Tilga eʼtibor-elga eʼtibor!

0
887
marta koʻrilgan.

Buyuk Ezopdan srashibdi: insonga xos   eng gzal narsa nima? U javob beribdi: Bu uning szi. U barcha yaralarni tuzatib, insonni kklarga olib chiqishi mumkin… Eng dahshatlisi nima?, deb yana srashibdi donishmanddan. Yana sz.  Negaki, sz bilan insonni ldirish ham  mumkin.

Davlatimiz Konstitutsiyasida har bir insonning asosiy huquq va erkinliklari kafolatlangan. Bir ogʻiz soʻz bilan aytganda, mazkur muhim tarixiy hujjatga asosan inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida muhrlangan. Fikrlash, soʻz va eʼtiqod erkinligi hamda uni ifodalash insonning eng muhim huquqlaridan biri hisoblanadi.

Soʻz erkinligi, uni toʻgʻri ifodalash, avvalo, katta masʼuliyat. Bizning jamiyatimizda har kim oʻzi istagan axborotni izlashi, olishi va uni tarqatishi huquqiga ega. Mamlakatimizda sohaga doir ushbu yoʻnalishda bir nechta meʼyoriy hujjatlar, yaʼni “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi, “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi, “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi, “Radiochastota spektri toʻgʻrisida”gi, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi kabi 20 dan ortiq qonunlar qabul qilingan.

Oʻzbekistonda istiqlolning ilk kunlaridayoq  jamiyatda yangi demokratik qadriyatlar ildiz otishiga, inson haq-huquqlari va uning erki asosiy boyligi boʻlgan  huquq va erkinliklari taʼminlangan. Respublikamizda inson huquqlarining ustuvorligi konstitutsiyaviy tuzumning negizini tashkil etadi. Davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, hokimiyatlar taqsimlanishi, demokratizm, siyosiy va gʻoyaviy plyuralizm, qonuniylik va ijtimoiy adolat, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish kabi barcha tamoyillar inson huquqlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Mustaqillikning  taraqqiyot yoʻliga nazar tashlaydigan boʻlsak, har bir Oʻzbekiston fuqarosi oʻz kuchiga, aql-zakovatiga, milliy urf-odatlari, anʼanalari va qadriyatlariga tayangan holda koʻpgina yutuqlarga erishdi. Mamlakatimizda taʼbir joiz boʻlsa, inson talqiniga, uning qadr-qimmatiga tom maʼnoda oʻzbekona, sharqona yondashilmoqda. Shubhasiz, Konstitutsiya va qonunlarimiz fuqarolarimiz ongida inson, uning shaʼni, qadr-qimmatini himoya qilish, mustaqillik, erkinlik, masʼuliyat, oʻz manfaatlarini yurt manfaatlari bilan uygʻun holda koʻrish kabi ezgu gʻoyalarni qaror toptirishga xizmat qiladi.

Demokratik jamiyatimizda inson haq-huquqlari qattiq himoya qilinar ekan, shu oʻrinda shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qadrlash masalasi bir-biriga uygʻun ravishda bogʻliq ekanligini koʻrishimiz mumkin. Milliy qonunchiligimizda bitta nojoʻya aytilgan soʻz, haqorat va tuhmat uchun javobgarlik mavjudligini hammamiz yaxshi bilamiz. Oʻz-oʻzidan  soʻz masʼuliyati naqadar chuqur maʼno kasb etishini anglaymiz.  

Bugun axborot globallashuvi davrida internet tarmogʻidan  foydalanuvchilar soni kundan-kunga koʻpaymoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifa va kanallarini ochib, turli fikr va izohlarni  joylashtirayotgan insonlar uchun ham shu davlatning fuqarosi sifatida oʻz soʻziga javobgarlik mavjud. Ogʻziga kelganini yozib, tarqatish, kimlarnidir shaʼni va qadr-qimmatini yerga urish, haqorat qilish, tahqirlash  orqali soxta obroʻ topishga boʻlgan harakatlarga qonunchilikda javobgarlik belgilangan.

Soʻz koʻpaygan yerda mantiqsizliklar ham oshadi, deyishadi. Bekorchilik oqibatida bir-birovga huda-behuda keraksiz soʻzlar aytib boshlanadi. Bir-birovning dilini xira qilish, asta-sekin soʻzga haddan ortiq erk-ixtiyor berib yuborish holatlari uchraydi. Soʻz aytish ehtiyoji hamisha mavjud, buningsiz boʻlmaydi, ammo har soʻzni demakdan inson oʻzini tiyishi zarur. Aks holda murakkab vaziyatda tushib qolish hech gap emas. Shu oʻrinda oʻz davrining mashhur davlat arbobi, shoir va tarjimon Ogahiy hazratlarining ushbu misralarini keltirishni joiz topdik: “Bilmagan oʻz qadrini, ne bilguchi soʻz qadrini”.

Darhaqiqat, soʻzning qadrini baland bilgan inson oʻzgalarning  qadr-qimmatini ham joyiga qoʻyadi. Sharqda xalq diplomatiyasi degan benazir tushuncha bor. Oʻzaro hurmat va toveze bilan muloqot,  munosabatlarda suhbatdoshning diliga yoʻl topish bizning  xalqona yondoshuvlarimizning tub negizini tashkil qiladi.

Bizga maʼlumki, Konstitutsiyamiz mazmun va mohiyatiga inson huquqlari gʻoyasi chuqur singdirilgan. Unda inson va fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda burchlariga  alohida  urgʻu berilgan. Qomusimizning  25-moddasida “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega” deyiladi. Shuni unutmaslik lozimki, inson qayerda yashamasin, oʻsha yerda amal qiluvchi davlatning qonunlariga itoat etishga majbur. Insonning shaʼni va or-nomusi ham daxlsiz. Hech kim insonning shaxsiy yoki oilaviy hayotiga oʻzboshimchalik bilan aralashishi, oilaviy sir-asrorlarini oshkor qilishi, insonning uy-joy daxlsizligiga tajovuz qilishi mumkin emas. Insonni kamsitish, obroʻsizlantirish, haqorat qilish, tahqirlash qonunga xilof xatti-harakat hisoblanadi va bunday harakatlar uchun qonun boʻyicha tegishli javobgarliklar bor.

Konstitutsiyamizda shaʼni va qadr-qimmati huquqiy institut sifatida aks etgan boʻlib, uning 13-moddasi birinchi qismiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat deya eʼtirof qilinadi. Fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmati, avvalo, Bosh qomusimiz tomonidan kafolatlanadi. Bugungi axborot globallashuvi sharoitida, axboriy jamiyat shakllanayotgan bir vaziyatda, ayniqsa, fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatiga daxl qilishdan, shaxsiy hayotga aralashishdan ehtiyot boʻlish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Oʻz oʻrnida har bir fuqaro oʻz shaʼni va obroʻsiga qilingan tajovuz va tahdidlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanishi va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish orqali boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.   Qomusimizning 26-moddasi ikkinchi qismida “Hech kim qiynoqqa solinishi, zoʻravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas”, deya belgilab berilgan. Oʻz navbatida shuni alohida taʼkidlash lozimki, Konstitutsiyamizda  oʻz ifodasini topgan yuqoridagi qoidalar  Inson huquqlari umumjahon dekloratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt, Inson huquqlari va asosiy erkinliklari toʻgʻrisidagi MDH konvensiyasi va boshqa xalqaro meʼyoriy hujjatlarda oʻzi aksini topganligini koʻrish mumkin.

Darhaqiqat, shaxsning shaʼni va qadr-qimmatiga gʻayriqonuniy tarzda tajovuz qilish qonun tomonidan tuhmat va haqorat qilish, deb belgilangan. Maʼlumki, qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obroʻsizlantirilishiga olib keladigan yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet tarmogʻida tarqatish BHMning (bazaviy hisoblash miqdori) 50 baravari (11 mln 150 ming soʻm) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Endilikda  tuhmat jinoyatini sodir etganlik uchun (139-modda, 3-qism) BHMning 500 baravarigacha (111 mln 500 ming soʻm) miqdorida jarimadan 3 yilgacha ozodlikni cheklash (ilgari 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan), haqorat qilish jinoyatini sodir etganlik uchun (140-modda, 3-qism) BHM ning 600 baravarigacha  (133 mln 800 ming soʻm) miqdorda jarimadan
1 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi qoʻllanilishi belgilandi. (ilgari 1 yilgacha  ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanilgan).

Jamiyatni demokratlashtirish, huquqiy davlat barpo qilish sharoitida har bir insonning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish, ushbu manfaatlarga tajovuz qilinishiga yoʻl qoʻymaslik davlat va uning organlari faoliyatidagi asosiy vazifalardan biri. Inson shaʼni va qadr-qimmatining jinoiy-huquqiy himoyasidan tashqari, fuqarolik-huquqiy himoyasi ham nazarda tutiladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga muvofiq, fuqaro oʻzining shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar yuzasidan, basharti bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga toʻgʻri kelishini isbotlay olmasa, sud yoʻli bilan raddiya talab qilishga haqli. Manfaatdor shaxslarning talabiga koʻra fuqaroning shaʼni va qadr-qimmatini uning vafotidan keyin ham himoya qilishga yoʻl qoʻyiladi. Vaholanki, fuqaroning shaʼni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obroʻsiga putur yetkazuvchi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan boʻlsa, aynan shu ommaviy axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Basharti, bunday maʼlumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib  olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi. Zero, fuqaro va tashkilotlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini kamsitadigan maʼlumotlar tarqatilgan taqdirda, ularni himoya qilish sudning birinchi darajali vazifasidir. Shunday qilib, shaxsning qonuniy manfaatlari hamisha himoya qilinadi. Shaxsning  qadr-qimmati, shaʼni gʻoyasi eng muhim  normalardan biri sanaladi.

Hech kimga sir emas, mamlakatimizda yaqinda  Prezidentni ijtimoiy tarmoqlarda haqoratlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi va bu aholining keng muhokamasiga sabab boʻldi.  Davlatimizda qonunga ushbu oʻzgartishning kiritilishi soʻz erkinligiga tahdid sifatida ayrim odamlar tomonidan  munosabatlar berildi. Vaholanki,  Konstitutsiyamizda nafaqat Prezident yoki biror davlat xizmatchisi, balki har bir insonning  hayoti, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadi. Shuning uchun ham, mansabidan qatʼiy nazar, har bir  insonni haqorat  va unga tuhmat qilganlar maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ogʻirlashtiruvchi holatlarda esa ushbu harakatlarni sodir etganlik uchun  jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan. Prezidentni haqorat va unga tuhmat qilganlik uchun qonunchiligimizda jinoiy javobgarlik ilgari ham  mavjud edi. Yangi qonun bilan, zamon talabiga koʻra, faqat “telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoki Internet butunjahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda» degan ibora qoʻshimcha qilindi. Prezidentlik Respublikasi hisoblangan  Oʻzbekistonda Prezident  nufuzi davlat va xalqning obroʻsi  bilan chambarchas bogʻliq. Konstitutsiyamiz talablariga asosan Prezidentlik-Oʻzbekiston xalqi nomidan ish olib boradigan shaxs hisoblanadi.  Prezidentning shaxsi esa dahlsiz. Prezident konstitutsiyaviy maqomga ega.

Jahon mamlakatlari tajribasida, deylik,  rivojlangan demokratik davlatlarda  ham bu borada qatʼiy javobgarlik  mavjud. Jumladan,  Germaniyada Prezidentni omma oldida haqorat qilganlik uchun 3 oydan 5 yilgacha qamoq jazosi va jarima toʻlovi, Polshada Prezidentni omma oldida haqorat qilganligi uchun 4 yilgacha qamoq jazosi,  Kanadada davlat rahbariga tuhmat qilganligi yohud shunday mazmundagi postlar tashlagani  uchun 14 yilgacha, Turkiyada Prezidentni haqorat qilganligi uchun 1 yildan 4 yilgacha qamoq jazosi, Niderlandiyada monarx, uning rafiqasi va vorisini haqorat qilganligi uchun
 5 yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Vaholanki, boshqa davlatlarda bunday amaliyotga normal holat sifatida yondoshilmoqda.

Xulosa shuki, oʻzaro bir-birovni hurmat qilish jamiyat taraqqiyoti, barqarorligi, insoniyat kelajagi, baxt-saodati uchun xizmat qiladi. Bilaks,  oʻzaro haqorat va tuhmat mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga, madaniy-maʼrifiy turmushiga, milliy  yuksalishiga, beqiyos qadriyatlarimizga salbiy taʼsirini koʻrsatadi.

Shuning uchun xalqimizda, tilga eʼtibor-elga eʼtibor, degan ajoyib naql bor.Soʻz masʼuliyatini dildan his qilgan inson  tilga  erk-ixtiyor bermaydi.

Maqolamizni taniqli shoir Sadriddin Buxoriyning ushbu goʻzal misralari bilan yakunlashni lozim topdik:

Illat izlaganga-illatdir dunyo,

Gʻurbat izlaganga-gʻurbatdir dunyo.

Kim neni izlasa, topgay begumon,

Hikmat izlaganga-hikmatdir dunyo.

 Dilbar BEKCHANOVA, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.