Tariximizni soxtalashtirishning salbiy oqibatlari yohud“Jaloliddin Manguberdi qabrtoshi” risolasiga sharh

2
1237
marta koʻrilgan.

Tariximizning yorqin siymosi, davlat arbobi, ulugʻ sarkarda, xalq qahramoni va Chingizxonning yovuz  maqsadlariga qarshi mislsiz ozodlik kurashi yoʻlboshchisi Jaloliddin Manguberdi bilan bogʻliq baʼzi chalkashtirilgan masalalarga oydinlik kiritish niyatida qoʻlga qalam oldik. Xalqimizning tarixiy ongini haqqoniy shakllanishiga toʻsiq boʻladigan sohta qarashlarni haqiqat jabhasidan  turib tahlil etish va bundan keyin tarixiy manbalar toʻgʻrisida fikr yuritilganda faqat asl manbalarni xolisona tilga kiritib, tariximizning ochilmagan qirralarini sahifalarga tushirish maqsadga muvofiqligini taʼkidlaymiz.

Biz tilga olmoqchi boʻlgan “Jaloliddin Manguberdi qabrtoshi” deya nomlangan moʻjazgina risola  Samarqand iqtisodiyot va servis institutining olimlari Murodxon Hoshimov va Mirvohid Daminov tomonidan hammualliflikda yozilgan. Adadi 10 nusxa va hajmi 0.75 bosma taboq boʻlgan ushbu kitobcha Samarqand iqtisodiyot va servis institutining bosmaxonasida 2014 yilda chop etilgan.

Risolada qayd etilishicha, uning yozilishiga turtki boʻlgan manba – Xatirchi tumanida oʻlkashunos sifatida faoliyat yurituvchi Isroil Karamovning “Koʻk tosh bobo” Jaloliddin Manguberdining qabrimi?” qoʻlyozma matni asosiy adabiyot tarzida qayd etilgan. Mualliflarning risolasini sayozlikka eltib tashlaydigan holat aslida ana shu shoshmashosharlik va risola yozishga masʼuliyatsiz yondashuvdan boshlangan. Hammuallif tarixchi olimlar buyuk tarixiy shaxsimiz, jahonga mashhur sarkarda haqida shunchalar yengil – yelpi fikrlarni ilgari suradiki, xatolar xatolarni yetaklab risola sahifalarini toʻldira boradi. Bunday asar bitishning foydasidan koʻra zarari koʻpdir. Barcha kitobxonlar arosat koʻchasida qoladigan, ertak sifat hodisalar yigʻindisidan choʻpchaklar mujassami hosil qilingan. Voqealar toʻqib bichishdan boshlanib, shunday holatda risola yakunlanadi. Bularni kitobchaning oʻz sahifalaridan matn va dalillarni keltirganimiz holda sharhlashni lozim topamiz.

Hammuallif olimlar risolasi quyidagi voqelikni keltirish bilan uning ilk sahifasini ochganlar: “Navoiy viloyati Xatirchi tumani Navandak qishlogʻi oldida 25-30 gektar joyni egallab yotgan eski Navandak qabristoni joylashgan. Qabristonda koʻplab eski arab yozuvida bitilgan qabr toshlari bor. Lekin afsuski koʻplarida yozuv oʻchib ketgan yoki toshlar boshqa joyga koʻchirib olib ketilgan. Lekin ulardan biri shakli va hajmi bilan Amir Temur qabri ustidagi nefrit toshiga oʻxshatib ishlangan va mahalliy aholi “Koʻk tosh” deb atagan serhasham qabr toshi saqlanib qolgan. Hozir bu tosh mahalliy aholi uchun ziyoratgoh joyga aylangan. Toshning aylanasi boʻylab arabcha yozuvlar oʻyib bitilgan. Navandak qishlogʻining vafot etgan tabarruk insoni Burxonxon Eshon bu yozuvni yozib olgan. Unda “Anbar Amir Jaloliddin binni Molik Dushoxiy, 850 xijriy “ yaʼni milodiy 1446 yil 30 iyun degan satrlar bitilgan. Bu satrlar koʻpchilikni hayron qoldiradi. Nahotki u Xorazm elining sheryurak oʻgʻloni Jaloliddin Manguberdiga taalluqli boʻlsa. Chunki keksa qoʻlyozmalarda(bu soʻzni mualliflar qoʻllar ekanlar, uning qayerda, qanday qoʻllash lozimligini ham oʻylab koʻrmaganlar holbuki keksa soʻzi qoʻlyozmaga nisbatan aslo qoʻllanilmaydi) masalan Nizomiy Jomiyning “Zafarnoma”sida Jaloliddin Manguberdining vafot etgan sanasi 1231 yil emas, 1446 yil yozilgan. Bu savollarga Navandak qishlogʻida faoliyat koʻrsatayotgan oʻlkashunos Karamov Isroil javob topa olgan”. Ushbu yarim sahifada keltirilgan sharh va tahlillar shunchalar yuzaki bitilganki, yoqa ushlamay hech iloj yoʻq. Chunonchi, unda qoʻllanilgan ushbu matnga diqqat qilamiz: “Anbar Amir Jaloliddin binni Molik Dushoxiy, 850 hijriy “ yaʼni milodiy 1446 yil 30 iyun” bu kabi qabr toshdagi yozuv va keltirilgan sananing Jaloliddin Manguberdiga nima dahli bor?

Bu yerda olimlar amir bilan sulton kabi siyosiy va harbiy atamalarda osmon bilan yercha farq boʻlsada, zarracha uning farqiga bormaganlar, asl manbalarda hech qachon buyuk sarkarda Jaloliddin binni Molik Dushohiy nomi bilan atalmaydi va atalmagan ham. Shuningdek, risolada qayd etilgan: “Nizomiy Jomiyning “Zafarnoma”sida, Jaloliddin Manguberdi nomi boshqacha Jaloliddin ibn Malikshoh deb atalgan” degan mualliflarning soʻzlari ikki karra xatodir. Aslida Jaloliddin Manguberdiga otasi Muhammad Xorazmshoh, bobosi Takash, umuman anushteginlar nomi qoʻshib aytilgan, bu soʻzlar uning muhrida ham, farmonlarida ham oʻz ifodasini topgan.

Endi kitobxonlar diqqatini risolaning 3-sahifasida bayon qilingan qaydlarga qarataylik. Mualliflar kitobxonga huddi Amerikani Kolumbdan keyin qayta kashf etgandek “yangilik”larni berib ularni yolgʻon va uydirmalar maydoniga (bu aslo tarix emas) boshlamoqchi boʻladilar: “Oʻndagi (matnda shunday beriladi, aslida undagi boʻlishi lozim) qabr toshidagi yozuvga kelsak, u (bu yerda mantiq yoʻq) haqiqatan ham Jaloliddin Manguberdi qabr toshi boʻlishi mumkin. Chunki Jaloliddin Manguberdi bizning davrimizdagina Manguberdi deb atala boshlangan, qadimiy qoʻlyozmalarda u Jaloliddin ibn Molikshoh (mualliflar dastlab  Malikshoh, keyin esa Molikshoh deya beradilar) deb atalgan. Toshdagi “Dushohiy” qoʻshimchasiga kelsak, Buyuk Xorazmshohlar Qutbiddin, Muhammad Otsiz, Elarslon, Alouddin Takash, Sulton Muhammad (Jaloliddinning otasi)  va Jaloliddinning oʻzi oʻzlarini “Dushohiy”, yaʼni Iskandari Soniydan keyingi ikkinchi podshoh deb atashgan”. Ushbu matnlarda grammatik, stilistik (soʻz tuzilishi va qurilishi)dan tashqari tarixiy hadisalarni  izohlashdagi uslubiy va ilmiy xatolar safma-saf turganligiga guvoh boʻlamiz. Tarix shunchalar xor boʻladimi, degan fikrga bormay iloj yoʻq. Bu mulohazalar olimning fikri emas, tarixdan xabarsiz avomning fikridan ham zaifroq, koʻchaning oldi-qochdi soʻzlari chang-chungi bilan aralash birikmasi boʻlib, ziyolilarcha tahlildan asar yoʻq, hayoliy  uydirmalar yigʻindisidir.

 Avvalo, Xorazmshohlar sulolasidan hech bir hukmdor oʻzini Dushoh siyosiy tahallusi bilan atamagan. Faqat Muhammad Xorazmshoh qoraxitoylarni magʻlubiyatga uchratib oʻziga Iskandari Soniy  nomini berib farmonlar chiqargani haqiqatdir. Boshqa Xorazmshohlardan hech biri bu iborani faoliyatlari davomida biror marta qoʻllamagan.

Muallif olimlar yuqoridagi voqealarni sahifalar bayonida davom qildirar ekanlar yana grammatik va tarixni soxtalashtiruvchi inqirozga mahkum xatolarni gʻij-gʻij kashf etishga intilaveradilar: “Jaloliddinning qabri nima uchun u halok boʻlgan Kavkazda yoki yurti Xorazmda emas, Xatirchi tumanidagi Shahri Bar-barda yotibdi? Bu savolga hammuallif. “jaloliddinshunos olimlar” faqat Jaloliddin halok boʻlgan davr va sharoitni tahlil qilgan holda fikr yuritish bilan javob berish mumkin, deya fikrlarini jarlik tomon yoʻnaltirishda davom qildiradi. Maʼlumki, Jaloliddin 1231 yilda mogʻol (matnda shunday yozilgan) istilochilariga qarshi jang olib borayotganda Kavkaz hududida qurdlar tomonidan oʻldirilgan.

“Oʻning (matnda shunday berilgan) qabri qaysi joyda ekanligi hozircha namaʼlum, (aslida nomaʼlum deb yozishi zarur edi) har holda Kavkazda ham, Xorazmda ham topilmagan. Lekin Jaloliddinning jangdosh doʻsti va tarixchisi Nisoviyning “Jaloliddin tarixi” kitobida yozilishicha Jaloliddin kurdlar tomonidan oʻldirilib Turkiyada dafn etilgan, maʼlum muddat oʻtgandan keyin suyaklarini yurtdoshlari yurtiga olib ketdi” degan fikri mavjud. Bu yerda mualliflar tarixni va tarixchi Shahobiddin Muhammad an-Nasaviyning aytmagan soʻzini uning nomidan keltirib tarixni soxtalashtirishga kirishadilar. Nasaviyning mazkur asarida “Jaloliddin suyaklarini maʼlum muddat oʻtgandan keyin “yurtdoshlari yurtiga olib ketdi” qabilidagi fikr mutlaqo yoʻq.

Bu olimlarning Nasaviyga qilgan jiddiy xurmatsizligi boʻlsa, ikkinchi tarafdan tarix ilmiga zoʻrma-zoʻraki uydirma olib kirishga qilingan salbiy harakatdan oʻzga  narsa emas. Holbuki, muqaddas kitoblarda olimlar yaratganning yerdagi va omma orasidagi amin insonlari, haqiqat, faqat haqiqatni targʻib-tashviq qiluvchlar, deya taʼrif etiladi. Tarixni soxtalashtirish ogʻir gunoh hisoblanadi. Zero, u haqiqat chirogʻi va qurolidir.

Risolaning toʻrtinchi sahifasi xato fikrlar xirmonidan iborat, tarix ilmidan yiroq turuvchi toʻqima va afsonalar, chalkashliklar zanjiri bilan mustahkamlangan. Undan bir lavhani kitobxonlar diqqatiga havola qilamiz: “Tarixdan maʼlumki, Jaloliddin Xorazmdan chiqib ketgandan soʻng Kavkaz hududi moʻgʻullarga qarshi jang olib bordi” (Bu fikr notoʻgʻri, dastlab Jaloliddin Niso orqali Nishopur, undan Gʻazna tarafga qoʻshin yigʻish uchun ketgan edi, soʻngra Parvon va Nilabda moʻgʻullar bilan savashib, soʻngra shimoliy Hindistonda jang olib bordi. Kavkaz tarafga esa oradan olti yil oʻtib kirib bordi).

 Uch nafar afgʻon sardorlari – Sayfiddin Agʻroq, Malik Aʼzam va Muzaffar Maliklar Nilab janggi arafasida 1221 yil yozi oxirlarida Jaloliddin qoʻshinini tark etib tashlab ketgan edilar, aslo Kavkaz hududida emas. Mualliflar risolasida voqealarni mutloq oyogʻini osmon qilib chalkashtirishda davom etgani etgan.

Xoʻjand xokimi Temur Malikni Jaloliddin bilan birgalikda moʻgʻullarga qarshi oxiriga qadar jang qildi tarzida yoritadilar. Temur Malik Jaloliddin Manguberdi qoʻshini safida oxirigacha jang qilmadi. U tushkunlikka tushib uzoq yurtlarga bosh olib ketadi va keksaygan chogʻida yurtiga qaytib keladi. Moʻgʻullar uni tanib qolib chopib tashlaydilar. U oʻzining Temur Malik ekanligini mardona tan oladi. Jasadi oʻz yurtida abadiy qoʻnim topishini istab, oʻlimiga tayyor boʻlib Vataniga qaytadi va oʻzi istaganidek oʻlim topdi.

Mualliflar risolasida uydirma ustiga uydirma, choʻpchak ustiga choʻpchak toʻqib Jaloliddin Manguberdi hokini Temur Malik yurtiga keltirib, Navandak qabristoniga dafn qildi tarzida toʻqima toʻqib tashlaydilar. Holbuki Temur Malik Iroq va Suriya, Kichik Osiyo shahar va viloyatlarida darbadar umrguzaronlik qilib, eng keksaygan chogʻida Vataniga holdan toygan holatda zoʻr-bazoʻr tarzda kirib keldi. Ana shu uydirmalardan soʻng Temur Malikning Jaloliddin Manguberdi jasadini qanday qilib Navandak qishlogʻidagi qabristonga olib kelinganligini isbotlashga zoʻrma-zoʻraki urunaverishda davom etib toʻqib bichishga erk beraveradilar. Natijada asossiz tahminlar buluti risolani qamrab, oʻzgalar tugul oʻzlarini ham ishontira olmaydigan mavhumlik maydonida javlon urganlar.

Xulosa shuki, bunday risolani ikkovlon boʻlib yozib, soxta narsani xalqqa taqdim qilgandan koʻra olimlik xurmatini saqlab nochor ilmini elga tortiq qilishdan tiyilib jimlik maydonida turgan oʻn chandon afzal. Har kim oʻz holini bilib shunga yarasha harakat qilsa, beliga ogʻirlik tushmaydi. “Holini bilgan kishi donodir” matali ham shundan kelib chiqqan haqiqatdir.

 Jumaboy Raximov,

Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi

Harbiy-texnik instituti ijtimoiy-gumanitar fanlari

kafedrasi dotsenti, jaloliddinshunos olim

Bekzod Abdirimov,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyat boʻlimi rahbari

 

Yoyish

2 Mulohaza

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.