Prezident Shavkat Mirziyoyev koʻmir va uran ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi deya xabar beradi president.uz.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti va aholi oʻsishi bilan energiya quvvatlariga talab oshib bormoqda. Bu ehtiyojni taʼminlash uchun barcha manbalar qatori koʻmir qazib olish hajmi ham kengaytirilmoqda. Oxirgi besh yilda bu koʻrsatkich yiliga 4 million tonnadan 5 million 300 ming tonnaga oshirildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, yurtimiz hududida qariyb 2 milliard tonna koʻmir zaxiralari mavjud. Davlatimiz rahbari bu salohiyatdan samarali foydalanib, koʻmir qazib olish hajmini izchil oshirish vazifasini qoʻygan edi.
Taqdimotda shu borada qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Xususan, joriy yilda “Shargʻunkoʻmir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish loyihasi yakunlanadi. Buning evaziga yurtimizda yuqori sifatli koʻmir qazib olish quvvati 900 ming tonnagacha oshadi.
Prezidentimiz “Shargʻun” va “Boysun” konlarini oʻzlashtirish orqali yuqori sifatli koʻmir ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyati borligini koʻrsatib oʻtdi. Bu konlarga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.
Yurtimiz togʻ-kon sanoati rivojida yana bir muhim manba bu – uran. 2022 yil 14 iyulda “Navoiyuran” davlat korxonasida uran qazib olish hamda qayta ishlash hajmini oshirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilingan edi. Xususan, uni qazib chiqarishni 2030 yilgacha 2 barobarga oshirib, 7,1 ming tonnaga yetkazish choralari belgilangan.
Yigʻilishda ushbu chora-tadbirlar ijrosiga alohida eʼtibor qaratildi.
Fransiyaning “Orano Mining” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar boʻyicha maʼlumot berildi. Prezident ushbu hamkorlik doirasida uran qazib olish va qayta ishlash samaradorligini oshirish, qoʻshimcha yangi konlarni aniqlash boʻyicha loyihalarni jadallashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.