Taʼlim sifatini oshirish boʻyicha rejalar taqdimot qilindi

0
27
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab taʼlimini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida taʼlim tizimi islohotlari eng birinchi vazifa etib belgilangan. Shunga muvofiq, bu soha ham umumiy, ham ixtisoslashtirilgan tarzda rivojlantirilmoqda. Jumladan, yurtimizda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi va 182 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat yuritmoqda.

Oʻtgan yillardagi tajriba va hayot talabidan kelib chiqib, ulardagi yoʻnalishlarni takomillashtirish nazarda tutilmoqda. 

Xususan, Mirzo Ulugʻbek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda, tajriba tariqasida, muhandislik dasturlarini joriy qilish taklif etilmoqda. Bu dastur “Yangi Oʻzbekiston” universiteti dasturi bilan integratsiya qilinadi.

Yuqori malakali pedagoglar imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadida Prezident taʼlim muassasalari agentligi huzurida jamoatchilik asosida “Fan kengashlari” tuziladi. Bu kengashlar taʼlim dasturlarini ishlab chiqish, baholash tizimini takomillashtirish, oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini oshirishga jalb qilinadi.

Kelgusi oʻquv yilidan 14 ta maktabda fanlarni ingliz tilida oʻqitishni yoʻlga qoʻyish, 2025-2026 yillarda 8 ta yangi ixtisoslashgan maktab qurish rejalari ham bayon etildi.

Ijod maktablari boʻyicha ham takliflar bor. Jumladan, ularda taniqli adiblar va jamoat arboblari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Oʻquvchilarning ijodiy ishlarini Yozuvchilar uyushmasi hisobidan nashr etish yoʻlga qoʻyiladi. Turli koʻrik-tanlovlar oʻtkazish orqali iqtidorli yoshlar qoʻllab-quvvatlanadi.

Taʼlim sifatini oshirishda fan olimpiadalari muhim. Soʻnggi yillarda gʻoliblarni munosib ragʻbatlantirish tizimi joriy etilgani natijasida bilimga intilish kuchaydi. Talabgor oʻquvchilar, “katta beshlik” fan olimpiadalarida qoʻlga kiritilgan medallar avvalgiga nisbatan ikki baravar koʻpaydi. Mamlakatimizda Al-Fargʻoniy, Beruniy, Mendeleev nomidagi xalqaro olimpiadalar oʻtkazildi.

Bu ishlarni yangi bosqichga koʻtarish maqsadida Oʻquvchilarni fan olimpiadalariga tayyorlash markazi tashkil etish taklif qilinmoqda. Unga yetuk olimlar va xorijiy mutaxassislar jalb etiladi, oʻquvchilarning har biri rivojlanish dasturi orqali maqsadli tayyorlanadi.

Ishtirokchilarning xalqaro olimpiadalardagi yakuniy natijalaridan kelib chiqib, terma jamoa yetakchisini ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Barcha fan olimpiadalarini aks ettiradigan yagona olimpiadalar taqvimi va tayyorgarlik tizimi yaratiladi. Asosiy mashgʻulotlar bilan birga psixologik treninglar, boshqa jamoalar bilan qoʻshma yigʻinlar oʻtkaziladi.

Taqdimotda oʻquvchilar bilimini baholashning shaffof va xolis tizimini joriy qilish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Hozirda bilimning bahosi turli maktablarda turlicha. Imtihon varaqalaridagi savollar darajasi ham har xil. Xalqaro testologiya talablariga koʻra, hamma variantlardagi savollarning qiyinlik darajasi teng boʻlishi kerak.

Shu bois davlat yakuniy attestatsiyasida, yaʼni maktabni bitirish imtihonlarida oʻquvchilarning bilimini yagona nazorat materiallari asosida baholash taklif etilmoqda. Imtihon topshiriqlari yozma va amaliy shaklga oʻtkaziladi, javoblarni maxsus platforma orqali tekshirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi, savollar doimiy ravishda yangilanib boriladi.

Yana bir muhim yangilik – maktabni bitirish imtihonlarida oliy taʼlim muassasasiga kirish sinovlariga mos fanni tanlash imkoniyati yaratiladi.

Davlatimiz rahbari umumiy oʻrta taʼlim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, uning oliy taʼlim bilan mutanosibligini mustahkamlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Taqdimotda taʼlim va boshqa sohalarda madaniyatni keng yoyish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Yosh avlodda sanʼatga mehrni maktab va oliygohdan boshlab shakllantirish zarurligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda ijod maktablarida “Tasviriy sanʼat va chizmachilik” fani oʻrniga “Sanʼat” fani kiritish taklif etilmoqda. Bunda faqat rasm chizish emas, balki rangtasvir, hunarmandchilik, kinematografiya, haykaltaroshlik va dizaynga oid koʻnikmalar oʻrgatiladi.

Oliy oʻquv yurtlarida bu boʻyicha maslahatchi tizimini Madaniyat vazirligi bilan bogʻlab, maqom, baxshichilik, teatr meroslarini yoshlarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, yirik korxonalar va klasterlar qoshida ansambllar tuzilib, mahallalarda konsertlar, maktablarda madaniyat kunlari tashkil etilishi belgilandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.