Texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish borasidagi vazifalar belgilab olindi

0
42
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni texnik jihatdan tartibga solish tizimini isloh qilish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimiz standartlashtirish sohasini isloh qilish va sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etilgan edi.

Soʻnggi yillarda 12 mingta standart qabul qilindi, 400 turdagi mahsulotlarni sinovdan oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Natijada 40 ta yangi eksport bozoriga chiqildi.

Shu bilan birga, oxirgi yetti yilda Oʻzbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2,5 barobarga oshib, 63 milliard dollarga yetdi. Bu yil ham eksportni 1,5 barobarga koʻpaytirib, 25 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish maqsad qilingan.

Shundan kelib chiqib, amaldagi texnik tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish, uning eksportga koʻmaklashish va ichki bozorni sifatsiz tovarlardan himoya qilishdagi ishtirokini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega.

Milliy sertifikatlar chet elda tan olinishi uchun tizimli ishlash, Milliy etalonlar bazasini toʻldirish orqali xorijda mamlakatimiz laboratoriyalarining sinov natijalariga ishonchni oshirish, hozirgi kunda eng zarur boʻlgan texnik reglamentlarning mavjudlarini xalqaro talablarga moslashtirish va yangilarini ishlab chiqish zarur.

Standartlashtirish sohasidagi 6 ta axborot tizimi va 2 ta portalni oʻzaro integratsiya qilish, vazirlik va idoralarning standart sohasidagi kadrlar salohiyatini oshirish, sohaviy texnik qoʻmitalar faoliyatini jonlantirish kerak.

Taqdimotda soha oldida turgan vazifalarni hal qilish maqsadida ishlab chiqilgan takliflar koʻrib chiqildi.

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi toʻgʻridan-toʻgʻri Hukumat boʻysunuviga oʻtkazilishi belgilandi.

Eksportchilarga koʻmakchi boʻlib, milliy sertifikatlar xorijiy davlatlarda tan olinishi boʻyicha tizimli ishlarni yoʻlga qoʻyish, sifatsiz mahsulotlar importining oldini olish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish, Jahon savdo tashkilotining Savdodagi texnik toʻsiqlar toʻgʻrisidagi bitim talablarini amaliyotga joriy etish agentlikning asosiy vazifalari sifatida belgilanadi.

Shuningdek, agentlik soha uchun kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishga bevosita masʼul boʻladi, aholi va tadbirkorlar bilan ishlashda shaffoflikni taʼminlash uchun sohani toʻliq raqamlashtiradi.

Joriy yilda rivojlangan davlatlar bilan sinov natijalarini ikki tomonlama tan olish boʻyicha kelishuvlarga erishish ishlarini davom ettirib, 1,2 mingta korxonalarda xalqaro sifat tizimlarini joriy etish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, texnik reglamentlar bilan qamrab olingan mahsulotlar turini koʻpaytirish, amaldagi 19 ta texnik reglamentni qayta koʻrib chiqish va yangilash, etalonlar va yuqori aniqlikdagi oʻlchash vositalarini joriy qilish ishlarini kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Jahon savdo tashkiloti bilan samarali hamkorlik qilish maqsadida agentlik tuzilmasida Savdodagi texnik toʻsiqlar boʻyicha axborot markazini ishga tushirish taklif qilindi.

Kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy konsultantlarni jalb qilish va tarmoqlarda standartga masʼul kadrlarni oʻqitish kerakligi aytildi. Sohani raqamlashtirish maqsadida “Texnik tartibga solish” yagona elektron axborot tizimi ishga tushirilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari ushbu takliflarni maʼqullab, joylarga chiqib, korxona va tadbirkorlar bilan uchrashish, ularning standart sohasidagi muammo va takliflarini oʻrganish muhimligini taʼkidladi hamda mutasaddilarga  qaysi standartlarni ishlab chiqish yoki qayerda laboratoriyalar tashkil qilish boʻyicha aniq rejalarni belgilab, ijrosini taʼminlash boʻyicha topshiriq berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.