Tibbiyot sohasiga doir takliflar koʻrib chiqildi

0
9
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 noyabr kuni kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimizning ijtimoiy siyosatida sogʻliqni saqlash sohasi katta oʻrin egallaydi. Soʻnggi etti yilda bu tizimga ajratilayotgan mablagʻlar 6 karra oshirilgan. Oldin faqat Toshkentda bajarilgan 400 dan ortiq yuqori texnologik amaliyotlar bugun viloyat va tumanlarda ham oʻtkazilayapti.

Kasalliklarni erta aniqlash maqsadida onkologiya, endokrinologiya, kardiologiya markazlari hududlarda skrining tekshiruvlari olib borayapti. Masalan, 1 million 700 ming nafar ayol skrining qilinib, 49 mingida saraton oldi kasalliklari topilgan. Bu yil yarim yillikda 122 ming nafar aholida yurak qon-tomir va qandli diabet erta bosqichda aniqlangan.

Aholi salomatligini saqlash – uzluksiz jarayon. Sohadagi tahlil va talabdan kelib chiqib, muhim yoʻnalishlar boʻyicha takliflar tayyorlangan. Taqdimotda shular haqida soʻz bordi.

Maʼlumki, davolashdagi eng katta muammo – kasallikning kech yuzaga chiqishi. Shu bois Prezidentimiz tashabbusi bilan Qashqadaryoda, tajriba tariqasida, onkologiya boʻyicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga 2 million soʻmdan mukofot berish joriy qilindi. Natijada oilaviy shifokorlar oʻz mahallasidagi 51 nafar ayol va bolalarda shunday belgilarni aniqladi. Buning uchun 102 million soʻm mukofot puli berilib, kech bosqichda sarflanadigan 8 milliard soʻm mablagʻ tejalgan.

Tahlillarga koʻra, jami onkologik kasalliklarning oʻrtacha 20-25 foizi ayollardagi koʻkrak bezi va bachadon saratoniga toʻgʻri keladi. Shu bois bu borada skrininglarni kengaytirish va ularning reestrini yuritish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, gematologiya, kardiologiya, endkrinologiya kasalliklarini erta aniqlash va ularni davolash boʻyicha uch yillik dasturlar bu yil yakuniga yetadi. Mutasaddilarga erishilgan natijalarni hisob-kitob qilib, ularning muddatini uzaytirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Tibbiyot muassasalariga markazlashgan holda dorilar xarid qilishda ham kamchiliklar bor. Baʼzi shifoxonalarda talabga nisbatan kam olingan boʻlsa, baʼzilarida dorilar ortib qolgan.

Shu bois dori vositalari va tibbiy buyumlarni oʻn besh oylik talab asosida xarid qilish tizimi taklif etilmoqda. Bunda kelgusi yillar uchun ehtiyojlar 1 avgustdan kechikmasdan, Davlat byudjeti parametrlari bilan bir vaqtda shakllantiriladi.

Shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida “Xaridlar markazi” va uning 13 ta hududiy filiali tashkil qilinadi. Markazga 2025 yil 1 yanvardan boshlab, original dori vositalari va yopiq turdagi laborator uskunalar uchun sarflov vositalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilishga ruxsat beriladi.

Yana bir taklifga koʻra, donorlarni qoʻllab-quvvatlash kengaytiriladi. Jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni olganlarga bir yoʻla beriladigan pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdorini 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi. Ularga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi, davlat sihatgohlarida davolanish navbatsiz boʻladi.

Ushbu yangi tizim kelgusi yil 1 yanvardan joriy qilinishi belgilandi.

Mamlakatimizda sanitariya va fitosanitariya choralari boʻyicha Jahon savdo tashkilotini xabardor qilish tartibini yoʻlga qoʻyish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.