Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi hamda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Aksilterror markazining terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishda hamkorlikni mustahkamlashga bagʻishlangan qoʻshma konferensiyasining barcha ishtirokchi va mehmonlarini samimiy qutlayman.
Ushbu muhim xalqaro forumning ShHT va MDH kabi nufuzli mintaqaviy tuzilmalar bilan birgalikda tashkil etilishi bepoyon mintaqamizda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlash borasida yakdillik va oʻzaro amaliy hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan intilishni yana bir bor tasdiqlaydi.
Bugungi anjuman toʻplangan tajriba va bilimlar bilan almashish, xavfsizlikka nisbatan zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish yuzasidan tavsiya va takliflar ishlab chiqish uchun zarur muloqot maydoni ekanini alohida taʼkidlamoqchiman.
Konferensiya kun tartibiga eng muvaffaqiyatli milliy tajribalarni oʻrganish, terrorizmga qarshi kurashda hamkorlik hamda fan va taʼlim sohasida almashinuvning samarali mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish, ekstremizm va radikalizm gʻoyalarining tarqalishiga imkon bermaslik boʻyicha amaliy vositalarni shakllantirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishning oldini olish borasidagi vazifalarga oid dolzarb masalalar kiritilgan.
Aminmanki, ertaga mamlakatimizda ilk bor oʻtkaziladigan “Sharq – Aksilterror – 2024” qoʻshma aksilterror mashgʻulotlari ham xavfsizlikka nisbatan umumiy tahdidlarga qarshi kurashishda oʻzaro amaliy hamkorlikni kengaytirish va maxsus kuchlar boʻlinmalarining salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Afsuski, geosiyosiy keskinlik va nizolarning kuchayishi, yetakchi davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch taqchilligi, global xavfsizlik institutlari rolining pasayishi terrorizm va ekstremizm tahdidlariga qarshi kurashishda ochiq hamda samarali xalqaro hamkorlikning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Shu bilan birga, kibermakonda xavf-xatar va tahdidlar kuchayib bormoqda. Bunda noqonuniy faoliyat, yollash va radikal gʻoyalarni targʻib etish boʻyicha faol ishlar milliy chegaralar va qonunchilik normalarini tan olmaydigan internet tarmoqlari hamda kanallari vositasida tobora koʻp amalga oshirilmoqda.
Buning oqibatida bugungi kunda aholining nisbatan zaif qatlamlari vakillari, jumladan, bizning yoshlarimiz va mehnat migrantlari “onlayn manqurtlashtirish” qurboniga aylanmoqda, turli noqonuniy guruhlarga jalb etilmoqda va jinoyat sodir etmoqda.
Shu bois qonunchilik bazasini yanada takomillashtirish hamda ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi va MDH Aksilterror markazi faoliyati doirasida bunday xavf-xatar va tahdidlarni bartaraf etish va ularga tezkorlik bilan javob qaytarish boʻyicha xalqaro hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan qoʻshma amaliy chora-tadbirlarni oʻtkazish eng muhim vazifalar hisoblanadi.
Taʼkidlash lozimki, mamlakatimizning Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiyasi keng qamrovli, inklyuziv va tizimli yondashuvga asoslangan boʻlib, profilaktik va preventiv choralarni qoʻllash hamda vaqtida amaliy javob qaytarishni oʻzida mujassam etadi. Jamiyatda hamjihatlik muhitini mustahkamlash va ochiq muloqotni rivojlantirish, taʼlim-tarbiya sohasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ish oʻrinlarini yaratish va aholining ishonchli ijtimoiy himoyasini taʼminlash bu boradagi ustuvor yoʻnalishlar hisoblanadi.
Shu bilan birga, biz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish va ilgari surish, qonun ustuvorligi tamoyiliga soʻzsiz rioya etishni terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishning fundamental asosi deb hisoblaymiz.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiya izchil amalga oshirilmoqda, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va ularning salohiyatini roʻyobga chiqarish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda, “qaynoq nuqtalar”dan qaytarib olib kelingan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilda BMTning Aksilterror boshqarmasi bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va reintegratsiya qilish boʻyicha mintaqaviy ekspertlar kengashi tashkil etildi, toʻliq miqyosdagi sheriklikning yangi “yoʻl xaritasi” qabul qilindi.
Murojaatimning yakunida shuni alohida taʼkidlamoqchimanki, mintaqada mustahkam tinchlik va barqarorlikni taʼminlash maqsadida yaqin hamkorlik va mamlakatlarimiz maxsus xizmatlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish kelgusida ham davlatlararo hamkorlikning ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi.
Konferensiyaning barcha ishtirokchilariga samarali bahs-munozaralar va muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti