Tilning sofligini asrash – burchimiz!

0
874
marta koʻrilgan.

Til azaldan xalqning milliy boyligi  boʻlib, unga eʼtibor – elga eʼtiborga tenglashtirilgan. U millatning koʻzgusi vazifasini bajargan.  Bugungi globallashuv jarayoni, axborot texnologiyalari taraqqiyoti davrida tilning sofligini saqlash, uni milliy boylik sifatida asrab-avaylash masalasi dolzarb vazifaga aylandi.

 Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2019 yil 21 oktyabrdagi  PF-5850-sonli Farmonida bu borada oldimizda turgan ustuvor masalalar belgilab berildi. Xususan, mazkur Farmon bilan Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish Departamenti tashkil etildi. Davlat tilini rivojlantirish,ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish hamda davlat organlari va tashkilotlarining  davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini tashkil qilish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish, davlat tilining amal qilishi bilan bogʻliq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek,  uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish boʻyicha takliflar tayyorlash kabi masalalar Departamentning asosiy vazifalari sifatida belgilab berildi.

 Ushbu Farmon ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2020 yil 20 yanvardagi 34-sonli Qarori bilan davlat boshqaruv organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari tuzilmalarida rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi hamda maqomiga koʻra rahbar oʻrinbosariga tenglashtirildi. 

 Endilikda ushbu tizim xodimlari oldida Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi hamda “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunlarning ijrosini taʼminlash masalasi ustuvor vazifa hisoblanadi.

 Joriy yilning 9 mart kuni Bosh vazir A.Aripov rahbarligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu boradagi kamchiliklar tilga olindi, respublika boʻyicha 300 dan ziyod qishloq va mahallalarning, 400 ga yaqin koʻchalarning  eski,  biror mantiqsiz, tushunarsiz nomlari haligacha saqlanib qolayotgani tanqid qilindi. Jamoat joylari, koʻchalar, binolar peshtoqida, turli lavha va reklamalarni koʻpincha boshqa tillarda yoki mantiqsiz aks ettirish holatlari  uchrayotganligi taʼkidlandi. Yangi tashkil qilingan Departament xodimlari oldiga bu boradagi ishlarni nazoratga olish, muvofiqlashtirish va muammolarni bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

 Bugungi kunda Urganch shahar hokimligi huzurida “Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha hududiy komissiya” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Endilikda ushbu komissiya oldida yangi koʻchalarni nomlash masalasi asosiy vazifalardan biridir. Xorazm viloyat Yer tuzish va koʻchmas mulk davlat kadastri tomonidan Urganch shahar filiali oldiga shahardagi koʻchalarni xatlovdan oʻtkazish, yangi koʻchalarni nomlash boʻyicha takliflarni tayyorlash vazifasi qoʻyildi. Bu ishga toponomiya sohasidagi olimlarni jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 Bugun bizning oldimizga oʻzbek tilining boy imkoniyatlaridan foydalanib, yurtimizda davlat tilini rivojlantirish masalasi ulugʻvor vazifa boʻlib turibdi. Zero, tilning sofligini asrash, uni kelgusi avlodlarga bor jozibasi bilan yetkazish – bizning burchimizdir.

Sayyora Samandarova,  Urganch shahar hokimining maslahatchisi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent   

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.