Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni sogʻliqni saqlash sohasini va ilm-fan yoʻnalishlarini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oxirgi yillarda tibbiyot sohasining birlamchi, tez tibbiy va ixtisoslashgan yordam boʻgʻinlarida muhim islohotlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 7 dekabrdagi farmoniga muvofiq, 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Kasallikni profilaktika qilish uchun vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar xodimlari uyma-uy yurib, aholini patronaj bilan qamrab olishi, hududiy shifoxonalar bilan maʼlumot almashinuvi toʻliq yoʻlga qoʻyilishi zarurligi qayd etildi. Bunda tibbiy madaniyatni oshirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda tibbiyot tizimini ilgʻor xorijiy standartlar asosida tashkil etish, aholining sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanishini yanada kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
16 ta ixtisoslashgan markaz kasalliklar koʻrsatkichini tahlil qilgan holda, ularning oldini olish choralarini koʻrishi, oʻz faoliyatini hududlarda tashkil etib, birlamchi tizim bilan xamkorlikda ishlashi kerakligi koʻrsatib oʻtildi. Ushbu markazlarni yanada rivojlantirish uchun xususiy va xorijiy investitsiyalar yoʻnaltirish muhimligi aytib oʻtildi.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmatini yanada yaxshilash, tugʻish yoshidagi ayollar tibbiy koʻrigini tizimli tashkillashtirish, kasallikka chalinganlarni sogʻlomlashtirish boʻyicha aniq ish reja ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, Toshkent shahri tez tibbiy yordam xizmati chaqiriqlarni avtomatik qabul qilish va ijro etish boʻyicha toʻliq raqamlashtirildi hamda 150 ta maxsus “Ford” avtomobillari bilan taʼminlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu tizimni 2020-2021 yillarda respublikaning barcha hududlariga bosqichma-bosqich tatbiq etish, shoshilinch va tez tibbiy yordam xizmatini kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.
Tibbiyot muassasalarini taʼmirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Investitsiya dasturiga muvofiq tibbiyot muassasalarini jihozlash uchun joriy yilda xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb qilish zarurligi qayd etildi.
Yigʻilishda sohadagi kadrlar taʼminoti, malakasi va salohiyati tanqid qilindi. Hozirda sogʻliqni saqlash tizimida 75 ming nafar vrach faoliyat yuritmoqda. 2 ming 900 ta umumamaliyot shifokori, 10 mingta tor mutaxassislar yetishmaydi. Ilmiy izlanish natijalarini hayotga joriy etish 5 foizdan ham oshmaydi.
Prezidentimiz mutaxassislarni davlat buyurtmasi asosida manzilli tayyorlash, maqsadli kvotalarni tuman, qishloq va ish joyi koʻrsatilgan holda shakllantirish zarurligini taʼkidladi.
Tibbiyotda ilm-fanni rivojlantirish, ilmiy izlanishlarning ustuvor yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Maʼlumki, 2020 yil Oʻzbekistonda Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb eʼlon qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yoʻnalishini rivojlantirish zarurligini taʼkidladi.
Xususan, joriy yilda matematika, kimyo-biologiya, geologiya kabi yoʻnalishlarda fundamental va amaliy tadqiqotlar faollashtirilib, olimlarga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi. Shuningdek, ilm-fan sohasida fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grant mablagʻlarini ajratish mexanizmi tubdan qayta koʻrib chiqiladi.
Yigʻilishda mutasaddilarga shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish, tub islohotlarni maktab taʼlimidan boshlab ilmiy-tadqiqot muassasalarigacha qamrab olish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari fanning belgilangan sohalariga ham moddiy, ham maʼnaviy eʼtiborni kuchaytirish kerakligini alohida taʼkidladi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.