Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF–60-son Farmoniga muvofiq, tashqi savdoni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish, mahalliy tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish choralarini yanada kuchaytirish orqali yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar eksportini kengaytirish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2022 yil 1 apreldan boshlab:
a) 2023 yil 1 aprelga qadar:
mahalliy korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga Yevropa Ittifoqi davlatlariga yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 70 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
qoʻshni davlatlarga eksport qilingan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 50 foizgacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;
b) muvofiqlikni baholash organlarini xalqaro ILAC/IAF tashkilotlari aʼzosi hisoblangan akkreditatsiya idorasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan qoplab beriladi;
v) tadbirkorlik subyektlari tomonidan tovarlar (maxsus turdagi tovarlardan tashqari), ishlar va xizmatlar eksportini shartnoma tuzmasdan hisobvaraq-fakturalar (invoyslar) asosida amalga oshirishda talab etiladigan oldindan toʻlov miqdori 100 foizdan 50 foizga kamaytiriladi.
2. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (S.Umurzakov) (keyingi oʻrinlarda – Hukumat komissiyasi):
ikki hafta muddatda eksport qilishda tashish xarajatlarini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladigan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar roʻyxatini tasdiqlasin va uning Eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlashning yagona portalida (www.exportportali.uz) eʼlon qilib borilishini taʼminlasin;
Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
3. Moliya vazirligi Eksportni ragʻbatlantirish agentligining buyurtmanomalariga binoan mazkur Farmonning 1-bandida nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni respublika byudjetidan ajratib borsin.
4. Hukumat komissiyasiga mahalliy eksportchi korxonalarning murojaatlariga asosan eksportoldi va eksport bilan bogʻliq savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratilgan kreditlarni qaytarish muddatini yana olti oygacha uzaytirish vakolati berilsin.
Bunda, ushbu kreditlarni qaytarish muddatining oʻzgartirilishi Markaziy bank tomonidan kredit shartlari qayta koʻrib chiqilgan aktivlar sifatida hisoblanmasligi belgilab qoʻyilsin.
5. “Bojxona ombori” rejimida olti oydan koʻp boʻlgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvida bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarni qoʻllashni taqiqlovchi tartib bekor qilinsin.
6. Yoshlar tadbirkorligini yanada qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, innovatsion texnologiyalarga asoslangan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida Hukumat komissiyasining qaroriga asosan Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ularga 500 ming AQSH dollarigacha kreditlar ajratishga ruxsat berilsin.
7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga 2023 yil 1 yanvarga qadar Hukumat komissiyasi xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solishning vaqtinchalik mexanizmlarini joriy qilish vakolati berilsin.
Bunda, tayyor mahsulotlar eksportini ragʻbatlantirish, shuningdek, import shartnomalari qiymatlarini sunʼiy ravishda oshirish, ichki bozorga sifatsiz mahsulotlar kirib kelishi va kontrabanda holatlarining oldini olish choralari nazarda tutilsin.
8. “Oʻztreyd” va “Oʻzsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlariga tashqi savdo kompaniyalarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash maqsadida Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 10 million AQSH dollar mablagʻ ajratilsin.
Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi “Oʻztreyd” va “Oʻzsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi (jamgʻarmalaridagi) davlat aksiyalari (ulushlari) paketlari boʻyicha aksiyador huquqini amalga oshiradi.
9. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bir hafta muddatda Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga “Oʻztreyd” va “Oʻzsanoateksport” aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallaridagi (jamgʻarmalaridagi) davlat aksiyalari (ulushlari) oʻtkazilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
11. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari A.B.Voitov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.U.Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV