Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 iyundagi qaroriga muvofiq, “Yangi Oʻzbekiston” universiteti tashkil etilgan edi. Qarorda mazkur universitet uchun yer ajratish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda zamonaviy oʻquv kampusi loyihasi ishlab chiqish va qurish vazifasi belgilangan.
Tadimotda dastlab ushbu loyiha koʻrib chiqildi. Universitet uchun poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumani Doʻrmon yoʻli koʻchasi boʻyida 30 gektar yer ajratilgan. Majmua loyihasi Turkiyaning “Outdoor Factory” kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Unga koʻra, bu yerda 5 ta fakultet uchun oʻquv binolari, maʼmuriyat, oʻqituvchilar va talabalar uchun yotoqxonalar, oshxona, kutubxona, laboratoriya, sport saroyi va stadion barpo etiladi.
Hozir bu hududda Prezident maktabi bor. Kelgusida Prezident taʼlim muassasalari agentligi ham shu yerda joylashadi. Shu tariqa, hudud taʼlimga ixtisoslashgan yaxlit majmua boʻladi.
Davlatimiz rahbari majmuani sifatli qurish, oʻquv binolarida buyuk allomalarimiz siymosi va merosini aks ettirish, yoshlarning oʻqishi va harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Yana bir loyiha kelgusida davlat muzeylarini rekonstruksiya qilishga qaratilgan. Unga koʻra, binolarning arxitekturasi va tarixiy qiymatini saqlab qolgan holda ichki sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy texnikalar bilan jihozlash rejalashtirilgan. Jahondagi mashhur muzeylar tajribasi asosida eksponatlarning koʻrimliligini oshirish, tarixiy ashyolarni bezarar saqlash, keluvchilarga qulayliklar yaratish boʻyicha hamma jihatlar inobatga olingan. Bu ishlar natijasida muzeylarning koʻrgazma maydoni kengayib, aholi va sayyohlar uchun jozibadorligi oshadi.
Yashnobod tumanidagi “Texnopark” hududida akvapark barpo etish loyihasi ham istiqbolli. Buning uchun hozirda foydalanilmay turgan bino bilan birga 4,5 gektar yer moʻljallangan. Majmua toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyasi evaziga barpo etiladi. Bu yerda ochiq va yopiq suv havzalari, attraksionlar, tamaddixona, oʻyin maydonchalari boʻladi.
Maʼlumki, mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda. Shunga mutanosib ravishda, Yunusobod tumanidagi Astronomiya parki hududida gullar bogʻi barpo etish rejalashtirilgan. Bu joy aholining madaniy dam olishi, poytaxtimiz ekologiyasi yaxshilanishi uchun yana bir omil boʻladi.
Taqdimotda shaharlararo yoʻl infratuzilmasini yaxshilash chora-tadbirlari ham muhokama qilindi. Xususan, Pop tumani bilan Namangan shahri oʻrtasidagi avtomobil yoʻlini kengaytirish loyihasi koʻrib chiqildi.
Prezidentimiz bu hududning relyefini inobatga olib, yoʻlni haydovchilarga qulay qilib qurish, insonlar xavsizligini birinchi oʻringa qoʻyish zarurligin taʼkidladi.