va qisqa vaqt ichida Otajon toshbosmani oʻzlashtirib oladi. Ibrohim Sulton shogirdi Otajon Abdol oʻgʻli bilan 1874 yilning oʻzida Alisher Navoiyning  “Hamsa” asarini va Munis Xorazmiyning  “Munis ul-ushshoq” (“Oshiqlar doʻsti”) asarini bosmadan chiqaradi. Ibrohim Sulton bir yil Xivada boʻlib Otajonga kitob nashr etish sir-sinoatlarini oʻrgatadi va bir yildan soʻng oʻz yurti – Eronga qaytib ketadi. Otajon Abdolov esa kitob bosishni davom ettiradi. Xiva litografiyasida 1876 yilda Abu Nasr Forobiyning “Nisobus-sibiyon” (“Bolalar nasibasi”), 1879 yilda Shermuhammad Munisning “Munis ul-ushshoq”, 1880 yilda Alisher Navoiyning “Xamsa”sidan, “Hayrat ul-abror” va 1882 yilda “Hazoyin ul-maoniy” va Muhammad Rizo Ogahiyning  “Taʼviz ul-oshiqin”, 1897 yilda Muhammad Rahimxon II — Feruzning “Devoni Feruz”, 1909 yilda Tabibiyning “Majmuot ush-shuaro” kitoblari bosmadan chiqqan.

“Otajon bosma”.  Shartnoma muddati tugab, Ibrohim Sulton oʻz yurtiga qaytib ketadi va ustozning ishlarini munosib davom ettirish Otajon Abdolov zimmasiga yuklatiladi. Yosh usta toshbosmaning yana koʻplab sir-sinoatlarini oʻrganishga harakat qildi va shu sohaning yetuk   mutaxassislari Aleksey Salapov hamda Gustav Shneydellarga shogirdlikka tushadi. Otajon qisqa vaqt ichida toshbosma usulining barcha sirlarini oʻrganib, uni sanʼat darajasiga koʻtarish erishadi ham. Bora-bora mahalliy xalq oʻrtasida Otajon Abdolov “Otajon bosma” nomi bilan mashhur boʻladi.

Xiva bosmaxonasidagi ishlar yillar oʻtishi bilan yana rivojlandi. Feruz — Muhammad Rahimxon II matbaachilikning koʻplab uskunalarini keltirish va joriy etish maqsadida Otajon Abdolovni Toshkent, soʻngra Moskva shaharlariga joʻnatadi. Usta borgan yerlarida gazeta, kitob chop etish kasbining sir-asrorlarini mukammal oʻrganadi va shu sohaning yetuk, bilimdon kishisiga aylanadi. Koʻplab shogirdlar tarbiyalaydi, ularga oʻz ishini oʻrgatadi.                                  

1920 yilga qadar Xivada koʻplab kitoblar bosmadan chiqarilgan boʻlsa-da, hali gazeta chop qilinmagan edi. Zero, bu vaqtda Turkistonning boshqa hududlarida toshbosmada gazetalar allaqachon chiqarilib boshlangan  edi. Shu yilning oʻzida Xivaga yana koʻplab yangi matbaachilik uskunalari, bosmaxona jihozlari, elektromotor va harflar keltiriladi.

Shu yildan eʼtiboran Xivadagi toshbosma faoliyatida butkul  yangi bir bosqich boshlanadi. Yaʼni gazeta chop etish yoʻlga qoʻyiladi. Shu yilning 8 mart kuni “Inqilob quyoshi” (hozirgi “Xorazm haqiqati”) gazetasining birinchi soni bosmadan chiqadi. 1927 yilda Otajon Abdolov dunyodan oʻtadi. Uning bu ezgu ishlarini shogirdlari davom qildiradilar.

 Xorazmda matbaachilik sanoatini haqiqiy sanʼat darajasiga koʻtarganlar. Xivadagi bosmaxona 1928 yilning 1 iyulida Urganch shahriga koʻchiriladi. Otajon Abdolovning munosib izdoshlari Xiva, Urganch shaharlari va vohamizning barcha tumanlarida bu xayrli ishni davom ettirdilar. Vohada matbaachilik sanoatini haqiqiy sanʼat darajasiga koʻtargan Otajon Abdolovning shogirdlari Ota Miskinov, Nizomiddin Shamsiddinov, Boybobo Mahmudov, Rahimbergan Xudoyberganov, Sodiq Halimov, Matyoqub Kamolov,  Boyjon Otajonov, Rahmonqul Otajonov, Qodir Abdullayev, Matrasul Masharipov singari kishilarning samarali mehnat qilganliklarini alohida taʼkidlash mumkin.

Bugungi matbaachilik. Matbaachilik sohasi Oʻrta Osiyoda ilk bor Xorazmda, aynan Xivada tashkil topgani voha odamlarining qalbida oʻziga xos gʻurur uygʻotishi tabiiy. Bugungi kunda ham Otajon Abdolovning haqiqiy izdoshlari, ana shunday qoʻli gul matbaachilar – Xiva shahridagi “Komil Erkin” ICHSF, Urganch shahridagi “Xorazm viloyat bosmaxonasi”, “Quvonchbek-Mashhura” MCHJ, “Urganch tezkor matbaa”, MCHJ bosmaxonalari,  Gurlandagi “Sher”, Xonqa tumanidagi “Eʼtiqod” xususiy firmasi bosmaxonalarida samarali faoliyat olib bormoqdalar.

Viloyatdagi ellik bitta bosmaxonada zamonaviy matbaa uskunalari yuqori natijalar bilan ishlab chiqarishga joriy etilgan.

Hozirda “Xorazm”, “Quvonchbek-Mashhura” nashriyotlarining turli nomdagi adabiyotlari, kitoblar, uslubiy qoʻllanmalar zamonaviy ofset matbaa uskunalari yordamida chop etilmoqda.   

Bugun Otajon Abdolovning izdoshlari – viloyatimizning  fidoyi tadbirkor matbaachilari shu sohaning tom maʼnodagi mutaxassislariga, tajribali noshirlariga aylanishgan.

Viloyatda  Yaponiya, Chexiya, Hindiston, Xitoy va Shveysariyada ishlab chiqarilgan ofset matbaachilik uskunalari samarali ishlatilmoqda. Mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash, buyurtmachilarga namunali xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Toshkent, Moskva shahridan, Hindiston, Xitoy davlatlaridan  mutaxassislar taklif etilib, yoshlarga matbaachilik sir-asrorlari oʻrgatib kelinmoqda.

Investitsiyalar va yangi ish oʻrinlari. “Quvonchbek-Mashhura”, “Urganch tezkor matbaa” MCHJ va “Komil Erkin” ICHSF bosmaxonalariga eng soʻnggi rusumdagi matbaa uskunalarining keltirilishi va rejalashtirilishi barobarida yuzlab ishchi oʻrinlari yaratildi. Keyingi uch yil ichida sohaga 1 millionga yaqin AQSH dollari miqdorida lizing va kredit liniyalari hisobiga chet el investitsiyalari kiritildi.

Otajon Abdolov izdoshlari-oʻz sohasining  ishbilarmonlari, matbaachilarga xalq farovonligi, yurt tinchligi, farzandlarimiz kelajagi, oilalarimiz baxti-saodati yoʻlidagi  ishlarida omadlar yor boʻlishini tilaymiz.

 Dilbar BEKCHANOVA,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi Xorazm viloyati  boshqarmasi boshligʻi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.