Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev respublikamizning qaysi hududiga bormasin, avvalo u yerda islohotlarning borishi, ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning amalga oshirilishi, odamlarning turmush sharoitlari va kayfiyati bilan qiziqadi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Prezidentimiz Xorazm viloyatida ham hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, viloyat va tuman hokimlari va tegishli sohalar mutasaddilari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari viloyatda keyingi paytda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda koʻplab masalalar toʻplanib qolgani, muammolarni hal etishda viloyat rahbariyatining ishni boʻshashtirib yuborgani, viloyatning birinchi rahbarida talabchanlik va qatʼiyat yetishmaganini koʻrsatib oʻtdi. Shuningdek, viloyat, shahar va tumanlardagi sektorlarning ishlari ham qoniqarsiz tashkil etilganini qayd etdi.
Yigʻilishda hech narsa qarsak bilan boʻlmasligi, ishdagi tartib va intizom yuqori natijalarning qoʻlga kiritilishida birlamchi omil boʻlishi lozimligi aytib oʻtildi.
Viloyatda koʻplab sohalarda oqsoqliklar kuzatilmoqda. Yangi ish joylarini tashkil etish, byudjetning daromadlar bazasini kengaytirish, viloyat eksport salohiyatini oshirish, boqimanda qarzdorlikni kamaytirish, shahar va qishloqlarni obodonlashtirish ishlarida jiddiy qoloqliklar mavjudligi, viloyatning turizm imkoniyatlari keng boʻlishiga qaramasdan, ushbu sohada ham koʻplab muammolar toʻplanib qolganligi taʼkidlandi.
Ishda yoʻl qoʻygan jiddiy kamchiliklari uchun Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining 21 aprel kuni boʻlib oʻtgan navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Ilgizar Sobirov vazifasidan ozod qilingan edi. Uning oʻrniga Farhod Ermanov viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangandi.
Yigʻilishda yoʻl qoʻygan sustkashliklari uchun viloyat hokimining iqtisodiy masalalar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Maqsud Sapayev, Investitsiyalar boʻyicha oʻrinbosari Temur Rahmonov hamda Qoʻshkoʻpir tumani hokimi Sardor Yusupov egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Bundan tashqari, sektor rahbarlariga, bir qancha mutasaddilarga intizomiy jazo choralari koʻrildi va ularga sinov muddati berildi.
Yigʻilishda viloyatning yangi rahbariyati va barcha mutasaddilar oldiga qator vazifalar qoʻyildi.
Barcha hokimlar, idora va tashkilotlar rahbarlari uygʻonishi, oʻzini qiynashi kerak. Viloyatni rivojlantirish, odamlarni rozi qilish va ularning turmush farovonligini oshirish har bir rahbarning asosiy vazifasi boʻlishi kerak, dedi Prezidentimiz.