Tibbiyot sohasidagi vazifalar ijrosi koʻrib chiqildi

0
97
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28 mart kuni sogʻliqni saqlash sohasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Maʼlumki, Davlatimiz rahbari 18 mart kuni tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqot oʻtkazgan edi. Unda aytilgan muammo va takliflar boʻyicha 24 mart kuni Prezident farmoyishi qabul qilinib, yettita yoʻnalishda vazifa va masʼullar belgilandi.

Yigʻilishda shu borada boshlangan ishlar va oylik rejalar koʻrib chiqildi. Avvalo, aprel oyida 1 million nafar xavf guruhiga kiruvchi aholi, 700 ming nafar bola va 100 ming nafar homilador ayollarni maqsadli skriningdan oʻtkazish zarurligi qayd etildi.

Har bir oilaviy poliklinikada kunduzgi statsionar, 400 ta mahallada oilaviy shifokorlik punkti, olis hududlarda konteynerlardan 1 ming 700 ta tibbiyot punkti tashkil etishning ahamiyati taʼkidlab oʻtildi.

Mahallabay tizimda ishlab, sifatli tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish, odamlarni sogʻlom turmush tarziga oʻrgatish asosiy vazifa qilib qoʻyildi. Toʻgʻri ovqatlanish, jismoniy mashqlar, kasalliklar profilaktikasi boʻyicha qoʻllanmalar ishlab chiqib, oilalarga tarqatish muhimligi qayd etildi.

Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash, olis hududlarda qoʻshimcha brigadalar tuzish, bu tizimdagi anesteziolog va reanimatologlar oylik ish haqiga ustama berish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.

Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida tibbiyot muassasalarini qurish va taʼmirlash ishlariga byudjetdan 1 trillion 200 milliard soʻm ajratilgan. Mutasaddilarga qurilish ishlarini jadallashtirish, tibbiy asbob-uskunalarga texnik xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Ochiq muloqotda respublika ixtisoslashgan tibbiyot markazlari yangi, yuqori texnologik davolash usullarini yoʻlga qoʻyishi zarurligi aytilgan edi. Misol uchun, har yili “oqqon” kasalligi boʻyicha 200 nafargacha bemor ilik koʻchirish operatsiyasiga muhtoj. Gematologiya va qon quyish ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy sharoit yaratish orqali ushbu amaliyotni yoʻlga qoʻyish mumkinligi taʼkidlandi. Bunday ishlarni barcha tibbiyot markazlarida tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. 

Davlat shifoxonalari va xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun yagona tariflarni tasdiqlash, xususiy klinikalarda ham yoʻllanma asosida tibbiy xizmat koʻrsatishni kengaytirish vazifasi belgilandi.

Yigʻilishda soha mutasaddilari, shifokorlar, hokimlar ochiq muloqotda belgilangan vazifalar ijrosi boʻyicha axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.