Texnikumda ish beruvchining oʻzi oʻqitadi

0
21
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi politexnikumda boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda eng asosiy masalalardan biri — bandlik. Aholiga talab yuqori kasblarni oʻrgatish maqsadida texnikumlar tarmogʻi rivojlantirilmoqda.

Bugungi kunda Navoiy viloyatida 25 ta professional taʼlim muassasasi bor. Ularda 12 ming fuqaro oʻqimoqda. Ularga malakali pedagoglar, 234 nafar ishlab chiqarish ustalari biriktirilgan.

2-son politexnikumda 41 ta oʻquv va laboratoriya xonasi, 350 oʻrinli faollar va sport zallari, 100 oʻrinli yotoqxona va oshxona mavjud. Maktab bitiruvchilari va turli yoshdagi fuqarolar uchun kunduzgi, sirtqi, kechki va dual taʼlim yoʻlga qoʻyilgan.

Kasblarni amaliyot bilan bogʻlashda viloyatdagi yirik sanoat korxonalari katta oʻrin tutmoqda.
Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati oʻzi uchun zarur payvandlovchi va chilangar, “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati kimyoviy texnologiya laboranti, Navoiy issiqlik elektr stansiyasi elektr montajchi kasblariga yoshlarni maqsadli tayyorlaydi. Buning uchun sanoat korxonalari texnikumda oʻz boʻlimlarini ochgan. Oʻquvchilar bir vaqtning oʻzida ham kasb oʻrganadi va bajargan ishiga yarasha maosh oladi.

Mahallalar bilan birgalikda ishsiz fuqarolar, malakasi yetarli boʻlmaganlar, ishlash istagidagi ayollar ham oʻqishga jalb etilmoqda. Kasblarni yaxshi egallaganlar shu korxonalarga ishga olinadi.

Prezidentimiz bu yerda oʻqiyotgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. 

— Sizlarda ishonch va intilish paydo boʻlganidan xursandman. Kasbni mahkam tutib, hayotda oʻz oʻrningizni toping. Mehnatingizdan baxt topishingiz uchun sizlarni qoʻllab-quvvatlaymiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, “Mengi tekstil grup” va “Navbahor Qorajon” tekstil korxonalari bilan dual va qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etilgan. Xotin-qizlar yetarli koʻnikmaga ega boʻlgach, tikuvchilik sexlariga ishga qabul qilinadi.

Duradgorlik ustaxonasida oʻquvchilar yasayotgan eshik, stol-stul kabi jihozlar viloyatda ancha xaridorgir. Ular taʼlim olish bilan bir vaqtning oʻzida ishlab, oilalariga koʻmakchi boʻlishmoqda.

Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qoʻl mehnati bilan milliy hunarmandchilik buyumlarini yasashga oʻrgatish oʻquv kurslari ham bor. 

Bu yerda, shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmalari tomonidan soha xodimlarining malakasini oshirish oʻquv markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

Qayd etish lozimki, Navoiy viloyatidagi taʼlim muassasalari bilan 51 ta korxona oʻrtasida shartnoma imzolangan. Yil boshidan buyon mingdan ziyod ishsiz fuqaro oʻqitilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.