Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 sentyabr kuni maktabgacha taʼlimni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Shaxs tarbiyasi va rivojlanishiga bolalikdan zamin qoʻyiladi. Shu bois davlatimiz tomonidan maktabgacha taʼlim tizimiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oxirgi yetti yilda bu tizimda qamrov darajasi 27 foizdan 74,6 foizga koʻtarildi. Kelgusi besh yilda buni 80 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, taʼlim-tarbiya mazmuni ham muhim. Bu oʻquv-metodik qoʻllanmalar taʼminoti, tarbiyachilar salohiyati, yangicha yondashuvlar kabi koʻp omillarni talab etadi.
Taqdimotda maktabgacha taʼlim sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar koʻrib chiqildi.
Jumladan, qamrovni kengaytirish maqsadida maktablarning boʻsh yerlarida davlat-xususiy sheriklik asosida bogʻcha qurishga ruxsat berish koʻzda tutilmoqda.
Davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan oʻquv-metodik materiallar hamma bogʻchalarda ham toʻliq emas. Nodavlat muassasalar internet manbalaridan foydalanmoqda. Shuning uchun endi barcha dasturlar Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining veb-saytida joylashtirilishi hamda undan bepul foydalanilishi belgilanmoqda.
Ilgʻor xorijiy tajribada bolalarning aqliy va kognitiv salohiyati, jismoniy, ruhiy, ijtimoiy holati doimiy kuzatilib, tarbiya yoʻnaltiriladi. Shundan kelib chiqib, Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida “Bolaning rivojlanish xaritasi”ni yuritish vazifasi qoʻyilmoqda.
Bogʻchalardagi pedagoglarning katta qismi oʻrta maxsus maʼlumotli. Sohada malaka oshirishning hozirgi muddati besh yilda bir marta. Bu jarayonni jadallashtirish maqsadida malaka kurslari oraligʻida “Metodik mahorat soati” va “Metodik mahorat kuni” tadbirlarini oʻtkazish moʻljallanmoqda. Shuningdek, bu yoʻnalishdagi oliy taʼlimda dual taʼlim shaklini ochish, sirtqi va kechki oʻquvlarda maqsadli kvotalarni oshirish taklif etilmoqda.
Bugungi kunda davlat bogʻchalarida davomat, oziq-ovqat xarajatlari qogʻoz shaklida toʻldirilmoqda. Endi biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasini qoʻllagan holda hisobotlarni raqamlashtirish talabi qoʻyilmoqda.
Taqdimotda iqtidorli yoshlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari ham muhokama qilindi.
Soʻnggi yillarda bu borada tayyorgarlik va ragʻbat tizimi ancha oʻzgardi. 2022 yilda oʻzbekistonlik oʻquvchilar xalqaro fan olimpiadalarida 45 ta medal olgan boʻlsa, bu yil 113 taga yetdi. Aslida dunyoga chiqa oladigan bilimli yoshlarimiz yanada koʻp.
Ularni puxta tayyorlab, natijadorlikni oshirish uchun xalqaro fan olimpiadalari ishtirokchilarini 5-8-sinflardan boshlab saralab olish yoʻlga qoʻyiladi. Har bir fan boʻyicha oʻquv dasturlari, adabiyotlar, metodik tavsiyalarva qoʻllanmalar takomillashtirilib, oʻquvchi va murabbiylarga yetkaziladi. Terma jamoalarga chet ellik mutaxassislar jalb qilinadi, xorijiy jamoalar bilan qoʻshma yigʻinlar oʻtkaziladi.
Bugungi kunda 22 ta xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchilar pul mukofoti bilan taqdirlanmoqda. Endi mukofotlanadigan olimpiadalar soni 28 taga oshiriladi. Respublika va xalqaro olimpiadalarda gʻolib boʻlgan oʻquvchilar, ularning oʻqituvchilari va terma jamoa rahbarlariga toʻlanadigan pul mukofotlari hamda sovgʻalar daromad soligʻidan ozod etiladi.
Davlatimiz rahbari takliflarni yanada sinchiklab oʻrganib, har tomonlama takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.