Tibbiyot markazlari loyihalari taqdimot qilindi

0
64
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 noyabr kuni onkologiya va endokrinologiya tibbiyot markazlari qurilishiga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Bu ikki yoʻnalish inson umri, hayot sifati, genofond sogʻlomligini belgilaydigan dolzarb sohalardir. Shifoxonalarga murojaatlar va joylarda oʻtkazilgan tibbiy koʻriklar tahlili bunday kasalliklar koʻp uchrayotganini koʻrsatgan. Bu yoʻnalishdagi respublika markazlarining binolari ham eskirgan edi.

Holat bilan bevosita tanishish maqsadida davlatimiz rahbari shu yil may oyida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini borib koʻrgan edi. Shundan kelib chiqib, 27 may kuni Prezidentning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unda Respublika onkologiya va radiologiya tibbiyot markazi uchun yangi zamonaviy binolar qurilishi va jihozlash belgilangan edi.

Shundan soʻng, xorijiy klinikalarning ilgʻor tajribasi, shifokor va bemorlar uchun barcha sharoitlar hisobga olinib, loyiha ishlab chiqildi. Oʻtgan galgi taqdimotlarda bildirilgan fikrlar asosida u yanada takomillashtirildi.

Yangi bino 10 qavatli boʻladi. 3 qavatli yerosti qismida radiologiya va nur terapiya, pozitron-emission tomografiya, radioizotop tekshirish kabi boʻlimlar joylashtiriladi. Markazda immunoterapiya, target terapiya, chiziqli tezlatkich yordamida va stereotoksik nur terapiya, radioxirurgiya kabi yangi davolash uslublari joriy etiladi. Ushbu yangi bino Toshkent tibbiyot akademiyasining 2-klinikasi hududida quriladi.

Yurtimizdagi ulkan ilmiy, diagnostik va davolash salohiyatiga ega muassasalardan yana biri Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazidir. Unda 288 oʻrinli statsionar boʻlim va 250 kishiga moʻljallangan maslahat-diagnostika klinikasi bor. Markazning hozirgi binosi 1974 yilda qurilgan, moddiy-texnik bazasi eskirgan.

Shu bois, ushbu muassasa uchun Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi negizida yangi majmua barpo etish rejalashtirilgan. Bu markazning sharoitlarini yaxshilab, xizmatlar turini kengaytiradi. Xususan, bugungi kunda endokrinologiya markazida 14 ta boʻlim boʻlsa, yangi majmuada yana 14 ta boʻlim ochish uchun imkoniyat yaratiladi.

Prezident qurilish loyihalarini maʼqullab, endi ish tizimini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va tibbiy xizmat sifatiga eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidladi. Markazlarga xorijdan mutaxassislar jalb etish, shifokorlarni jahon tibbiyoti yutuqlari asosida qayta oʻqitish, ilmiy tadqiqotlarni ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Ushbu respublika markazlarini qurish bilan birga hududlardagi dispanser va poliklinikalarda sharoitlarni yaxshilash, zamonaviy tashxis uskunalari yetkazib berish, shifokorlar malakasini oshirish muhimligi qayd etildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.