Samarqand davlat universitetida oʻqiyotgan boshqa viloyat talabalari uchun saylov bayramona oʻtdi.
Talabalar endi saylovda qatnashish uchun ming kilometrlab masofa bosishi shartmas. Ham vaqt, ham mablagʻ tejaladi. Ota-onalar xavotir olmaydi, dars qolmaydi.
Xullas, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov tashabbusi bilan talabalar uchun madaniy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Suhbat bir piyola choy ustida davom etdi.
Mahfuza Xoʻjayeva, Samarqand davlat universiteti talabasi: – Oʻzbekiston yoshlari siyosiy jarayonlarga befarq emas. Saylov huquqi bizga kelajagimizni belgilash imkonini beradi. Vatan istiqboli haqidagi orzu-umidlarimiz roʻyobini koʻrsatadi. Samarqand davlat universitetida joylashgan 70-saylov uchastkasida ovoz berdim. Yoʻqsa Xorazmga borib-kelishimga toʻgʻri kelardi. Bu qulaylik biz, yoshlarni juda quvontirdi. Saylovda oʻz nomzodim uchun ovoz berdim. Prezident saylovini bayramday nishonlashga haqlimiz. Chunki bugun kelajagimizga poydevor qoʻyayapmiz.
Feruz Abdumoʻminov, talaba: – Men Surxondaryo viloyatidanman. Saylovda ovoz berish uchun uyga borib kelishimni oʻylab yurgandim. Saylovda yaratilgan qulaylik tufayli oʻzim tahsil olayotgan Samarqand shahrida turib, kelajagim, yangi imkoniyatlar va marralar uchun munosib nomzodga ovoz berdim. Bundan tashqari, saylovdan keyin tashkil etilgan madaniy tadbirlar ushbu sananing yuqori kayfiyatda oʻtishini taʼminladi.
Asal Jumanazarova, talaba: – Men Qoʻngʻirot tumanidanman. Yurtimizdagi siyosiy jarayonga befarq emasligim tufayli Prezidentlik saylovida ishtirok etdim. Yaxshi tomoni, oʻz universitetimda ovoz berdim. Uzoq hudud talabalari uchun yaratilgan bunday imkoniyat tufayli qancha yoshlar vaqtdan yutdi. Bu mana shu saylovda boʻldi. Oʻzbekiston yoshlari oʻz fuqarolik burchini bajarishi uchun oʻylangan bu tashabbusdan minnatdorman.
Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati