Temir yoʻl transporti sohasi xodimlariga

0
56
marta koʻrilgan.

Hurmatli doʻstlar!

Avvalo, sizlarni – zahmatkash ishchi va xizmatchilar, quruvchi va muhandislarni, mashinist va vagon kuzatuvchilari, soha faxriylarini Temir yoʻl transporti xodimlari kuni bilan chin dildan samimiy tabriklayman.

Yangi Oʻzbekistonni – jadal rivojlanib, dunyoga yuz tutayotgan davlat va jamiyatni barpo etishda siz, azizlarning oʻrningiz va hissangiz beqiyos ekanini barchamiz minnatdorlik bilan eʼtirof etamiz.

Jonajon Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi arafasida nishonlanayotgan ushbu qutlugʻ ayyomda Oʻzbekiston temir yoʻllari istiqlol davrida katta rivojlanish yoʻlini bosib oʻtganini taʼkidlashimiz tabiiydir.

Bu davrda 2 ming 400 kilometrdan koʻproq yangi temir yoʻllar qurilib, foydalanishga topshirildi, 3 ming kilometrdan ziyod yoʻllar elektrlashtirildi, 1 ming 100 kilometrdan ortigʻi esa reabilitatsiya qilindi.

Hech shubhasiz, temir yoʻl tarmoqlarining kengayib borayotgani barcha hududlarimizni oʻzaro mutanosib rivojlantirish, boy mineral xomashyo resurslarini kompleks oʻzlashtirishda yangi-yangi imkoniyatlar ochmoqda.

Buni “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganidan buyon yuk va yoʻlovchi tashish hajmi 2 barobardan ziyod koʻpaygani, 1,6 milliard tonna yuk tashilib, 380 million nafar yoʻlovchi manzilga yetkazilgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Sizlar kabi minglab fidoyi yurtdoshlarimizning masʼuliyatli mehnati tufayli mamlakatimizda zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlarini toʻliq taʼminlay oladigan yaxlit temir yoʻl tizimi barpo etilib, respublikamizning barcha hudud va mintaqalarini ishonchli va samarali bogʻlab kelmoqda.

Hozirgi kunda yurtimiz zamonaviy transport kommunikatsiyalari va yuksak tranzit salohiyatiga ega boʻlgan davlat sifatida Sharq va Gʻarb, Janub va Shimolni oʻzaro bogʻlaydigan xalqaro temir yoʻllarning muhim halqasiga aylangani bilan har qancha faxrlansak arziydi.

Poytaxtimizdan Samarqand, Buxoro, Qarshi kabi tarixiy shaharlarimizga qatnayotgan zamonaviy “Afrosiyob” elektropoyezdlari milliy temir yoʻl transportimizning brendiga aylandi. Nasib etsa, kelgusi yilda Buxoro – Xiva yoʻnalishida ham yuqori tezlikda harakatlanadigan yoʻlovchi poyezdlari qatnovini yoʻlga qoʻyamiz. Bu esa aholimiz uchun har tomonlama qulaylik yaratish bilan birga, turizm sohasi rivojini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston temir yoʻlchilari aeroportlar, metro liniyalari, koʻprik va yoʻl oʻtkazgichlar qurish, konlarni oʻzlashtirish borasida ham muhim strategik loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etib kelmoqda.

Mamlakatimiz Markaziy Osiyoda birinchi boʻlib temir yoʻl sohasida oʻzining ogʻir mashinasozlik va quyuv-metallurgiya sanoatiga ega boʻldi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan yirik sanoat korxonalari barpo etilib, vagon ishlab chiqarish, lokomotivlar, yuk va yoʻlovchi vagonlarini modernizatsiya qilish va taʼmirlash yoʻlga qoʻyildi.

Eng muhimi, sohada amalga oshirilayotgan murakkab boshqaruv va texnologik ishlarning barchasi oʻzimizning mahalliy mutaxassislarimiz, azmu shijoatli yoshlarimiz tomonidan bajarilmoqda.

Fursatdan foydalanib, ushbu tizimda sidqidildan mehnat qilayotgan barcha yuksak mahoratli, jonkuyar insonlarga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan tashakkur bildiraman.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Mamlakatimiz temir yoʻl tizimini modernizatsiya qilish, sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etgan holda yirik va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, yangicha fikrlaydigan, Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qiladigan zamonaviy kadrlarni tayyorlash borasida hali koʻp ish qilishimiz kerakligini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz.

Oʻtgan davrda katta bilim va tajriba orttirgan temir yoʻl sohasi xodimlari oʻzlarining mardona mehnati, bunyodkorlik salohiyati bilan oldimizda turgan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etadilar, deb ishonaman. Bu maqsadlarga erishish uchun davlatimiz tomonidan barcha zarur sharoitlar yaratib berilishini alohida taʼkidlamoqchiman.

Siz, azizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklab, kelgusi faoliyatingizda yangi yutuq va omadlar, xonadonlaringizga tinchlik, baxt va qut-baraka tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,              Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.