Taxiatoshdan 2000 yillik qadimiy qalʼa topildi

0
170
marta koʻrilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumani hududidan 2000 yillik tarixga ega Kushan imperiyasi davriga oid qalʼa qoldiqlari topildi. Ayni paytda bu yerda taniqli arxeolog olim, Oʻzbekiston Qahramoni Gʻayratdin Xoʻjaniyazov rahbarligida vaqtinchalik arxeologik ishlar olib borilmoqda. 

— Shu yil boshida, aniqrogʻi, 4 yanvar kuni Taxiatosh tumani hokimligidan tuman hududidan eski kulolchilik idishlari topilgani haqida qoʻngʻiroq qilib aytishdi, – deydi arxeolog Gʻ.Xoʻjaniyozov. – Shu kuni topilgan koʻzalarni menga olib kelib koʻrsatishdi. Ertasiga oʻsha yerga borib hududni koʻzdan kechirdik. Haqiqatdan ham bu yerda eski tarix izlari namoyon boʻlayotgandi. 

Qoraqalpogʻistonda chin maʼnoda arxeologiya ishlari oʻtgan asrning 36-37 yillari boshlangan boʻlsa, shu kungacha Taxiatosh tumani hech bir arxeologning nazariga tushmagan. Sababi bu yerda koʻzga koʻrinib turgan devorlar yoki qalʼa qoldiqlari yoʻq edi. Mana biz tuman hokimining iltimosiga binoan bu yerda vaqtinchalik arxeologik ishlarini olib bordik va bu yerdan yoshi 1800-2000 yillarga borib taqaladigan tarixiy yodgorliklarni topdik. 

Taxiatosh tumanining «Keneges» ovul fuqarolar yigʻini hududidan topilgan qadimiy qalʼa mahalliy aholini ham befarq qoldirmadi. U yerdan topilgan esdaliklar tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 4-umumtaʼlim maktabi muzeyiga topshirilmoqda. 

Mazkur muzey 2010 yilda maktabning tarix fani oʻqituvchisi Aralboy Nurjanovning tashabbusi hamda direktori Gulshod Iztleuovaning qoʻllab-quvvatlashi bilan tashkil etilgan. Hozirda bu yerda 1500 dan ziyod eksponat saqlanmoqda. Moʻjazgina muzeyda topilmalardan tashqari qadimiy milliy liboslar, taqinchoqlar, mehnat qurollari bilan tanishish mumkin. 

 Endilikda Taxiatoshning yoshi 2000 yil va undan ham uzogʻiroq vaqtlar bilan oʻlchanadi. 

Yesimqan QANAATOV, Qoraqalpogʻiston axborot agentligi direktori

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.