Temir yoʻl sohasini isloh qilish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

0
73
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 sentyabr kuni temir yoʻl sohasini isloh qilish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Soʻnggi etti yilda mamlakatimizda sanoat korxonalari koʻpayib, 110 mingtaga yetdi. 2 mingdan ziyod yangi mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Eksport hajmi 1,6 barobar oshib, oʻtgan yili 19 milliard dollarga yetdi. Bularning natijasida mamlakatimizda yuk aylanmasi 30 foizga oshgan.

Maʼlumki, Oʻzbekiston kabi dunyo okeanlariga toʻgʻridan-toʻgʻri chiqish imkoni yoʻq mamlakatlar uchun eng qulay va arzon transport bu – temir yoʻl hisoblanadi. Lekin hozir ichki bozorda mahsulotning atigi 5 foizi, eksportda esa 45 foizi poyezdda tashilayapti. Yaʼni, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati avtomobilda yuk tashishga raqobat qila olmayapti.

Chunki soha uzoq yillar isloh qilinmadi, zamonaviy boshqaruv tizimi joriy etilmadi. Shu bilan birga, halqaro maydondagi vaziyat hisobiga transport-logistika xarajatlari ham oshgan. Oqibatda jamiyatning daromadi ham, xizmatlar sifati ham past boʻlib qolmoqda.

Jumladan, vagonlar yetishmovchiligi va ularni koʻplari eskirganligi aytib oʻtildi. Hozirgi tariflar va boshqaruv tizimi bilan sohaga xususiy sektor kirishi qiyin. Aksariyat stansiyalarning daromadi oʻz xarajatini qoplamaydi. Raqamlashtirish darajasi pastligicha qolayapti. Vokzallarda savdo va servis lozim darajada yoʻlga qoʻyilmagan. Xavfsizlik vaji bilan markaziy vokzallarga kirib-chiqish imkoniyati cheklangan. Avtoturargohlar uzoq joylashgani, chipta sotishdagi korrupsiya, vagonlardagi sharoit va xizmatdan aholi norozi.

Shular qayd etilar ekan, yigʻilishda sohani isloh qilish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Unga koʻra, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatini xoldingga aylantirib, zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, infratuzilma, yuk vagonlari va logistika, yoʻlovchi tashish xizmatlari hamda vokzallar boshqaruvini bir-biridan ajratib, alohida korxonalar tashkil qilish moʻljallanmoqda.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, sohadagi samaradorlikni oshirish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berdi. Buxgalteriyani shaffof qilib, korxonalarga davlat kafolatisiz investitsiyalar va xorijiy ekspertlarni jalb etish zarurligi taʼkidlandi.

Sohada xususiy sektor uchun jozibador tariflar shakllantirilishi, tadbirkorlarning vagon sotib olishi uchun kreditlar ajratilishi belgilandi. Shuningdek, markaziy vokzallar atrofida zamonaviy savdo majmualari qurish mumkin boʻladi, vokzallardagi joylar ijara uchun auksionga chiqariladi. Temir yoʻl stansiyalari atrofida boʻsh joylar aniqlanib, logistika xizmatlari va ishlab chiqarish loyihalari joylashtiriladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “yagona darcha” tamoyili orqali yuk hujjatlarini elektron rasmiylashtirish, vagonlarga GPS oʻrnatish va onlayn ombor axborot tizimini ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari”ning nosohaviy aktivlarini qayta koʻrib chiqish, ularni sotishdan tushgan mablagʻlar temir yoʻl infratuzilmasini yaxshilashga yoʻnaltirish muhimligi taʼkidlandi.

Poyezdlarning katta qismi poytaxt va viloyat markazlariga kirib kelishi oqibatida stansiyalarda tirbandlik yuqori boʻlayotgani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois yuk stansiyalarini shaharlardan tashqariga koʻchirish imkoniyatini oʻrganish zarurligi qayd etildi. Bu shaharlarda yuk mashinalari harakati kamayishiga, tumanlarga qoʻshimcha investitsiya kirishiga xizmat qiladi.

Transport prokuroriga barcha temir yoʻl kesishmalarini tartibga olib, fuqarolar va harakat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatma berildi.

Xodimlar malakasi, xizmatlar sifati masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlar orqali aholi va tadbirkorlarni rozi qiladigan tizim yaratish zarurligini taʼkidladi.

Mutasaddilar yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.