Taraqqiyot strategiyasi — keng koʻlamli islohotlarning huquqiy asosi

0
278
marta koʻrilgan.

Mamlakatimiz Prezidentining tegishli Farmoni bilan 2022−2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda uni «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlandi.

Ushbu hujjat kelgusi besh yilda mamlakatimizda «Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili asosida amalga oshiriladigan keng koʻlamli islohotlarning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-maʼrifiy asoslarini yaratishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Taʼkidlash joizki, Taraqqiyot strategiyasi soʻnggi yillarda mamlakatimizdagi tizimli ijobiy oʻzgarishlarning asosiy huquqiy poydevori boʻlib xizmat qilgan «Harakatlar strategiyasi»ni hayotga tatbiq etish natijasida kelib chiqqan xulosalar hamda toʻplangan ulkan tajriba va samarali xulosalar natijalari hamdir.

Taraqqiyot strategiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilganligi, muhokamalar jarayonida xalqimiz tomonidan bildirilgan 17,5 mingdan ortiq taklif va mulohazalardan kelib chiqib, loyihaga 100 ga yaqin konseptual hamda 200 dan ziyod aniq xarakterga ega oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganligining oʻzi ham bu muhim hujjat qay darajada xalqchil ekanligini yaqqol koʻrsatib turibdi.

Shu oʻrinda inson qadrini yuksaltirish, erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish eng oliy qadriyat sifatida qaralgan ushbu hujjat loyihasining muhokamalarida Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar, komissiyalar, deputatlar va Yoshlar parlamenti aʼzolari ham oʻzlarining asoslantirilgan taklif hamda tavsiyalari bilan faol ishtirok etdi.

«Inson – jamiyat – davlat» degan tamoyil asosida shakllantirilgan «Inson qadri uchun», «Davlat – inson uchun» degan ezgu gʻoyalarni hayotga tatbiq etish maqsadida ishlab chiqilgan ushbu dasturiy hujjatda yaqin va oʻrta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish tendensiyalari qanday boʻlishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan boʻlib, 7 ta ustuvor yoʻnalish yuzasidan keyingi besh yilda 100 ta maqsad va 398 ta vazifani amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Harakatlar strategiyasi doirasida beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha har yili qabul qilinib, hayotga izchil tatbiq etilgan davlat dasturlarining ijrosi natijasida Yangi Oʻzbekiston poydevorining tamal toshlari qoʻyildi.

Eng muhimi, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilgan izchil islohotlar Oliy Majlis palatalari faoliyatida ham muayyan ijobiy natijalarga erishilishi uchun zamin yaratdi.

Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda demokratik islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalarining mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish boʻyicha Oliy Majlis palatalariga qoʻshimcha vakolatlar berildi.

Birinchidan, hukumatning Davlat dasturi ijrosi boʻyicha parlament oldida har chorakda hisobot berishi amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Shunga muvofiq, Qonunchilik palatasida hamda uning qoʻmitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida hukumatning tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisoboti har chorakda koʻrib borilayotganligi belgilangan vazifalarning izchil bajarilishini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ikkinchidan, Oliy Majlisning faoliyatiga hukumat ishi ustidan parlament nazoratining muhim turi – muntazam ravishda oʻtkaziladigan «hukumat soati» instituti joriy etildi. Mazkur institut parlament nazorati faoliyatiga yangicha ruh olib kirdi. Zero, bu jarayon joylarda aholini tashvishga solib kelayotgan qator muammolar va masalalarni hal etishda ijro etuvchi hokimiyat hamda parlament hamkorligining eng samarali usuliga aylandi.

2021 yilda 7 marotaba «hukumat soati» oʻtkazilib, ularda hukumatning jami 8 nafar aʼzosi xalq vakillarining dolzarb masalalarga doir savollariga atroflicha javob berdi.

Uchinchidan, ijro hokimiyatining xalq vakillari oldidagi masʼuliyatini oshirish hamda Vazirlar Mahkamasini shakllantirish tartibini yanada demokratlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan hukumat aʼzolari nomzodlarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilish amaliyoti joriy etildi.

2021 yil davomida hukumat aʼzoligiga 9 nafar nomzod Qonunchilik palatasining majlislarida koʻrib chiqildi. Nomzodlarning muayyan sohani rivojlantirish boʻyicha yaqin muddatga va istiqbolga moʻljallangan harakat dasturi bilan deputatlar oldida chiqish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Bu esa oʻz navbatida, parlament nazoratining samaradorligini va deputatlar korpusining ham masʼuliyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Toʻrtinchidan, parlament nazorati obyektlari qatoriga xoʻjalik boshqaruvi organlari ham kiritildi. Shundan kelib chiqib, xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ham parlament soʻrovini yuborish institutidan foydalanish natijadorligi kengaytirildi.

Beshinchidan, BMTning barqaror rivojlanish maqsadlarini Oʻzbekiston tomonidan bajarishga, mamlakatimizning xalqaro reytinglar va indekslardagi koʻrsatkichlarini yanada yaxshilashga doir rejalar ijrosini nazorat qilish ham parlament amaliyotiga kirib keldi.

Shuni taʼkidlash joizki, oʻtgan davrda deputatlar korpusi parlament nazoratining anʼanaviy institutlaridan ham samarali foydalandilar.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga 2021 yil davomida 16 ta parlament soʻrovi yuborildi. Ularning natijasida ijtimoiy, sogʻliqni saqlash, taʼlim, qurilish sohalaridagi, shuningdek aholini tashvishga solayotgan va qiynab kelayotgan bir qator muammolar hal qilindi. Quyi palata majlislarida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining 23 marotaba axboroti «parlament eshituvi» tartibida   eshitildi, mansabdor shaxslarga 462 ta deputat soʻrovi yuborildi.

Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tomonidan oʻtgan yilda 19 ta qonunning ijro etilishi holati nazorat-tahlil tartibida oʻrganildi.

Qonunchilik palatasining oʻtgan davrdagi parlament nazorati yoʻnalishidagi faoliyatini yangicha mazmun-mohiyat bilan boyitish, amaliy natijadorlikka erishish, parlament nazorati natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlashga ustuvor vazifa sifatida qaraldi.

Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yilda jami 160 ta qonun loyihasi koʻrib chiqilib, 96 ta qonun qabul qilindi va maʼqullash uchun Senatga yuborildi. Jumladan:

ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, mehnat munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi;

aholini ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash, narxlar barqarorligini saqlab qolish hamda bu borada hukumatni qoʻllab-quvvatlash maqsadida qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar berishga qaratilgan qator qonunlar qabul qilindi;

er munosabatlarini tartibga solish, yerdan samarali foydalanishga qaratilgan «Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi, «Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida»gi «Dehqon xoʻjaliklari toʻgʻrisida»gi, «Tomorqa xoʻjaliklari toʻgʻrisida»gi qonunlar qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi;

xavfsizlikni taʼminlash sohasida «Favqulodda holat toʻgʻrisida»gi «Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida»gi, «Transport toʻgʻrisida»gi qonunlar qabul qilindi;

sud-huquq sohasidagi islohotlarning huquqiy asoslariga takomillashtirishga qaratilgan «Sudlar toʻgʻrisida»gi, «Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida»gi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodekslariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan qator qonunlar qabul qilindi.

Taraqqiyot strategiyasida mamlakatning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli subyekti sifatidagi rolini oshirish borasida koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarga erishishda hamkor mamlakatlar bilan hamda xalqaro tashkilotlar doirasida mintaqaviy va global masalalar boʻyicha muvozanatli, doimiy muloqot olib borish, yirik xalqaro tadbirlarda Oʻzbekistonning pozitsiyasini hamda umumjahon miqyosidagi tashabbuslarini ilgari surish, parlamentlararo tashkilotlar bilan hamkorlikni jadallashtirish masalalari bundan buyon ham parlamentning doimiy eʼtiborida boʻlib qoladi.

Ushbu yoʻnalishda Parlamentlararo Ittifoq, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi bilan amaliy hamkorlik rejalari tasdiqlanib, bugungi kunda bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining parlament diplomatiyasi konsepsiyasida Oliy Majlisning xalqaro hamkorlik va parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish sohasidagi faoliyatini amalga oshirishning strategik maqsad va vazifalari, ustuvor yoʻnalishlari, prinsiplari hamda mexanizmlari belgilangan.

Bugun Qonunchilik palatasi xalqaro yoʻnalishdagi ishining natijadorligi oshib, xalqaro aloqalar geografiyasi kengaydi.

Agar 2019 yilda Oliy Majlisda xorijiy davlatlar parlamentlari hamda Yevropa Ittifoqi parlamenti bilan jami 28 ta parlamentlararo guruh tuzilgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu parlamentlararo guruhlar soni 52 taga yetdi va «Oʻzbekiston — Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorlik qoʻmitasi huzurida Oliy Majlis delegatsiyasi tashkil etildi.

Hozirgi vaqtda Oliy Majlis xalqaro aloqalarining keng koʻlamli dasturi mamlakatimiz tashqi siyosiy yoʻlining muhim tarkibiy qismi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlarini ham ikki tomonlama shartnomalar yoʻnalishi boʻyicha, ham xalqaro parlamentlararo tashkilotlarida dadil ilgari surish imkonini bermoqda.

Qayd etish joizki, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar va joriy yil boʻyicha qabul qilingan Davlat dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining joriy yildagi ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda, avvalgi yillardan farqli ravishda butunlay yangicha gʻoya va maqsadlar asosida yondashildi.

Qonunchilik palatasining 2022 yil birinchi yarim yillikdagi faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqishda 2022 – 2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida va uni 2022 yilda amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturida, shuningdek mamlakatimiz Prezidentining qator dasturiy maʼruzalari, farmonlari va qarorlarida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi, parlament nazoratiga doir faoliyatini kuchaytirish, parlamentlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, parlament vakillarining xalq bilan doimiy muloqotini sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish kabi ustuvor maqsad va vazifalar aks ettirilgan.

Shuningdek kelgusidagi faoliyatimizning asosiy yoʻnalishlari sifatida Qonunchilik palatasi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, deputatlarning oʻz saylovchilari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqada boʻlish imkonini beruvchi alohida elektron platformani ishga tushirish va uni takomillashtirib borish hamda xalq vakillarining jamiyat hayotidagi eng muhim masalalarni hal etishdagi ishtirokini yanada kuchaytirishga doir bir qator vazifalar belgilangan.

Taraqqiyot strategiyasida qonun ijodkorligi va parlament nazorati jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini taʼminlash orqali jamoatchilikning davlat boshqaruvidagi tashabbuskorligini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish masalalariga ham alohida ahamiyat berilgan.

Parlament faoliyatida ham mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida amalga oshirilayotgan islohotlar va yangilanishlarga hamohang tarzda ochiqlik va shaffoflik bosh mezonga aylanib, qonun loyihalari muhokamasida jamoatchilik ishtiroki kengaytirilmoqda.

Xususan, Qonunchilik palatasining barcha majlislarini «Oʻzbekiston» va «Oʻzreport» telekanallarida hamda Qonunchilik palatasining «YouTube»dagi rasmiy sahifasi orqali jonli tarzda yoritish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Parlament faoliyati tadbirlarining toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatilayotganligi natijasida fuqarolar tomonidan bildirilgan koʻplab taklif va fikr-mulohazalar qonun loyihalarini yanada takomillashtirishga, shuningdek Qonunchilik palatasi faoliyatining shaffofligini taʼminlashga hamda hukumat aʼzolari, ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobdorligi darajasini oshirishga ham xizmat qilmoqda.

Media makonining talablari va ehtiyojlariga mos tarzda «Facebook», «Telegram» va «Instagram» kabi ijtimoiy tarmoqlar hamda «YouTube» videoxostingida «Oliy Majlis Qonunchilik palatasi» nomli rasmiy sahifalar ochilganligi palata faoliyatiga oid xolis, ishonchli axborot tarqatilish imkoniyatini bermoqda.

Taraqqiyot strategiyasida «Elektron parlament» doirasida deputatlarni oʻz saylovchilari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borish, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etish jarayonini raqamlashtirish masalalari boʻyicha ham vazifalar belgilangan.

Bu borada Qonunchilik palatasida deputatlarni oʻz saylovchilari bilan bogʻlash, shu jumladan ular bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borish, amalga oshirilayotgan ishlar, koʻrib chiqilayotgan hujjatlar va saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish imkoniyatini beradigan «Qonun ijodkorligi faoliyati tizimi» www.qonun.gov.uz hamda «Deputatlar portali» www.deputat.gov.uz axborot tizimi ishga tushirildi.

Bugungi kunda aynan deputatlar odamlarni bezovta qilayotgan dolzarb masalalar boʻyicha jamoatchilik bilan olib borilayotgan faol muloqotning tashabbuskori boʻlmoqda. Qonunchilik palatasi tomonidan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini, ularni amalda qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlarini aholining turli qatlamlariga tushuntirish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Qonunchilik palatasi faoliyatida elektron hujjat aylanishi tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib uni yanada takomillashtirish ustida ishlar olib borilmoqda. Shuningdek, «Elektron parlament» tizimini yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Kelgusida ushbu yoʻnalishdagi ishlar yanada rivojlantiriladi.

Taraqqiyot strategiyasida belgilab olingan maqsadlardan kelib chiqib, xalq deputatlari Kengashlarining hududlardagi islohotlar jarayonidagi rolini kuchaytirish maqsadida xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarida ayrim deputatlarning doimiy asosda ishlashi tartibi hamda «Raqamli xalq deputatlari Kengashi» loyihasi doirasida mahalliy vakillik organlari faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etiladi.

Qabul qilingan Davlat dasturida hududlarni rivojlantirish va investitsiya dasturlarini ishlab chiqish hamda muhokama qilishda hududdan saylangan deputatlarning ishtirokini kuchaytirish, parlament nazoratini birgalikda amalga oshirish boʻyicha Oliy Majlis palatalari tomonidan kelishilgan holda qarorlar qabul qilish hamda ularning ijrosini joylarda mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birgalikda taʼminlash amaliyotini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Davlat dasturida deputatlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi ishlarni yanada rivojlantirish masalalari alohida belgilab qoʻyilgan.

Jumladan «Hukumat soati»ni oʻtkazish doirasida hukumat aʼzolariga onlayn ravishda fuqarolardan kelib tushayotgan tizimli muammolar boʻyicha deputatlar tomonidan savollar berish tartibi joriy etiladi. Parlament palatalari aʼzolarining saylovchilar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borishi, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etish jarayonini raqamlashtirish, deputatlarni oʻz saylovchilari bilan bogʻlash, fuqarolarning parlamentda muhokama qilinayotgan har bir masaladan xabardor boʻlishini taʼminlash, saylovchilar bilan «qayta aloqa» imkoniyatlarini yanada kengaytiriladi.

Davlat rahbarining gʻoyalaridan kelib chiqib, deputatlar uchun parlament quyi palatasida zamonaviy, qulay va mutlaqo yangicha qiyofadagi «Parlament kutubxonasi» tashkil etildi. Bugungi kun andozalariga mos tarzda qurilgan ushbu Parlament kutubxonasi zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlandi hamda kutubxona fondi yangidan-yangi siyosiy va badiiy adabiyotlar bilan toʻldirildi. Kelgusida ushbu kutubxonaning imkoniyatlari yanada kengaytiriladi.

Deputatlarning saylov okrugida saylovchilar bilan tizimli muloqotini kuchaytirish, joylarda mavjud muammolarni oʻz vaqtida aniqlab, tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida deputatlar tashabbusi bilan deputat yordamchisi instituti joriy etildi va uning huquqiy asoslari yaratildi. Shundan kelib chiqib, kelgusida xalq vakillarining oʻz saylovchilari bilan yanada yaqinlashtirish, saylovchilarning kayfiyatidan doimiy ravishda xabardor boʻlib turish maqsadida deputat yordamchilari faoliyati takomillashtiriladi.

Deputatlarning qonun ijodkorligi faoliyatini jonlantirish dolzarbligicha qoladi. 2021 yilda deputatlar tashabbusi bilan atiga 12 ta qonun loyihasi ishlab chiqilib, quyi palataga koʻrib chiqish uchun kiritilgan. Bu koʻrsatkich juda oz hisoblanadi. Shu sababli deputatlarni bunday imkoniyatdan koʻproq foydalanishi uchun tegishli choralar belgilanadi.

Siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari bilan ularning markaziy Kengashlari, mahalliy Kengashlar va undagi deputatlik guruhlari oʻrtasidagi hamkorlik yanada rivojlantiriladi. Bunda, har yili parlamentning mahalliy Kengashlar bilan hamkorligi boʻyicha «Yoʻl xaritasi» ishlab chiqiladi, «Qonunchilik palatasi deputati – uning yordamchisi – mahalliy Kengash deputati» tizimi asosida qonun loyihalari boʻyicha fikrlar va takliflarni olish, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislarida, parlament nazorati tadbirlarida mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari vakillarining ishtirok etishi, ularning fikrlarini olish, qabul qilingan parlament qarorlari ijrosini joylarda mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birgalikda taʼminlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Qonun loyihalarini koʻrib chiqish sifatini yaxshilash maqsadida Qonunchilik palatasi qoʻmitalari huzurida tuzilgan ekspertlar guruhlari imkoniyatlaridan keng foydalaniladi, shuningdek, siyosiy partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari majlislarida har bir qonun loyihasini nomigagina emas, balki bir necha bor tom maʼnodagi prinsipial muhokamalardan oʻtkazish amaliyoti davom ettiriladi.

Parlamentning qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari bilan yoʻlga qoʻyilgan samarali hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. 2021 yilning noyabr-dekabr oylarida Parlament va Hukumat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qonun ijodkorligi sohasidagi ishlarni yangi yoʻnalishda tashkil etish maqsadida Qonunchilik palatasining Spikeri hamda Bosh vazir tomonidan tasdiqlangan «Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarini maromiga yetkazish borasida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan Qonunchilik palatasi qoʻmitalari aʼzolari va Vazirlar Mahkamasi tarkibiy boʻlinmalari xodimlari ishtirokida turkum seminarlar oʻtkazish» jadvali asosida Qonunchilik palatasi qoʻmitalari hamda Vazirlar Mahkamasining tarkibiy boʻlinmalari vakillari ishtirokida turkum seminarlar oʻtkazildi.

Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishish boʻyicha har yili qabul qilinadigan davlat dasturlarida belgilangan ustuvor vazifalarning samarali bajarilishida ham parlament nazorati muhim oʻringa ega ekanligidan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi tomonidan ushbu yoʻnalishdagi faoliyati yangicha yondashuvlar asosida amalga oshiriladi.

Jumladan, kelgusida Hukumat, davlat tashkilotlari va mahalliy hokimliklarning qurilish, turizm va sport, savdo va xizmat koʻrsatish sohalarida, qishloq va suv xoʻjaligida, hunarmandchilik, pillachilik va qorakoʻlchilik yoʻnalishlarida hamda investitsiya dasturlari doirasida 6 millionga yaqin yangi ish oʻrinlarini yaratish, taʼlim tizimida taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, aholi salomatligini saqlash va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish dasturini amalga oshirish, respublikaning har bir hududi boʻyicha ekologik vaziyatni yaxshilash, sanitar tozalash ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish, jumladan, aholi massivlarida «yashil bogʻlar» hamda «yashil jamoat parklari»ni tashkil etish borasidagi faoliyati ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishga, shuningdek aholini ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan yangi qonun loyihasini ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat qaratiladi.

Xulosa qilib aytganda, 2022–2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi nafaqat mamlakatimizning kelgusi besh yillik taraqqiyotini shu bilan birga, uning uzoq yillik rivojlanish strategiyasini belgilab beruvchi muhim hujjat hisoblanib, davlat va jamiyatning har tomonlama hamda jadal rivojlanishida, mamlakatimizni modernizatsiya qilishda va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Xalq saylagan vakillar orqali fuqarolar manfaatlarini ifodalovchi haqiqiy demokratik organ sifatida shakllangan, davlat hokimiyati organlari tizimida munosib oʻrin egallagan parlament kelgusida ham Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan keng koʻlamli islohotlarning huquqiy asoslarini mustahkamlashning faol ishtirokchisi boʻlib qoladi.

Nuriddinjon ISMOILOV, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri

Manbaa: parliament.gov.uz

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.