«Tashkent Book Fest» III Xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi boʻlib oʻtdi

0
232
marta koʻrilgan.

«Oʻzekspomarkaz»  majmuasida AOKA tashabbusi bilan «Tashkent Book Fest» III xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi boʻlib oʻtdi.

Anʼanaga aylangan tadbirda Buyuk Britaniya, Turkiya, Hindiston, Ozarbayjon, Belarus, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Rossiya Federatsiyasi, Armaniston, Tojikiston kabi qator davlatlardan soha mutasaddilari, yetakchi nashriyotlar va kitob savdo tashkilotlari vakillari, mahalliy matbaa-noshirlik korxonalari xodimlari, ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik ishtirok etdi.

«Tashkent Book Fest — 2022» III Xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi – kitobsevarlar va mutaxassislar  uchun ulugʻvor  mutolaa maydoniga aylandi.

AOKA rahbari «Tashkent Book Fest» III xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi doirasida qator xorij mutasaddilari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Masalan, agentlikda xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi doirasida tashrif buyurgan Rossiya kitob uyushmasi prezidenti Sergey Stepashin bilan  boʻlib oʻtgan uchrashuvda AOKA va Rossiya kitob uyushmasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shuningdek, Agentlik direktori A.Xodjayev Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi qoshidagi Kutubxonalar va nashriyotlar agentligi bosh direktori Ali Odabashi, Turkiya Noshirlar uyushmasi raisi, Xalqaro nashriyotchilar uyushmasi ijroiya kengashi  aʼzosi Kenan Kojaturk, Turkiya Matbuot va axborot uyushmasi raisi Mustafo Karaguloglu, Turk tili Assotsiatsiyasi direktor oʻrinbosari Omar Goʻk, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi Kommunikatsiyalar boʻyicha maslahatchisi Hamdi Turshuju bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tarixiy, etnik, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy madaniyatni saqlab qolish va rivojlantirishda kitob mutolaasini ommalashtirish, axborot-kutubxona, noshirlik va matbaa xizmatlarini takomillashtirishning ahamiyati, bu borada mavjud muammolar va yutuqlar, ularning yechimida hamkorlik qilish hamda ilgʻor tajribalarni almashish muhokama qilindi. 

Uch kun davom etgan xalqaro tadbirning yopilish marosimida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori oʻrinbosari Gʻayrat Bozorov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, «Maʼnaviyat» nashriyoti bosh muharriri Muzrob Boʻronov va boshqa masʼullar ishtirok etdi. Unda kitob festivali yakunlari sarhisob qilinib, uning ahamiyati, mamlakatimizda axborot, noshirlik, matbaachilik sohalarini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishdagi muhim oʻrni alohida eʼtirof etildi.

«Bu yil uchinchi bor tashkil etilgan «Tashkent Book Fest» Xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasining keng miqyosda oʻtgani, oʻzining maqsadi, mazmuni va mohiyati bilan barcha yoshdagi kitobxonlarning eʼtiboriga tushgani, ishtirokchilar safining kengaygani quvonarlidir.

Qayd etish kerakki, koʻrgazma-yarmarka doirasida boʻlib oʻtgan davra suhbatlari, seminar-trening va mahorat darslari, kitobxonlik tanlovlari, turli aksiya va madaniy-maʼrifiy dasturlar ishtirokchilarga manzur boʻldi.

Shuningdek, «Tashkent Book Fest» Hayʼat aʼzolari tomonidan koʻrgazma-yarmarka doirasida oʻtkazilgan «Eng yaxshi kitob» koʻrik-tanlovining gʻolib va sovrindorlari eʼlon qilindi.

Bosh mukofot — Gran-pri “Manas” hamda Ch.Aytmatov Milliy Akademiyasiga (Qirgʻiziston) “Manas”ni dunyoga tanitganlar” nomli kitoblar turkumi hamda noshirlik sohasida erishgan yuksak natijalari uchun berildi.

Shuningdek, yana bir qator nominatsiyalar boʻyicha eng yaxshi nomzodlar aniqlanib, I-darajali Diplom bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, yana qator qoʻshimcha nominatsiyalar orqali koʻplab nashriyotlar taqdirlandi. Gʻolib va sovrindorlarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi. Ularning toʻliq roʻyxati bilan ushbu havola orqali batafsil tanishishingiz mumkin.

Ushbu tadbir «Taraqqiyot strategiyasi»da belgilangan “Kitobsevar millat” umummilliy gʻoyasi targʻibotida hamkorlik qirralarini kengaytirish koʻzlangan maqsadlarga erishishda hamda mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirishda samarali xizmat qiladi

Shaxsan men uchun juda qiziqarli va samarali tadbir boʻldi. Oʻylaymanki, bu barcha ishtirokchilarda katta taassurotlar qoldirdi.

Javlon SAʼDULLAYEV, III Xalqaro kitob koʻrgazma-yarmarkasi ishtirokchisi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.