Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 noyabr kuni Buxoro – Urganch – Xiva temir yoʻlini elektrlashtirish loyihasi boʻyicha taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimizda transport tarmoqlari izchil rivojlantirib kelinmoqda. Xususan, 2018 yilda Buxoro – Miskin temir yoʻli qurilib, Xivagacha masofa 242 kilometrga qisqargan edi. Shu bilan birga, elektr poyezdining unumdorligi 4,5 barobar yuqoriligini inobatga olib, mavjud temir yoʻllar elektrlashtirilmoqda. Soʻnggi yillarda Qarshi – Kitob, Pop – Namangan – Andijon hamda Qarshi – Termiz yoʻnalishlari elektrlashtirildi.
Davlatimiz rahbari xorazmliklar bilan uchrashganida 2024 yilda Xivaga tezyurar elektr poyezdi yoʻlga qoʻyilishini aytgan edi va bu reja Oʻzbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga moʻljallangan investitsiya dasturiga kiritildi. Shu tariqa, Buxoro – Urganch – Xiva temir yoʻlini elektrlashtirish boshlandi.
Taqdimotda bu ishlarning borishi va kutilayotgan natijalar haqida axborot berildi.
Mazkur loyihaning qiymati 445 million dollar. Shundan 270 million dollari Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankidan jalb etiladi. Loyiha doirasida Buxorodan Xivagacha boʻlgan 465 kilometr temir yoʻl tarmogʻi elektrlashtiriladi, bekat, nimstansiyalar va boshqa inshootlar quriladi.
Yoʻlning samaradorligi, shunga yarasha, ancha oshadi. Masalan, poyezdlarning yuqori tezligi soatiga 250 kilometrgacha boʻladi. Natijada yoʻlovchilarning Toshkentdan Urganchgacha yetib borish vaqti 14 soatdan 6 soatga, Buxorodan Xivagacha 8 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Bu xalqimizga katta qulaylik yaratib, turizm rivojida ham muhim omil boʻladi.
Tezlik evaziga temir yoʻlning oʻtkazuvchanligi ham oshadi. Yuk tashish imkoniyati yiliga 11 million tonnagacha, yoʻlovchilar soni 2 million 300 ming nafarga yetadi. Poyezdlar elektr energiyasida yurishi hisobiga yiliga 18 ming tonna dizel yoqilgʻisi tejaladi.
Davlatimiz rahbari loyihaning sifatli boʻlishiga alohida ahamiyat qaratdi.
– Avvalgi loyihalarda mutaxassislarimiz ancha tajriba orttirdi, chet ellik konsultantlar ham jalb etildi. Endi asosiysi – ishni sifatli bajarish. Bu yoʻlni qancha yaxshi qilsak, xalqimizga sharoit, turistlar uchun qulaylik, iqtisodiyotimizga manfaat boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Buxoro va Xorazm viloyati hokimlariga tezyurar poyezd oʻtadigan tuman va shaharlarda yoʻl boʻyi xizmatlarini tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi.
– Temir yoʻl borgan joyga madaniyat boradi, hayot jonlanadi. Shunday ekan, bekatlar atrofida, huddi avtomobil yoʻllarida boʻlganidek, savdo va xizmat shoxobchalarini koʻpaytirish kerak. Yana bir vazifa – temir yoʻl boʻylab choʻl iqlimiga mos daraxt va butalar ekish zarur. Bu ham hudud ekologiyasiga taʼsir qiladi, ham yoʻl boʻylariga koʻrk bagʻishlaydi, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz mutasaddilarga hozirgi loyihaga hamohang tarzda, Nukus shahrigacha boʻlgan temir yoʻlni ham elektrlashtirish boʻyicha koʻrsatma berdi. Buning natijasida Toshkent bilan Nukus oʻrtasidagi qatnov vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
Tadbirda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, davlat tashkilotlari binolarida quyosh panellari oʻrnatish, aholini bu borada ragʻbatlantirish masalalari boʻyicha ham topshiriqlar berildi.