Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish boʻyicha yangi tashabbuslar ilgari surildi

0
101
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot sohasidagi vazifalarga toʻxtalar ekan, biznes muhitini yanada yaxshilash eng muhim masalalardan biri boʻlib qolishini taʼkidladi:

“Jahon bankining “Biznes yuritish” reytingida, eng yaxshi 50 ta mamlakat qatoriga kirish boʻyicha barcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni qabul qildik.

Hukumat ushbu tadbirlarning amaliy ijrosini samarali tashkil etishi zarur.

Yaqinda qabul qilingan yangi Soliq kodeksiga muvofiq, bu yildan boshlab koʻplab yangiliklar amaliyotga joriy etilmoqda.

Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 taga kamaytirildi. Soliqlarni toʻlash muddatini uzaytirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berish boʻyicha, yengillashtirilgan mexanizmlar kiritildi.

Birinchi marta tadbirkorlarga ichki bozorda sotgan mahsuloti boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻining bir qismini qaytarish tartibi joriy etilmoqda.

Hozirgacha bu tartib faqat mahsulot eksport qilinganda qoʻllanar edi. Buning hisobidan tadbirkorlar ixtiyorida 3,4 trillion soʻm yoki oʻtgan yilga nisbatan 2,5 barobar koʻp mablagʻ qoladi.

Endi tadbirkor tomonidan toʻlangan ortiqcha soliq oʻz muddatida qaytarilmasa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasi boʻyicha byudjetdan foiz toʻlanadi.

Buning ahamiyatini mana shu zalda oʻtirgan va “oynai jahon” orqali mening soʻzlarimni eshitayotgan tadbirkorlar, oʻylaymanki, hammadan koʻra yaxshi tushunadi.

Soliq kodeksi normalarini har bir soliq xodimi, tadbirkorlar va soliq toʻlovchilar puxta oʻzlashtirishi, buning uchun ularni muntazam ravishda oʻqitish zarur.

Soliq xizmati xodimlari dunyoqarashini tubdan oʻzgartirish va malakali kadrlarni tayyorlash maqsadida Davlat soliq qoʻmitasi qoshida Fiskal institutini tashkil etishni taklif qilaman.

Bu jarayonga katta tajribaga ega nufuzli xorijiy ekspertlarni jalb qilish zarur.

Shu bilan birga, tadbirkorlarni koʻp qiynaydigan soha – litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartiblarini jiddiy oʻzgartiramiz.

Ochiq aytish kerak, mavjud 280 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar orasida, faoliyat turlari hisobini yuritish, mablagʻ undirish yoki shunchaki “nazorat qilish” uchun joriy qilinganlari ham bor.

Bu esa tadbirkorlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.

Shu sababli Adliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman 2020 yil 1 martga qadar litsenziya va ruxsatnomalar berish asoslarini tubdan qayta koʻrib chiqib, ularning sonini kamida 2, boʻlmasa, 3 barobarga qisqartirish boʻyicha aniq taklif kiritsin.

Shuningdek, “Kichik va oʻrta biznes toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish zarur.

Unda kichik va oʻrta biznes mezonlari hamda bu soha vakillarini ragʻbatlantirish mexanizmlari nazarda tutilishi kerak.

Bu yil har bir hududda tadbirkorlarga yer uchastkalariga oid maʼlumotlarni ochiq va haqqoniy yetkazish boʻyicha yangi tizim joriy etamiz.

Unga koʻra, tadbirkorning faoliyat yuritishi uchun zarur boʻlgan boʻsh yer maydonlari, bino va inshootlar, ularning qiymati va shartlari haqidagi toʻliq xaritani istalgan vaqt va hududda “onlayn” tarzda olish imkoniyati yaratiladi.

Xabaringiz bor, bundan 2 yil oldin korxonalarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishga nisbatan eʼlon qilingan moratoriy muddati tugadi.

Lekin, bu yana eski usulda yoppasiga tekshir-tekshirlarni boshlab yuborish mumkin, degani emas.

Kimgadir bu yoqadimi-yoqmaydimi, biz bunga yoʻl qoʻymaymiz. Barcha nazorat idoralari rahbarlari shuni qulogʻiga yaxshilab quyib olsin.

2020 yil birinchi chorakda ilgʻor tajribalar asosida, barcha darajadagi nazorat qiluvchi idoralarda yangi zamonaviy tizim joriy etilishi shart.

Bu orqali har bir korxona va tadbirkor boʻyicha alohida-alohida ishlab, ularning qonuniy faoliyat yuritishini taʼminlash, tekshirishni esa eng soʻnggi favqulodda chora sifatida adolatli oʻtkazish lozim.

Mazkur masala yuzasidan, nazorat idoralarining rahbarlari parlament oldida har chorakda shaxsan hisobot berib boradi.

Bankrotlik borasidagi hozirgi tartib-tamoyillar korxonalarni tugatish va mol-mulkdan tushgan mablagʻlar hisobidan, qarzlarni qoplashni nazarda tutadi.

Shuning uchun, soʻnggi 3 yilda atigi 3 ta korxonada sanatsiya qoʻllanilgan, xolos.

Endi bunday qoidadan butunlay voz kechib, toʻlovga qobiliyatsiz korxonalarni eng ilgʻor xorijiy tajriba asosida sogʻlomlashtirish boʻyicha yangi tizim joriy etamiz.

Tadbirkorlar huquqlarini taʼminlashda Oliy Majlisning ikkala palatasi ham taʼsirchan parlament nazoratini yoʻlga qoʻyishi zarur.

Tadbirkorlik sohasida ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan ayrim jinoyat turlarini jinoyat toifasidan chiqarish siyosatini izchil davom ettirishimiz lozim.

Jumladan, soxta tadbirkorlik, raqobatchi obroʻsini tushirish kabi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik bekor qilinadi.

Shuningdek, bojxona qonun hujjatlarini buzish jinoyatini birinchi marta sodir etgan, lekin toʻlovlarni toʻlagan shaxslarni, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish kerak.

Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyekti aʼzolariga “jinoiy uyushma” degan ayblov qoʻyib, ularga ogʻir jazo tayinlash kabi allaqachon umrini oʻtab boʻlgan tartiblarni bekor qilish vaqti yetdi.

Buning oqibatida yuzlab tadbirkorlar qanchadan-qancha aziyat chekib, moddiy zarar koʻrayotganlarini inobatga olsak, bu oʻzgarishlarning qanday katta ahamiyatga ega ekani yaqqol ayon boʻladi.

Oliy sud, Bosh prokuratura, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi 2020 yil 1 aprelgacha ana shu masalalar boʻyicha tegishli qonun loyihasini puxta ishlab chiqishi lozim.

Yettinchidan, iqtisodiyotimiz rivojini, aholi bandligi va daromadlari oʻsishini taʼminlaydigan eng muhim sohalardan biri boʻlgan qishloq xoʻjaligini strategik yondashuvlar asosida taraqqiy ettirish zarur.

Tarmoqdagi hozirgi oʻsish surʼatlari bizni mutlaqo qoniqtirmaydi. Bu borada bozor mexanizmlarini keng joriy qilib, fermer va dehqonlar manfaatdorligini oshirmas ekanmiz, biz kutgan sezilarli oʻzgarish boʻlmaydi.

Shu bois, paxta va gʻalla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtamiz.

Agar bu yoʻldan bormasak, fermer va dehqonlarimizga mahsulot yetishtirishda erkinlik boʻlmaydi, ular oʻzi kutganday manfaat koʻrmaydi, hokimlarning esa ish uslubi oʻzgarmaydi.

Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini isloh qilib, agrar sohaning boshqa tarmoqlariga ham, arzon kreditlar ajratish yoʻlga qoʻyiladi.

Kelgusida Qishloq xoʻjaligi vazirligi soha korxonalariga koʻrsatma berish, resurslarni taqsimlash, reja belgilash kabi eski ish usullaridan mutlaqo voz kechishi zarur.

Buning oʻrniga, vazirlik servis tashkilotiga aylanishi, xususiy agrosanoat tashkilotlariga yer holatini aniqlash, ekin turlari va urugʻni toʻgʻri tanlash, zararkunandalarga qarshi kurashish, moliyaviy koʻmaklashish, mahsulot bozorini topish boʻyicha xizmat koʻrsatishi kerak.

Agrar tarmoqda fermerlik harakatini qoʻllab-quvvatlash bilan birga, paxta va gʻalla yetishtirishni klaster shakliga bosqichma-bosqich oʻtkazish boʻyicha izlanishlarimizni davom ettiramiz.

Meva-sabzavot, sholichilik, chorvachilik va ipakchilik kabi boshqa tarmoqlarda ham bugungi kun talabiga javob beradigan klasterlarni tashkil etish ishlarini davom ettiramiz.

Bu yil 2 milliard dollarlik, keyingi 5-7 yilda esa bundan 3-4 barobar koʻp meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish uchun mahsulot yetishtirishni keskin koʻpaytirish choralarini koʻrish zarur.

Parlamentimiz, ushbu islohotlarimizning huquqiy asosi boʻlgan “Kooperatsiya va klasterlar toʻgʻrisida”gi yangi qonunni tezroq qabul qilsa, ushbu katta reja va niyatlarimizga mos ish boʻlur edi.

Bu yil meva-sabzavotchilik, uzumchilik, urugʻchilik, chorvachilik, agro-logistikani rivojlantirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlari, soha uchun malakali kadrlarni tayyorlashga 3 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiramiz.

Chorvachilik, qorakoʻlchilik, baliqchilik, parrandachilik kabi sohalarda naslchilikka alohida eʼtibor qaratilib, uni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlari tatbiq etiladi.

2020 yilda 44 ming gektarda yoki oʻtgan yilga nisbatan qariyb 4 barobar koʻp maydonda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etamiz.

Buning uchun davlat byudjetidan 300 milliard soʻm subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarish jarayonlarini, suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish tizimini avtomatlashtirish zarur.

Ushbu masalalar Suv xoʻjaligini rivojlantirish konsepsiyasida oʻz aksini topishi kerak. Vazirlar Mahkamasi joriy yil 1 aprelga qadar ana shu konsepsiya loyihasini tasdiqlash uchun kiritsin.

Sakkizinchidan, turizmni iqtisodiyotning strategik tarmogʻiga aylantirish biz uchun ustuvor vazifa boʻlib qoladi.

Hukumat oldidagi eng muhim vazifalardan biri joriy yilda yurtimizga keladigan turistlar sonini 7,5 millionga yetkazishdan iborat.

Maʼlumki, qator nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalari 2020 yilda Oʻzbekistonni sayohatga albatta borish tavsiya etilgan mamlakatlar qatoriga kiritdi.

Biz bunday imkoniyatdan unumli foydalanishimiz kerak.

Katta salohiyatga ega boʻlgan ziyorat va tibbiyot turizmini ham jadal rivojlantirish zarur.

Yurtimizda 8 ming 200 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjud boʻlib, turizm marshrutlariga ularning atigi 500 tasi kiritilgan.

Hukumat uch oy muddatda ziyorat va anʼanaviy turizmni rivojlantirish mumkin boʻlgan marshrutlardagi obyektlar sonini 800 taga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilasin.

Yana bir vazifa – YUNYeSKOning Umumjahon moddiy madaniy merosi va Nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga Oʻzbekistondagi yangi obyektlarni kiritishni jadallashtirish lozim.

Joriy yilda yangi zamonaviy mehmonxonalarni qurishga davlat byudjetidan 200 milliard soʻm subsidiya ajratib, turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish zarur.

Toʻqqizinchidan, urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirgan holda, hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish kerak.

Ana shu ishlar doirasida 7 ta yirik shahar – Andijon, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Fargʻona, Namangan, Nukusga tutash boʻlgan 12 ta yoʻldosh shaharcha tanlab olinib, ularni rivojlantirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

 

Shunga bogʻliq yana bir masala – asosiy ishchi kuchi yashaydigan va ish oʻrinlari yaratilayotgan hududlarimiz oʻrtasida tafovut mavjud.

Buning yechimi – ichki migratsiyani erkinlashtirishdir.

Shu bois, parlament va Hukumat 2020 yil 1 aprelga qadar propiska tizimini isloh qilish boʻyicha xalqaro tajribani oʻrganib, aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim.

Uy-joy qurilishiga xususiy sektorni faol jalb qilmasdan turib, aholining uy-joyga boʻlgan talabini toʻliq taʼminlash mumkin emas. Shu sababli yangi ipoteka tizimi joriy etilmoqda.

Bu borada viloyatlardagi shaharlar va Toshkent shahrida 18 mingga yaqin hamda qishloqlarda 4 mingta uy-joy xususiy sektor tomonidan quriladi.

Davlat, banklar oʻrtasida sogʻlom raqobatni taʼminlash maqsadida, ularga qariyb 4 trillion soʻm mablagʻlarni auksionlar orqali ajratadi.

Kam taʼminlangan aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida shaharlarda 16 ming oilaga uy-joy olishga boshlangʻich badal va kredit foizini qoplashga byudjetdan 1 trillion soʻm subsidiya ajratiladi.

Mening eng katta niyatim shuki, Vatanimiz ichra har bir inson, oʻzining “kichik vatani”ga – uy-joyiga ega boʻlsa, bizdan xalqimiz ham, Yaratgan ham rozi boʻladi”.

Tadbir davom etmoqda.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.