Taʼlim sifatini oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

0
39
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktabgacha va maktab taʼlimi sifatini oshirish, pedagoglar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Oʻquvchilarning fanlarga qiziqishi va oʻrganishi koʻp jihatdan murabbiylarning bilim va mahoratiga bogʻliq. Shu bois pedagoglarning malakasini oshirishga zarur sharoit yaratilib, baholash tizimi takomillashtirib borilmoqda.

Mutasaddilar avvalo shu haqda axborot berdi.

Qayd etilganidek, attestatsiyada ilgʻor texnologiyalarga asoslangan yangi tartib joriy etilgan. Unda 190 mingdan ziyod oʻqituvchilar qatnashib, shundan 51 ming nafarining toifasi oshirilgan.

Maktablarda bilimli va izlanuvchan pedagoglar koʻpayishini doimiy ragʻbatlantirish zarurligi taʼkidlandi.

2025 yil sentyabrdan oliy va birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilarning oylik maoshini oshirish taklifi bildirildi.

Attestatsiyadan oʻtolmagan, tajribasi yetarli boʻlmagan oʻqituvchilar uchun alohida dastur ishlab chiqib, malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Bu borada malaka oshirish markazlari hamda pedagogika kollejlari imkoniyatlaridan toʻla foydalanish zarur. Shu maqsadda, Prezident maktabi tajribasi asosida, Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida bogʻcha va maktablarning rahbar hamda pedagoglarini har 5 yilda malakasini oshirish tizimi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Hududlardagi 11 ta pedagogika kollejini Malaka oshirish markazlari tasarrufiga oʻtkazib, xorijdan trenerlarni jalb etish vazifasi qoʻyildi.

Shuningdek, kam quvvatda ishlayotgan pedagogika kollejlari negizida bogʻcha va maktablar, texnikumlar, “Barkamol avlod” maktabi tashkil qilinishi aytildi.

Ilgʻor tajribalarni ommalashtirish maqsadida oʻtgan yili 500 ta maktabda Prezident maktabi baholash tizimi joriy etilgan edi. Buning samarasida ulardagi oʻquvchilarning oʻzlashtirishi 53 foizdan 59 foizga oshgan. Yuqori natijaga erishgan maktablar rahbariyati va oʻqituvchilariga 40 foizgacha ustama belgilangan.

Shu bois ushbu baholash tizimi yangi oʻquv yilidan yana 1 mingta maktabda qoʻllana boshlaydi. Ularga 182 ta ixtisoslashgan hamda 500 ta tajribadan oʻtgan maktab biriktiriladi.

Shuningdek, 270 ta maktab interaktiv doska, 365 tasi kompyuter sinflari bilan jihozlanadi.

Taqdimotda Qori-Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti negizida Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish taklifi ham muhokama qilindi. Yangilangan institutga “mahalla – ota-ona – maktab” hamkorligini kuchaytirish, ota-onalar va bolalar uchun tarbiyaga oid adabiyotlar yaratish, jadidlarning tarbiyaviy qarashlarini ilmiy tadqiq etish kabi vazifalar qoʻyiladi. 5 ta ixtisoslik boʻyicha Ilmiy kengash faoliyati hamda magistratura va doktorantura boʻyicha kadrlar tayyorlash ham yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, Bahodir Jalolov va Oksana Chusovitina sport mahorati maktablarida xalqaro uslublarni joriy etish, oʻquv va mashgʻulotlar sifatini oshirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari pedagoglar tayyorlash sifatini oshirish, adolatli baholash va ragʻbat tizimini tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.