Tibbiyot oliy oʻquv yurtlari soni yana bittaga koʻpaydi

0
283
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kuni-kecha qabul qilingan qaroriga muvofiq, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etildi.

Aytish joizki, bugungi kunda hududlarda tibbiy kadrlar yetishmovchiligi bilan bogʻliq muammolar tibbiy xizmat sifatiga sezilarli taʼsir koʻrsatmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatidagi davolash-profilaktika muassasalarida ham 2000 nafarga yaqin shifokorga ehtiyoj bor. Ayniqsa, viloyatdagi QVPlar va qishloq oilaviy poliklinikalarini umumiy amaliyot shifokorlari bilan taʼminlash darajasi 50 foizga ham yetmaydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarda, jumladan, joriy yil 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida viloyat faollari bilan uchrashib, boshqa sohalar bilan bir qatorda sogʻliqni saqlash tizimida mavjud bunday muammolarni bartaraf etish, kadrlarga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash boʻyicha tegishli topshiriqlar bergan edi. Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali tashkil etilishi bu muammo yechimi yoʻlida muhim qadam boʻldi.

Oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat qabul komissiyasining 2018 yil 23 yanvardagi 12-sonli bayonnomasi asosida Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filialiga joriy oʻquv yili uchun 300 nafar surxondaryolik yoshlar tumanlar kesimidagi shifokorlarga boʻlgan extiyojlarni qoplash maqsadida ajratilgan kvotalar asosida qabul qilindi. Quvonarlisi shundaki, ushbu talabalar bugungi kunda aniq maqsadi va ish joyiga ega. Chunki, har bir talaba viloyat xokimligi bilan kelishgan holda qishloq oilaviy poliklinikalari, kishloq vrachlik punktlarida ishlash uchun shartnoma imzolagan.

Taʼkidlash lozimki, Toshkent tibbiyot akademiyasining Termiz filiali eng soʻnggi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyotga oid barcha asbob-uskunalar — fantom va mulyajlar, laboratoriya anjomlari bilan jihozlangan. Oliy taʼlim dargohida tibbiyotga oid adabiyotlar bilan toʻliq taʼminlangan axborot resurs markazi, turar joy va yotoqxonalar, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanish uchun zamonaviy yopiq sport inshootlari barpo etilgan.

— Xalqimizga jahon andozalari darajasida zamonaviy tibbiy yordamni tashkil etishda malakali mutaxassislarning oʻrni nihoyatda muhim, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshligʻi Oʻktam Ismailov. — Ayniqsa, tibbiyotning birlamchi tuzilmalarida malakali shifokorlarning faoliyat yuritishi kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash va xalqimizning sogʻligʻini muhofazalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining ochilishi bu borada muhim qadam boʻldi. Yangi tibbiy oliy oʻquv yurtida talabalarning puxta bilim olishlari uchun moddiy-texnik baza bilan bir qatorda, malakali pedagoglarning faoliyati muhim oʻrin tutadi. Shuni eʼtiborga olgan holda yangi tibbiy oliy taʼlim muassasasiga Toshkent tibbiyot akademiyasining tajribali professor-oʻqituvchilari ham jalb qilindi. Shuningdek, masofadan turib, Toshkent tibbiyot akademiyasining auditoriyalarida olib boriladigan maʼruzalar va darslarni toʻgʻridan- toʻgʻri talabalarga namoyish etish imkoniyati yaratildi.

Yuqorida qayd etilgan qarorga muvofiq, Surxondaryo viloyatida doimiy yashaydigan, hozirgi paytda respublikaning oliy tibbiyot taʼlim muassasalarida oʻqitishning toʻlov-kontrakt shaklida taʼlim olayotgan 4 – 5-bosqich talabalari ham oʻz xohishlariga koʻra, filialga davlat granti boʻyicha oʻqishga qabul qilinadi. Mazkur tibbiy oliy oʻquv yurtini bitirgan barcha talabalar kelgusida Surxondaryo viloyatidagi shifokorlar yetishmayotgan tibbiyot muassasalarida oʻn yil ishlab berishlari majburiy etib belgilangan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Axborot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.