Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz xalqaro savdo markazi bosh rejasi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ushbu markaz uchun Termiz tumanidan 26 gektar maydon ajratilgan. Umumiy qiymati 75 million dollar boʻlgan markazda mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash va qadoqlash majmualari qurilib, savdo xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi. Zarur infratuzilma tarmoqlari barpo etiladi.
Loyihaga koʻra, bu yerda 1 ming 800 ta savdo nuqtasi, 50 ming tonna yuk sigʻimiga ega logistika markazi, 400 oʻrinli ikkita mehmonxona, shifoxonalar, avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish ustaxonalari boʻlishi moʻljallangan. Korpuslarning birinchi qavatida savdo nuqtalari, ikkinchi qavatida yengil ishlab chiqarish korxonalarini joylashtirish koʻzda tutilgan.
Xalqaro savdo markazining yillik savdo aylanmasi 500 million dollar, xizmatlar hajmi 10 million dollar boʻlishi hisob-kitob qilingan. 192 million dollarlik eksport quvvati paydo boʻladi.
Markazning qurilish ishlarini boshlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 10 million dollar ajratildi.
Davlatimiz rahbari markaz binolarini yengil konstruksiyalardan qurish, viloyat tadbirkorlarini bu yerda ishlashga va eksport faoliyatiga jalb qilish, chet ellik ishbilarmonlar uchun barcha qulayliklar yaratish yuzasidan koʻrsatmalar berdi. Bu yerdagi tajriba asosida, keyinchalik, boshqa qoʻshni davlatlar bilan chegara hududlarda ham shunday savdo markazlari tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Termiz xalqaro savdo markazini 2022 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.