Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 mart kuni makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, biznesni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Xalqaro ekspertlar jahon iqtisodiyotidagi hozirgi murakkab vaziyat uzoq davom etishini prognoz qilishmoqda. Bu esa ichki bozordagi narx-navoga, ayniqsa, oziq-ovqat narxlari va inflyasiyaga salbiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi, albatta.
Shu bois, bu omillar Prezident rahbarligida muntazam tahlil qilinib, zarur choralar koʻrib borilmoqda. Bu oʻz natijasini berib, ichki bozorda moʻtadillik taʼminlanmoqda.
Xususan, goʻsht, sut, kartoshka, tuxum, guruch narxining oshishiga yoʻl qoʻyilmadi. Chet el korxonalari Toshkent tovar-xomashyo birjasida oziq-ovqat mahsulotlarini sotishi uchun qoʻshimcha sharoit yaratildi. Valyuta bozori va ayirboshlash kursi barqarorlashdi.
– Bu borada xalqimizda ortiqcha xavotir yoki bezovtalik boʻlmasligi kerak. Valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiramiz yetarli, – dedi davlat rahbari.
Kirib kelayotgan Ramazon oyida narxni arzonlashtirish katta savob ekani, buning uchun oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga amaliy yordam koʻrsatish zarurligi taʼkidlandi. Shu maqsadda oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun avval berilgan imtiyozli mablagʻlarni qaytarish muddati yil yakuniga qadar uzaytirildi.
Bosh vazir rahbarligida respublika shtabi hamda hokimlar boshchiligida hududiy shtablar tashkil etildi. Ularga bozordagi narx-navoni kundalik oʻrganib, mahsulotlarni aholi talabiga qarab qoʻshimcha yetkazib berish topshirildi. Oziq-ovqat va xomashyoning birja savdolariga chiqarilishi ustidan kunlik nazorat oʻrnatish, sunʼiy ravishda narx oshishining oldini olish vazifasi qoʻyildi.
– Hozir dunyoda murakkab davr davom etayapti, har kuni yangi sinovlar bilan toʻqnash kelayapmiz. Lekin, ertaga nima boʻladi, deb kutib oʻtirish yaramaydi. Muammolarni tezkor aniqlab, hal qilish va yangi imkoniyatlarni izlab topishimiz kerak, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Tashqi xavf-xatarlar taʼsirini kamaytirish maqsadida tadbirkorlarni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi.
Jumladan, banklar tomonidan tadbirkorlarga xomashyo sotib olish va aylanma mablagʻlar uchun qoʻshimcha 10 trillion soʻm “revolver” kreditlar ajratiladi. Davlat dasturlari doirasida meva-sabzavotchilik, oilaviy tadbirkorlik, ipoteka va taʼlim kreditlari hajmi ham, imtiyozli stavkalari ham saqlab qolinadi.
– Qanchalik ogʻir boʻlmasin, ajratiladigan mablagʻlarni kamaytirmaymiz va yukini oshirmaymiz, – dedi Prezident.
Shuningdek, soliq maʼmurchiligidagi yangi mexanizmlar boʻyicha yil yakunigacha jarima qoʻllamaslik, bojxona imtiyozlarini qoʻllash davrini uzaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda Toshkent investitsiya forumi yakunlariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Mazkur anjumanda qariyb 8 milliard dollarlik shartnomalar va kelishuvlariga erishilgan. Koʻplab xorijiy tadbirkorlar yurtimizda oʻz biznesini boshlash yoki rivojlantirish istagini bildirgan.
Bu kelishuv va tashabbuslar toʻla amalga oshishi uchun investorlarga barcha sharoit yaratilishi qayd etildi. Iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlariga xorijiy kompaniyalar bilan kelishib, ularning ishlab chiqarish zanjiriga qoʻshilish vazifasi qoʻyildi. Navoiy, Samarqand, Toshkent, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida qoʻshni mamlakatlar bozoriga mahsulot yetkazib beruvchi ulgurji savdo hududlari tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Hudud va tarmoqlarda xarajatlarni qisqartirish, taʼmirlash, avtomobil, mebel va ofis anjomlari xarid qilishni toʻxtatib turish boʻyicha qatʼiy koʻrsatmalar berildi.
Xalqaro moliya bozoridagi hozirgi nobarqaror vaziyatda chetdan mablagʻ jalb qilish qiyin boʻladi. Bunday sharoitda eng toʻgʻri yoʻl – bor resurslardan oqilona va samarali foydalanish.
Masalan, bugungi kunda qiymati 9 milliard dollar boʻlgan 105 ta loyiha doirasida jalb etilgan mablagʻlar ishlatilmay turibdi yoki choʻzilayapti.
Shu bois, Bosh vazir oʻrinbosariga tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari bilan birga, har bir loyihani chuqur oʻrganib, ijrosini jadallashtirish, samarasiz va istiqbolsiz loyihalarni tugatish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Yigʻilishda aholi bandligi masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
– Bu masalaga faqat iqtisodiy koʻrsatkich sifatida emas, balki “xalqimizning ijtimoiy himoyasi” nuqtai nazaridan qarash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi ish oʻrinlari tashkil etish koʻrsatkichlari viloyat va tumanlar kesimida tahlil qilinib, kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.
Bugungi kunda 67 ta faoliyat turi oʻzini oʻzi band qilish shakliga oʻtkazilgan. Bunday kasblar yana 20 taga koʻpaytirilishi, bu orqali qoʻshimcha 150 ming aholi bandligini taʼminlash mumkinligi aytildi.
Hukumatga ehtiyojmand aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash koʻlamini yanada kengaytirish boʻyicha topshiriq berildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.