29-31-mart kunlari Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dzyudo boʻyicha anʼanaviy “Gran-Pri” xalqaro turniri boʻlib oʻtdi. 52 ta davlatdan 371 nafar (204 erkak, 167 ayol) sportchi qatnashgan nufuzli musobaqada yurtimiz sharafini 6 nafar dzyudochi himoya qildi.
Turnirning birinchi kunida hamyurtimiz Sharofiddin Lutfullayev (60 kg) Qozogʻiston, Rossiya va Moʻgʻuliston vakillarini magʻlub etib, yarim finalda fransiyalik Velide Kxyarga imkoniyatni boy berib qoʻydi. Yakunda sportchimiz turnirning bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Musobaqaning soʻngi kunida yana bir vakilimiz -100 kilogramm vazn toifasida bahs olib borgan Muhammadkarim Xurramov ham birinchi davrada hindistonlik Avtar Singx, ikkinchi bosqichda moʻgʻulistonlik Xangal Odbaatarni magʻlubiyatga uchratgan yurtdoshimiz chorak finalda gollandiyalik Mixayel Korrelga yutqazib qoʻydi. Uchinchi oʻrin uchun kechgan bahslarda fransiyalik Kleman Delver va italiyalik Juliano Loporchioni magʻlub etib, musobaqaning bronza medaliga sazovor boʻldi.
Eslatib oʻtamiz, ushbu musobaqada dunyoning yetakchi dzyudochilari medallar shodasi bilan birga Tokio olimpiadasiga reyting ochkolari uchun bahs olib borishdi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati